Butuntirnoq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

ButuntirnoqXorazm ayollarining ziynat buyumi, chakkaga taqiladigan taqinchogʻi, tumor. Asosini 5 burchakli yirik shakldagi gʻilofdon tashkil etadi. Yon tomonlari ensiz, ikki yuzasi butunlay qoplab naqshlangan, uchburchak shaklidagi yuqori qismi panjarali, zigʻiraklar bilan boyitiladi. Mujassamot markazida atrofi feruza koʻzlar halqasi yoki zigʻiraklar bilan oʻralgan rangli shisha yoki gardishga oʻrnatilgan tosh joylashtirilgan, ba’zan eng qad.larida uchburchak uchiga jigʻa oʻrnatish uchun naychasi boʻlgan. Tilla yoki tilla suvi yugurtirilgan kumushdan ishlangan murabba shaklidagi quyi qismi bosma usulida nafis bezatilgan, naqsh mayin va ifodali boʻlib, nursoya jilvasini hosil qiladi. Markaz va toʻrt burchaklarida feruza koʻzlar qadalgan qubbalar oʻrnatilgan. Uchburchak asosidan boshlab yon tomonlari va tagi an’anaviy shokilalar bilan oʻralgan. Kadimdan himoya qudratiga ega degan tushunchani ifodalovchi B.ning asosiy qismi (hayvon va kush tirnoqlari yoki tuyoq va shoxdan kesib olingan qism) shokilalar ostida koʻrinmaydi, ba’zan unga bir tutam soch ham qoʻshilgan. B.ning tirnoq shaklidagi kichik xili paydo boʻlganidan beri bosh kiyim, kiyimga tikilgan, beshikka osilgan.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil