Qalin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Qalin — nikoh toʻyi bilan bogʻliq odat, baʼzi joylarda "sut puli" ham deyiladi. Q.ning paydo boʻlishi matriarxatdan patriarxatga oʻtish davriga borib taqaladi. Bu davrda nikohdan soʻng kelinni yashash uchun kuyov xonadoniga olib ketish rusum boʻlgan. Dastlabki vaqtlarda kelin uchun umumiy tarzda uning urugʻiga, keyinchalik ota-onasi yoki qarindosh-urugʻiga biror sovgʻa berishgan. Q. sifatida kiyimkechak, oziq-ovqat, jonliq, qimmatbaho taqinchoqlar, molmulk va pul beriladi. Q. olish odatining paydo boʻlishi, birinchidan, qizning oʻz ota-onasi uyida oila uchun foyda keltiruvchi ishchi kuchi sifatida uning xizmatidan foydalanish imkoniyatining yoʻqotilganligi bilan, ikkinchidan boʻlajak kuyovning uyiga olib ketiladigan sep, asbob-anjom, mol-mulk bilan ham bogʻliqdir. Undan tashqari, Q. kuyovning barcha urugʻ-aymogʻidan toʻplab berilgani uchun ular kelin-kuyovning nikohini mustahkam boʻlishiga harakat qilganlar. Q. toʻlash hanuzgacha koʻpgina Sharq mamlakatlarida (Oʻrta Osiyo va Kavkazda) saqlanib qolgan. Keyingi yillarda Oʻzbekistonning baʼzi joylarida "sut puli" shaklida Q berish kuzatilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, nikoh toʻylarini tartibga solish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, Q. bilan bogʻliq muammolar ham oʻz yechimini topmoqda.