Joʻybor shayxlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Joʻyboriydan yoʻnaltirildi)

Joʻybor shayxlari (Joʻybor xojalari, Joʻyboriylar) — naqshbandiylik tariqatining Buxorodagi vakillari.

Ularning Joʻybor shayxlari nomini olishi Xoja Muhammad Islomning bobosi Xoja Muqammad Yahyo Buxorodagi Joʻybor degan yerga koʻchib kelishi bilan bogʻliqdir. Joʻybor shayxlari oʻzlarini islom dinini targʻib qilish uchun Makkadan Nishopurga, undan Buxoroga kelgan Imom Ali Murtazo avlodi deb hisoblaganlar. Joʻybor shayxlaridan Abu Bakr Saʼdga va uning avlodlariga Somoniylar davrida Buxoroning shayx ul-islomi degan mansab beriladi. Abu Bakr Saʼdning nevarasi Muhammad Islom Joʻybor shayxlarining iqtisodiy va siyosiy jihatdan katta nufuzga ega boʻlishida asosiy rol oʻynaydi. U 1550-yillarda Buxoro xonligidagidagi toju-taxt uchun boʻlgan kurashlarga aralashib, oʻz muridi Abdullaxon II ning taxtga chiqishiga yordam beradi. Bu davrga kelib Joʻybor shayxlariga Buxorodagi Sumiton qishlogʻi inʼom etiladi. Joʻybor shayxlarining ota-bobolari Buxorodagi Chor Bakr mozoriga qoʻyilganligi uchun XVI asrdan boshlab Joʻybor shayxlari bu joydagi qabrlar ustiga hashamatli maqbara qurib, ziyoratgohga aylantirishgan (qarang Chorbakr ansambli). Bu ziyoratgohlar katta vaqf yerlariga ega boʻlib, ularga Joʻybor shayxlari merosxoʻrlar tariqasida egalik qilishgan va bu yerlar Joʻybor shayxlari xoʻjaligining rivojlanishiga asos boʻlib xizmat qilgan. Katta lavozim, vaqf daromadlari va boshqalar tufayli Joʻybor shayxlari tez orada boyib ketadilar. Joʻybor shayxlari katta yer-mulkka, yuzlab qullarga, koʻplab chorva mollariga, sugʻorish inshootlariga, savdo korxonalariga ega boʻlganlar. Ularning savdo karvonlari XVI asrning 2-yarmidayoq xorij bilan savdo aloqalari olib borgan. Mustahkam iqtisodiy poydevorga ega boʻlgan Joʻybor shayxlari Buxoro xonligining siyosiy hayotida juda katta rol oʻynagan. Ingliz sayyohi A. Jenkinson 1559-yilda Buxoroda boʻlib, bu yerdagi ruhoniylarning rahbarlari boʻlgan Joʻybor shayxlari haqida shunday degan edi: "Buxoroda diniy rahbar bor. Unga qirolga nisbatan koʻproq quloq soladilar, u oʻz xohishi bilan qirolni oʻrnidan olib, boshqasini qoʻya oladi". Joʻybor shayxlari, XVII asrning 1-yarmida mamlakatda paydo boʻlgan qiyin siyosiy vaziyatdan soʻng oʻzlarining oldingi mavqeini yoʻqotganlar.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Hofiz Tanish al-Buxoriy, Abdullanoma, 1-j. T., 1999; Vyatkin V. V., Sheyxi Djuybari, „V. V. Bartoldu turkestanskiye druzya, ucheniki i pochitateli“ kitobida, T., 1927.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil