Kuyindi tizmasi
Kuyindi tizmasi — Qurama togʻlarining shimoli-gʻarbiy tarmogʻi. Namangan viloyatida. Shimoliy-gʻarbdan janubi-sharqqa yoʻnalgan. Oʻz. 12 km, eng baland joyi 2229 m. Kuyindi tizmasining janubi-sharqdagi davomi Sulyukatogʻ tizmasi (2334 m) deb ataladi. Ikkala tizma tutashgan joyda Kamchik dovoni bor. Kuyindi tizmasi Ohangaron daryosi havzasiga qarashli Kuyindi va Kamchiq soylarining suvayirgʻichidir. Kuyindi tizmasining shimoli-sharqiy yon bagʻri ancha tik va kambar, soylar bilan kuchli parchalangan. Suvayirgʻich qismida alp tipidagi relyef shakllari, baʼzan chogʻroq supasimon yassi sirtlar mavjud.
Kuyindi tizmasi quyi triasning qizilnura svitasi jinslaridan tashqil topgan. Yon bagʻri konglomerat, qumtosh, alevrolit, tuf qatlamlaridan tuzilgan, ular, oʻz navbatida, qalin kvarsli porfir qatlami bilan qoplangan. Quyi qismida toʻq boʻz, yuqoriroqda nisba-tan qalin jigarrang tuproqlar mavjud. Oʻt oʻsimliklardan, asosan, bugʻ-doyiq, daraxtlardan archa oʻsadi. Yozgi yaylov sifatida foydalaniladi, yaylovlar mahsuldorligi gektariga 5—6 s. Togʻyon bagʻridan Kamchiqdovoni (tun-nellari) yoʻli oʻtgan. Kelajakda Toshkent—Andijon—Irkishtom magistral avtomobil yoʻli toʻliq foydalanishga topshirilganidan soʻng qadimgi Buyuk Ipak yoʻli eng serqatnov yoʻlga aylanadi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |