Foydalanuvchi:Musilmankaa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Geografiyasi

Fargʻona vodiysida turli geologik davrlarda neft, koʻmir, tabiiy gaz, gips, temir, mis rudalari, simob, ohaktosh, ryx, oltingugurt, mum, tuz, polimetall rudalar, surma, mineral suv kabi foydali qazilmalar hosil boʻlgan.

Fargʻona vodiysi yer yuzasi tuzilishini bir necha pogʻona (zona)ga boʻlish mumkin. Relyefining birinchi pogʻonasi soylikning markaziy qismini va Sirdaryoning hozirgi oʻzanigacha boʻlgan 300-400 m balandlikdagi yerlarni egallagan. Bu hududda 200 km masofadagi nishablik sharq, janubi-sharq va janubidan gʻarbga tomon 80 m ga teng. Dengiz yotqiziqlari ustida akkumulyativ jinslar, keyingi davrlarning koʻl yotqiziqlari, shamol olib kelgan jinslar keng tarqalgan. Bu pogʻonada shoʻrxoklar, koʻllarning oʻrni, qumli tepaliklar uchraydi.

Soylikning ikkinchi pogʻonasi daryo va soylarning keng yoyilmalarini egallagan toshshagʻalli maydonlardan iborat (400-600 m). Toʻrtlamchi davr allyuvial yotqiziqlari keng tarqalgan boʻlib, ular soylik atrofini halqa kabi oʻrab olgan.

Relyefning uchinchi pogʻonasini balandligi 600-1200 m boʻlgan adirlar zonasi tashkil qiladi. Fargʻona vodiysi yuzasi janubdan oʻrab turgan Konibodom, Shoʻrsuv, Rishton, Chimyon, Avval, Muyan adirlari toshshagʻallardan iborat yotqiziqlardan, Navkat va sharqiy adirlari lyoss va lyosslashgan gil jinslardan tuzilgan, katta-katta qoyasimon jarliklar, qulamalar ushbu hudud relyefi uchun xosdir. Shimoliy Fargʻonadagi Namangan, Chuyet, Pop adirlarining janubiy yonbagʻirlari Sirdaryo vodiysi tomon zinapoyasimon pasaygan. Adirlar ortidagi tekisliklar allyuvial jinslar bilan qoplangan. Vodiyni oʻrab turgan togʻlar ana shu akkumulyativ tekisliklardan boshlanadi.