Belbogʻ

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

BELBOGʻ, chorsi, qiyiqcha — belga bogʻlanadigan toʻrtburchak shakldagi mato, milliy kiyimning tarkibiy qismi. Turkistonda erkaklar kiyimi (toʻn, yaktak va boshqalar) ustidan belga bogʻlanadi, baʼzan ikki va undan ortiq B. bogʻlab yurish odati bor. Gulli, gulsiz matolar (boʻz, las, shoyi, atlas va boshqalar)dan tayyorlanib kashta bilan bezatiladi. B. bogʻlash qadimdan mavjud boʻlgan, kishilar uchun zeb, milliy urfodat tusiga aylangan. Marosimlarda, jumladan toʻyda kuyovga tun kiydirib B. bogʻlanadi. Erkaklar, ayollar ham yaqin kishilaridan biri vafot etganda B. bogʻlashadi. Yoshlar bezakli, rangdor B., qariyalar esa oq matodan tikilgan sidirgʻa B. bogʻlaydilar. B. asosiy vazifasidan tashkari boshqa vazifalarni ham oʻtagan: orasiga maydachuyda narsalar solib bogʻlangan; uzoq safarlarda dasturxon yoki sochiq vazifasini oʻtagan, joynamoz vazifasini ham bajargan.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil