Joʻybor shayxlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Joʻybor Shayxlaridan yoʻnaltirildi)

Joʻybor shayxlari (Joʻybor xojalari, Joʻyboriylar) — naqshbandiylik tariqatining Buxorodagi vakillari.

Ularning Joʻybor shayxlari nomini olishi Xoja Muhammad Islomning bobosi Xoja Muqammad Yahyo Buxorodagi Joʻybor degan yerga koʻchib kelishi bilan bogʻliqdir. Joʻybor shayxlari oʻzlarini islom dinini targʻib qilish uchun Makkadan Nishopurga, undan Buxoroga kelgan Imom Ali Murtazo avlodi deb hisoblaganlar. Joʻybor shayxlaridan Abu Bakr Saʼdga va uning avlodlariga Somoniylar davrida Buxoroning shayx ul-islomi degan mansab beriladi. Abu Bakr Saʼdning nevarasi Muhammad Islom Joʻybor shayxlarining iqtisodiy va siyosiy jihatdan katta nufuzga ega boʻlishida asosiy rol oʻynaydi. U 1550-yillarda Buxoro xonligidagidagi toju-taxt uchun boʻlgan kurashlarga aralashib, oʻz muridi Abdullaxon II ning taxtga chiqishiga yordam beradi. Bu davrga kelib Joʻybor shayxlariga Buxorodagi Sumiton qishlogʻi inʼom etiladi. Joʻybor shayxlarining ota-bobolari Buxorodagi Chor Bakr mozoriga qoʻyilganligi uchun XVI asrdan boshlab Joʻybor shayxlari bu joydagi qabrlar ustiga hashamatli maqbara qurib, ziyoratgohga aylantirishgan (qarang Chorbakr ansambli). Bu ziyoratgohlar katta vaqf yerlariga ega boʻlib, ularga Joʻybor shayxlari merosxoʻrlar tariqasida egalik qilishgan va bu yerlar Joʻybor shayxlari xoʻjaligining rivojlanishiga asos boʻlib xizmat qilgan. Katta lavozim, vaqf daromadlari va boshqalar tufayli Joʻybor shayxlari tez orada boyib ketadilar. Joʻybor shayxlari katta yer-mulkka, yuzlab qullarga, koʻplab chorva mollariga, sugʻorish inshootlariga, savdo korxonalariga ega boʻlganlar. Ularning savdo karvonlari XVI asrning 2-yarmidayoq xorij bilan savdo aloqalari olib borgan. Mustahkam iqtisodiy poydevorga ega boʻlgan Joʻybor shayxlari Buxoro xonligining siyosiy hayotida juda katta rol oʻynagan. Ingliz sayyohi A. Jenkinson 1559-yilda Buxoroda boʻlib, bu yerdagi ruhoniylarning rahbarlari boʻlgan Joʻybor shayxlari haqida shunday degan edi: "Buxoroda diniy rahbar bor. Unga qirolga nisbatan koʻproq quloq soladilar, u oʻz xohishi bilan qirolni oʻrnidan olib, boshqasini qoʻya oladi". Joʻybor shayxlari, XVII asrning 1-yarmida mamlakatda paydo boʻlgan qiyin siyosiy vaziyatdan soʻng oʻzlarining oldingi mavqeini yoʻqotganlar.

Jo'ybor xo'jalar arxivi[tahrir | manbasini tahrirlash]

XVI asrga doir,Buxoro xonligining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotini o‘rganishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar to‘plamidir59. Aniqrog‘i, yirik yer-suv va mol-mulk egasi bo‘lgan Xo’ja Muhammad Islom va Xo’ja Sa’d (ko‘pincha Xo’ja Kalon nomi bilan mashhur)laning katta yerlari va xo‘jaligi va uning jamiyatda egallagan o‘rni va ro’lini ko‘rsatib beruvchi hujjatlar to‘plami hisoblanadi. To‘plamga kirgan hujjatlarning forscha matni, rus tarjimasi bilan qo‘shib, O‘zbekiston tarixining katta olimlaridan P.P.Ivanov (1893-1942)ning izlanishlari bilan 1938-1954-yillarda ikki kitob qilib Sankt-Peterburgda nashr qilingan.To‘plam Jo‘yboriy xo’jalardan Xo’ja Sa’d (1531/32-1589)ning mol-mulkiga oid 288 hujjatni (yer-suv, do‘kon, hammom, karvonsaroy, tegirmon, oshxona va boshqa daromad keltiruvchi mulkning oldi-sottisiga oid vasiqalar) o‘z ichiga oladi. Ma’lumki, Jo‘ybor shayxlari o‘z davrida katta mol-mulkka ega bo‘lgan boy kishilardan edilar. Masalan;, Xo’ja Muhammad Sa’dning 2 ming juft gov (100 ming tanob) yeri, 25 ming qo‘yi, 1000 bosh tuyasi, 1,5 ming oti, yirik shaharlarda ko‘pdan-ko‘p do‘konlari, timlari, tegirmon, hammom, moyjuvoz va boshqa turdagi ishlab chiqarish va savdo korxonalari bo‘lgan. Shunga yarasha daromadi ham katta bo‘lgan.[1]


Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Hofiz Tanish al-Buxoriy, Abdullanoma, 1-j. T., 1999; Vyatkin V. V., Sheyxi Djuybari, „V. V. Bartoldu turkestanskiye druzya, ucheniki i pochitateli“ kitobida, T., 1927.[2]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Qodirov, Zikrullo. Joybor xojalari, 2021 — 99 bet. 
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil