Beylerbeyi masjidi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Masjid
Beylerbeyi masjidi
turkcha: Beylerbeyi Camii
Beylerbeyi masjidi
Mamlakat  Turkiya
Istanbul Beylerbeyi
Koordinatalar 41°02′42.3″N 29°02′44.8″E / 41.045083°N 29.045778°E / 41.045083; 29.045778 G OKoordinatalari: 41°02′42.3″N 29°02′44.8″E / 41.045083°N 29.045778°E / 41.045083; 29.045778 G O
Yoʻnalishi sunniy
Masjid turi Masjid
Meʼmoriy uslub Usmonli meʼmorchiligi barokko uslubi
Binokorlik 1777–1778 (ilk qurilish)—1820–1821 (taʼmirlash)
Gumbaz yoʻgʻonligi 14.5 m
Minoralar soni 2
Qurilish materiali tosh, marmar

Beylerbeyi masjidi (turkcha: Beylerbeyi Camii) – Hamid i-Evvel masjidi (turkcha: Hamid-i Evvel Camii) nomi bilan ham tanilgan[1] Turkiyaning Istanbul shahri Beylerbeyi mahallasida joylashgan masjid. Inshoot ilk marotaba 1777–1778-yillarda Usmonlilar imperiyasi sultoni Abdulhamid I tomonidan bunyod etilgan, keyinroq sulton Mahmud II tomonidan 1820–1821-yillarda binoga ayrim oʻzgarishlar kiritilgan[2].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sulton Abdulhamid I (1774–1789) 1777–1778-yillarda Beylerbeyi masjidiga ayrim oʻzgartirishlar kiritgan. Bino qurilishidan koʻp vaqt oʻtmay, sulton Emirgan masjidini qurdirgan (1781–1782), ikkala masjid ham Istanbulning chekka qismida, Bosfor sohilida joylashgan[2][3]. Abdulhamid I davrida Istanbulga koʻplab xorijlik meʼmorlar va rassomlar tashrif buyurgan, shu sababdan ham Usmonli meʼmorchiligining barokko uslubi yanada mustahkamlanib borgan[4]. Ayrim manbalarda masjid meʼmori oʻsha paytdagi imperiyaning bosh meʼmori Mehmed Tohir[4] deb koʻrsatilsa, boshqa manbalarda Edirneli Agop ogʻa boʻlishi mumkinligi taxmin qilingan[5]. Inshoot Topkapi saroyining imperator zali taʼmirlanayotgan paytda qurilgan, shu sababdan ham saroy zalining bezagi Beylerbeyi masjidining ichki bezaklarini eslatadi[2]. Beylerbeyi masjidi sulton Abdulhamidning onasi Rabia Kadınga (Ahmed III ning xotini) bagʻishlab[3] oʻsha paytda buzib tashlangan Istavroz saroyi oʻrnida bunyod etilgan[2].

Beylerbeyi masjidi keyinchalik Mahmud II (1808–1839) tomonidan 1820–1821-yillarda taʼmirlanib, ayrim oʻzgartirishlar kiritilgan[3][2]. Doğan Kuban keltirgan maʼlumotlarga koʻra, masjid bugungi koʻrinishga keltirilishida Mahmud II buyrugʻiga koʻra olib borilgan taʼmirlash ishlari sabab boʻlgan, majmuaning baʼzi elementlari ampir uslubida yaratilgan. Masjid ilk marotaba qurilgan vaqtda faqat bitta minoraga ega boʻlgan, bino gumbazi yogʻochdan ishlangan boʻlsa, keyinchalik Mahmud II davrida amalga oshirilgan taʼmirlash ishlari natijasida ikkita simmetrik minora qurdirilgan. Masjidning qurilish rejasida imperator xonasi (yoki uning bir qismi) mavjud boʻlgan, biroq Doğan Kuban binoning ushbu qismi Mahmud II tomonidan oʻzgartirilgan boʻlishi mumkin deb hisoblagan[3]. Olim Unver Rüstem Usmonli barokko meʼmorchiligi boʻyicha olib borgan soʻnggi tadqiqotlarida ushbu imperator pavilonini asl masjidning bir qismi sifatida keltirib oʻtgan[2].

Arxitekturasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Usmonli meʼmorchiligi tarixida Beylerbeyi masjidi suvga qaratib qurilganligi bilan ajralib turadi. Istanbulda joylashgan baʼzi masjidlar ilgari dengiz boʻyida qurilgan boʻlsa-da, Beylerbeyi masjidi asosiy fasadi qirgʻoqqa qarata qurilgan birinchi masjid hisoblanadi[4][2]. Sulton Bosfor boʻyidagi saroylaridan birida istiqomat qilganida masjid uning namozgohi boʻlib xizmat qilishi koʻzda tutilgan[4]. Aksariyat imperatorlik masjidlari singari, Beylerbeyi masjidida ham hammom, boshlangʻich maktab, ikkita favvora va shu kabi obyektlar mavjud boʻlgan. Mahmud II tomonidan kiritilgan oʻzgartirishlar davrida vaqtni koʻrsatib turuvchi xona va yana bir favvora qurdirilgan[3][2].

Masjid namozxonasi anʼanaviy ravishda bitta gumbazdan iborat. Masjidning eng innovatsion qismi uning old fasadi boʻlib, anʼanaviy hovli yoki kirish ayvoni oʻrnini egallagan keng, ikki qavatli pavilonning qurilish uslubi oʻziga xos taʼsirga ega. Bino qurilishida qoʻllanilgan bunday uslubdan keyinchalik masjidlarning yon yoki orqa tomoniga biriktirilgan imperator pavilonlarida ham foydalanilgan, lekin hozirda binoning ushbu qismi koʻproq turar-joy vazifasini oʻtaydi va shu bilan masjid koʻrinishining ajralmas qismiga aylanadi. Ushbu yangi konfiguratsiya keyinchalik Usmonli masjidlari dizaynida ham koʻp bora takrorlangan[2][4].

Masjid bosh gumbazining diametri 14,5 metrni tashkil qiladi[3]. Bino zaliga kirish qismida U shaklidagi galereya joylashgan[3]. Galereyaning tepa qismida barokko uslubida qurilgan hünkâr mahfili (masjid namozxonasi ichidagi inshoot boʻlib, sulton, qirol oilasi va yuqori martabali davlat amaldorlari tomonidan ibodat qilish uchun foydalaniladi) joylashgan boʻlib, uning orqa devorida XIX asrga tegishli manzara tasviri mavjud[2]. Kirish galereyasi sulton Mahmud I hukmronligi (1730–1754-yillar) davrida bunyod etilgan yodgorliklarga taqlid qiluvchi korinf orderiga oʻxshash marmar ustunlar bilan taʼminlangan[2]. Masjidning marmardan yasalgan mehrobi toʻrtburchak shaklda boʻlib, yarim gumbaz bilan qoplangan hamda uning yon tomon burchaklarida marmar ustunlar joylashgan[3][2]. Bugungi kundagi masjidning ichki bezaklari binoning asl qurilishiga mos kelmasligi mumkin. Inshootning ichki qismida boʻyoqdan ishlangan bezaklar, mahalliy va chet eldan keltirilgan koshinlar, jumladan, XVI–XVII asrlarda qoʻllanilgan Iznik hamda Kütahya koshinlaridan iborat[3][2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Beylerbeyi/Hamid-i Evvel Camiisi (Beylerbeyi/Hamid-i Evvel Mosque)“ (en). howtoistanbul.com. Qaraldi: 2022-yil 1-aprel.
  2. 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 2,11 2,12 Rüstem 2019.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 3,7 3,8 Kuban 2010.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 Goodwin 1971.
  5. Hüttler, Michael. Ottoman Empire and European Theatre Vol. I: The Age of Mozart and Selim III (1756-1808) (de). Hollitzer Wissenschaftsverlag, 2013-06-15. ISBN 978-3-99012-067-5. 

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]