Chil Avliyo minorasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Chil (Chilla) avliyo minorasi
Joylashuvi Xiva, Xorazm viloyati
Koordinatalar 41°22′35″N 60°20′58″E / 41.376396090722494°N 60.34938646175351°E / 41.376396090722494; 60.34938646175351 G OKoordinatalari: 41°22′35″N 60°20′58″E / 41.376396090722494°N 60.34938646175351°E / 41.376396090722494; 60.34938646175351 G O
Turi minora
Arxitektura uslubi Xorazm meʼmorchiligi
Asos solinishi XIX asr
Qarovchi Xorazm viloyati Madaniy meros boshqarmasi
Balandligi 17 metr
Qurilish materiali pishiq gʻisht
Map
Chil (Chilla) avliyo minorasi xaritada

Chil (Chilla) avliyo minorasi – Xorazm viloyati, Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. XIX asrda qurilgan minora[1]. Minora Qirq avliyo masjidi (bugungi kunda saqlanmagan) yonida barpo etilgan. Hozirda Xiva shahridagi Kaltaminor mahalla fuqarolar yigʻini, Rahmat Majidiy koʻchasida joylashgan. Xorazm viloyati madaniy meros boshqarmasi tasarufida. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[2]. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, XX asr boshlarida Xivadagi har bir masjid va madrasa yonida minora qurilgan. Tadqiqotlarlar orqali minoralarning oʻsha davrda saksonga yaqin boʻlganligini bilish mumkin. Bugungi kunda faqatgina oʻn toʻrtta yoki oʻn ikkita minoralar saqlanib qolgan[3]. Ulardan biri Chil Avliyo minorasidir.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chilla Avliyo minorasi XIX asrda, yaʼni 1888-yilda Dishan qalʼa yaqinida qurilgan[4][5]. Minora Chilli Avliyo madrasasi yonida, Yoqubov koʻchasi bilan kesishgan joyda joylashgan. Minora yonida mahalla masjidi va tahoratxona ham mavjud boʻlgan[6]. Sovet hukumati davrida qurilish materiallariga boʻlgan ehtiyoj va talab hamda aholi uy-joylarini barpo etish maqsadida yaroqsiz holatga tushib qolgan masjid va tahoratxona binolari toʻliq tarzda buzib tashlangan. Minora pishiq gʻishtdan qurilgan, minoraning balandligi 17 metr (baʼzi manbalarda 12 metr), diametri 3,5 metrni (ayrim manbalarda 3,7 metr) tashkil qiladi[5][6]. Minoraning balandligini yer ostki qismidagi devori bilan hisoblansa 20 metrni tashkil qilgan[4]. Minora fonusining tepasi qubbali qilib qurilgan[1]. Minora toʻrt ravoqli boʻlib, ichki teshiklari mavjud. Tanasiga oq va koʻk koshindan belbogʻ qilingan. Giʻshtlarning oʻlchami 25x25x5 sm, gʻisht terishda ganch qorishmasidan foydalanilgan. Minoraning ichki qismidan pastdan yuqoriga aylanma yoʻlak (zina) orqali chiqilgan. Yuqori qismida muazzin azon aytib, mahalliy aholini namozga chaqirgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]