Kontent qismiga oʻtish

Gulistan Orazimbetova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gulistan Orazimbetova
Tavalludi 1974-yil 30-aprel
Xo‘jayli tumani
Kasbi kimyo fani o‘qituvchisi
Ish joylari Andijon mashinasozlik instituti
Ilmiy darajasi texnika fanlari doktori (DsG)

Gulistan Orazimbetova Jaksilikovna (1974-yil, Xoʻjayli tumani, Qoraqalpogʻiston ASSR) – oʻzbekistonlik olima, texnika fanlari doktori (DSc), (2020). Andijon mashinasozlik instituti Materialshunoslik va yangi materiallar kafedrasi professori.

Tarjimai holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gulistan Orazimbetova 1974-yil 30-aprelda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Xoʻjayli tumanida oʻqituvchilar oilasida tugʻilgan. 1992-yilda Qoraqalpoq davlat universitetini Kimyo, kimyo oʻqituvchisi mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. Oʻzbekiston Ekologik partiyasi aʼzosi.

Orazimbetova ilk mehnat faoliyatini 1990-yilda Shoʻmanay tumani FX buxgalteriya hisobini yurituvchiligidan boshlagan. 1997-1998-yillarda Oʻzbekiston futbol assotsiyatsiyasi tasarrufidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi futbol Akademiyasi kimyo fani oʻqituvchisi, 1998-2001-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpoq boʻlimi Tabiiy Fanlar kompleksi instituti aspiranti va 2001-2004-yillarda mazkur institutda kichik ilmiy xodim, 2004-2016-yillarda Nukus davlat pedagogika instituti Kimyoni oʻqitish metodikasi kafedrasi dotsenti boʻlib faoliyat yuritgan.

2017-2019-yillarda Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti qoshidagi „Strom“ ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi va sinov markazi doktoranti, 2020-2021-yillarda Umumiy va noorganik kimyo instituti "Silikatlar kimyosi va kimyoviy texnologiyasi laboratoriyasi katta ilmiy xodimi, 2022-yildan yetakchi ilmiy xodim lavozimlarida ishlagan.

2022-yildan buyon Andijon mashinasozlik instituti Materialshunoslik va yangi materiallar kafedrasi professori lavozimida mehnat qilib kelmoqda.

2005-yilda Hindiston Nyu-Dehli shahrida ITEC Indian Technical and Economic Cooperation dasturi boʻyicha National Institute of Information Technology (NIIT) ingliz tili va kompyuter texnologiyasi „Proficiency in English Language and IT-Skills“ kursga qatnashgan va maxsus sertifikat bilan taqdirlangan.

2019-yilda Islom taraqqiyot banki (IsDB) BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida toʻrtinchi marta Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan (SDG) „Transformers Roadshow“ tanlovida „Qoraqalpogʻiston xomashyo materiallari asosida sement ishlab chiqarish samaradorligini oshirish“ [1] mavzusidagi loyiha bilan ishtirok etib, gʻolib deb topilgan.

2019-yil dekabr oyida Senegal Respublikasi, Dakar shahrida (Afrika) boʻlib oʻtgan Islom Taraqqiyot Bankining IsDBning Transformerlar Sammitida ishtirok etgan.

2018 va 2020-yillarda „Oʻzbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi“ Respublika tanlovida „Qoraqalpogʻistonning xom ashyo materiallari asosida portlandsement olish texnologiyasini ishlab chiqish va oʻzlashtirish“ mavzusidagi innovatsion loyiha bilan ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan.

2012-yilda „Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi aʼlochisi“ koʻkrak nishoni hamda 2021-yilda "Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30-yilligi" esdalik nishoni bilan mukofotlangan.

Ilmiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Guliston Orazimbetova 2020-yilning 4-dekabr kuni Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.02/30.12.2019.K/T.35.01 raqamli Bir martalik Ilmiy kengashda „Qoraqalpogʻiston xomashyo resurslari asosida portlandsement klinkerini olish texnologiyasini ishlab chiqish“[2] mavzusidagi doktorlik dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qilib, texnika fanlari doktori ilmiy darajasiga ega boʻldi[3].

Olib borilgan ilmiy izlanishlari natijalari asosida shu kungacha 200 dan ortiq ilmiy maqola [4] [5] va maʼruza tezislari nufuzli mahalliy va xorijiy nashrlarda chop etilgan.

2024-yilda MDX davlatlari orasida boʻlib oʻtgan BOBEK Umummilliy tashabbusi doirasida „Luchshiy Issledovatel 2024“ tanlovi gʻolibi.