Xoja Muxammad Islom Ibn Xoja Ahmad

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Xoja Muxammad Islom Ibn Xoja Ahmad, Faxriddin Xoja Muhammad Islom, Xoja Islom Joʻyboriy (1493 —Buxoro—1563.15.9) — Joʻybor xojalarining mashhur namoyandasi, Buxoro shayx ulislomi. Buxoro xonlari Ubaydullaxon va Abdullaxon II ning piri. X.M.I. yoshligidan naqshbandiya tariqati asoslarini puxta oʻrgangan. Maxdumi Aʼzam unga ustozlik qilgan. X.M.I. keyinchalik naqshbandiylik tariqatini keng targʻib qilgani uchun "Piri Shastiy" unvoniga ham sazovor boʻlgan. X.M.I. yoshligidan davlat va siyosat ishlariga faol aralashgan. Buxoro hokimi Ubaydulla sulton saroyida xizmatda boʻlgan.

X.M.I. Abdullaxon II ning markazlashgan davlat tuzish yoʻlidagi qattiqqoʻl siyosatini qoʻllab quvvatlagan. Buxoro xonligidagina emas, balki butun musulmon Sharqida uning nufuzi baland boʻlgan. Hindiston, Eron, Koshgʻar, Badaxshon hukmdorlari u bilan xat yozishib turishgan. Movarounnaxrdagi siyosiy jarayonlarda Maxdumi Aʼzam vafoti (1542)dan soʻng markaziy siymo (yirik diniy ulamo) sifatida asosiy rol oʻynagan. Abdullaxon II Balx hokimi Pirmuhammadxon taklifini qabul qilib, Buxorodagi hokimligini Balxdagi hokimlikka almashmoqchi boʻlganida X.M.I. Abdullaxon II bilan uchrashib, uni bu yanglish qaroridan qaytaradi (1561).

Buxoro xonligida shu davrda qurilgan koʻplab meʼmoriy obidalar (masjidlar, madrasalar, hammomlar, sardobalar, ustaxonalar, savdo rastalari va kanallar, xonaqoh va boshqalar) otaoʻgʻil: X.M.I. va Xoja Saʼduddin nomlari bilan bogʻliqdir. X.M.I.ning Gavkushon va Joʻybor madrasalarida 8 ming jildlik ulkan kutubxonasi boʻlgan. U saxovatli va muruvvatli inson boʻlgani uchun Buxoro xalqi tomonidan "Qutbul gʻavs" ("Madadkor qutb"), yaʼni avliyo deb eʼzozlangan.