Gʻanijon Toshmatov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Gʻanijon Toshmatov (1913.27.6, Asaka — 1994.14.2, Toshkent) — sozanda (gʻijjak), bastakor. Oʻzbekiston xalq artisti (1973). Sozandalikni dastlab otasi T. Shomatov, akalari Karimsher, Abdulla va Muhammadalilar, keyinchalik S. Siddiqovdan, kuy bastalashni T. Jalilovdan oʻrgangan. Toshkent konservatoriyasining tayyorlov kursida oʻqigan (1947—49). T. dastlab mohir sozanda sifatida tanilgan. Andijon (1932—34), Fargʻona musiqali teatrlarida sozanda va musiqa rahbari (1934—39), Muqimiy teatri (1939— 46), Oʻzbekiston radioqoʻmitasi xalq cholgʻu asboblari orkestrida sozandakonsertmeyster (1946—67) va rahbar (1949—53) boʻlib ishlagan. "Ushshoq", "Segoh", "Nasri Segoh", "Dugoh", "Fargʻona Buzrugi", "Surnay Buzrugi", "Chapandozi Bayot" kabi oʻnlab maqom yoʻllari, "Yalang davron", "Nisor", "Munojot", "Tanavor", "Tong otguncha" kabi xalq kuylarini, oʻzi bastalagan "Kezarman", "Guljamol" va boshqa murakkab asarlarni ijro etgan. T. Oʻzbekiston radiosida Uygʻur ansambli (1967—78), Oʻzbek xalq etnografik ansambli (1978—79), "Dutorchi qizlar ansambli"ning tashkilotchisi va badiiy rahbari (1979—94, 1996 yildan T. nomida), "Maqom" ansambli badiiy rahbari (1987—88) boʻlib, oʻzbek mumtoz musiqasi rivojiga katta hissa qoʻshgan. T. unutilib ketgan koʻplab ashula, yalla, laparlarni tiklab, konsert dasturlarini boyitgan. Bastakorlikni Fargʻona teatrida boshlagan. "Layli va Majnun" (1935), "Farhod va Shirin" (1936) kabi spektakllarga uning kuylari kiritilgan. Keyinchalik B. Zeydman bilan hamkorlikda "Qari qiz" (T. Toʻla librettosi, 1965) musiqali dramasini yaratgan. Ijodida oʻzbek va uygʻur xalqlari musiqa merosi anʼanalarini uygʻunlashtirib, 400 ga yaqin asar (asosan, qoʻshiq, yalla, cholgʻu kuy va ashula)larida oʻziga xos qurama uslub yaratishga muvaffaq boʻlgan. "Istadim", "Ey, begim", "Qora zulfing" (Navoiy sheʼrlari), "Hayhay sanam", "Uldiroyin dermisan" (Mashrab), "Menga nomehribon boʻldi" (Huvaydo), "Dedimki" (Bedil) kabi ashulalari keng tarqalgan. Uygʻur ansabli uchun kuy va qoʻshiqlar ("Uygʻur qizlari" va boshqalar), "Andijon sanami" nomli 3 qismli vokalraqs syuita yaratgan. Uygʻur 12 muqomini tiklashda faol qatnashgan. T. 1930-yillardan Yusufjon qiziq, J. Sultonov va boshqalar bilan askiya janrining ustalaridan boʻlib, uning ommaviylashuviga hissa qoʻshgan. T. ijrolari Oʻzbekiston radio va televideniyesi fono va videojamgʻarmalariga, gramplastinkaga yozilgan. "Oʻzbektelefilm" studiyasida T. ijodiga bagʻishlantan film yaratilgan (1991).