Chor Bakr

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Chor Bakr — Buxoroda yashab oʻtgan (9—10-asrlar) mashhur toʻrt shayx (Abu Bakr Saʻd, Abu Bakr Fazl, Abu Bakr Muhammad, Abu Bakr Tarxon), masavvufning yirik namoyandalari. Chor Bakrlarning ajdodlari paygʻambar Muhammad (sav)ning nabirasi Imom Husaynga borib taqaladi. Ular Ali avlodlaridan 4 imom boʻlgan Jaʼfar as-Sodiqning nevaralari hisoblangan.

Chor Baklar Buxoroda vafot etgan va shahar yaqinidagi Sumitan mavzeida dafn etilgan. Ularning qabrlari ustida Abdullaxon II (16-asr) davrida hashamatli maqbara va boshqa meʼmoriy inshootlar qurilgan (qarang Chor Bakr meʼmoriy majmuasi).

Chor Bakrlar shajarasidan 16-asrda Joʻybor xojalari nomi bilan mashhur boʻlgan naqshbandiya tariqatining yirik shayxlari (qarang Xoja Muhammad Islom, Xoja Saʼduddin) yetishib chiqqan. Buxorolik shoir Toshpoʻlat Ahmad Chor Bakrlar faoliyati haqida "Chor Bakr" (1999) dostonini yozgan.

Abu Bakr Saʼd[tahrir]

Abu Bakr Axmad ibn Xoja Saʼd Yamaniy (9-asr oxiri — 971?) — Buxoroda tugʻilgan. Uning otasi Xoja Saʼd Yamaniy imom Husaynning Zaynulobidin ismli oʻgʻlining farzandi boʻlib, u Buxoroga Ali ibn al-Husayn bilan birgalikda kelib ketgan (9-asrning soʻnggi choragi). Narshaxiyning yozishicha, Somoniylar amiri Ismoil Somoniy unga Buxoro yaqinidagi Joʻyi Moʻliyon mavzeidagi serhosil yerlarning katta qismini vaqf qilib bergan. Xoja Saʼd Buxoro atrofidagi Sumitan qishlogʻida chorbogʻ, bogʻ, sardoba, tegirmon, hovuz va boshqa binolar barpo etib, bu yerdan katta daromad olgan. Abu Bakr Saʼd va uning avlodlari somoniylar davrida Buxoroda shayxulislomlik qilishgan. Abu Bakr Saʼd otasi vafot etgach, uning oʻrniga Ismoil Somoniyning piri hisoblangan. U fikh maktabini tashkil etib, koʻplab ulamolarga ustozlik qilgan.

Abu Bakr Fazl[tahrir]

Abu Bakr Muhammad ibn Fazl ibn Jaʼfar al-Buxoriy (9-asrning 2yarmi — 937?) — Imom Jaʼfar as-Sodiq avlodidan. Somoniylar davrida Buxoroga kelib qolgan. Uning "Musnadi Fazl" kitobi ayniqsa mashhur boʻlib, bu asar Chingizxon Buxoroni bosib olganda yondirib yuborilgan.

Abu Bakr Muhammad[tahrir]

Abu Bakr Muhammad ibn Hamid (9-asrning 2yarmi — 937?) — Unga "shayx ul olam" unvoni berilgan. U Abu Bakr Fazl bilan bir yilda vafot etgan va ikkalasining qabrlari xam bir joyda yonmayon joylashgan.

Abu Bakr Tarxon[tahrir]

Imom Abu Bakr Tarxon (9-asrning 2yarmi — 945?) — "Kitobi Mullazoda" asarida yozilishicha, u "Jomeʼ va musnad" kitobini yozgan.

Adabiyot[tahrir]

  • Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966; Gafurova L.G., Kitobi Mullazade, T., 1992; Husenov S, Rajabova I., Chor Bakr, T., 2001; Yoʻldoshev N., Qurbonov H., Buxoro shahri va uning atrofidagi ziyoratgohlar tarixi, Buxoro, 2001.

Qahramon Rajabov.