Bibishak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bibishak ("bibi" va "shoh" suzlaridan)—Sharq, jumladan, oʻzbek ayollarining bezak buyumi; odatda, ayollarning bosh kiyimi (durra)ga—yakka holda peshona oʻrtasiga, juft holda ikki chakkaga, ansambl holida yirik shaklda peshona va chakkalarga taqiladi. B.ning "mohi tilla", "ot tuyogʻi" va boshqa mahalliy atamalari bor. Buxoro, Samarqand va boshqa joylarda qadimdan urf boʻlgan. B. ikki uchi yuqoriga qayrilgan yarim oy shaklida boʻlib, oʻrtasiga romb yoki gʻuncha shakli joylashtiriladi yoki baʼzan kush gajaksimon koʻrinishga ega boʻladi; qadimda, shuningdek markaziy gʻuncha yonida turgan qoʻshaloq qush koʻrinishidagi shakl ham uchraydi. Unga tagidan shokilalar qatori osiladi; yuqorisida uchta kalta halqa zanjir oʻzaro ilmoq (toʻgʻnogʻich)ga birlashtiriladi, uning yordamida taqinchoq bosh kiyimga mustahkamlanadi. B. ikki xil usulda tayyorlanadi: yupqa tilla yoki tilla suvi yugurtirilgan kumush yaproqchaga bosma usulida handasiy naqshlar ishlanadi, koʻzlar qadaladi, shuningdek shabaka usulida panjarali ishlanib, teshiklari feruza koʻzlar bilan toʻldiriladi. Shokilalar dur, laʼl, shisha va boshqa marjon koʻzli qilib yasaladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil