Anas ibn Molik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Molik ibn Anas ibn Molik ibn Abu Omir ibn Amr ibn al-Horis Abu Abdulloh al-Asbahiy al-Madaniy — Dorul-hijratning imomi va faqihi hisoblanadi. Molik ibn Anas 93 hijriy sanada Madinai Munavvarada dunyoga keldilar. Al-Asbahiy nasablari Yamanning al-Asbah qabilasidandir. Imom Molik tabaʼ-tobeʼiynlardan boʻlib, oʻz davrlarining buyuk ilm sohiblaridan biri, muhaddis va Molikiy mazhabining imomi edilar. Imom Shofeʼiy u kishi haqida shunday deydilar: «Molik tobeʼiynlardan keyin Alloh taoloning xalqiga hujjatidir». Imom Nasaiy Imom Molikning hadis ilmidagi oʻrinlari va fazllari haqida shunday deydilar: «Men uchun hadis ilmida Molikdan koʻra bilimdon, hurmatli, ishonchli, amin va zaʼiflardan kam rivoyat qilgan boshqa kishi yoʻqdir». Imom Shofeʼiy: «Agar Molik va Ibn Uyayna boʻlmaganda edi, Hijozning ilmi yoʻqolib ketgan boʻlardi»-deydilar. Shuningdek: «Agar ulamolar esga olib oʻtilsa, Molik yulduzdirlar»-deydilar. Ibn Mahdiy: Molik al-Hakam va Hammoddan faqihroqdir"-dedilar. Imom Molik xalifa Abu Jaʼfr al-Mansurning taklifi bilan Islom taʼlimotlarini musulmonlarga tushuntiruvchi kitob yozadilar va uni «al-Muvattoʻ» (osonlashtirilgan) deb atadilar. Xalifa al-Mansur hamma musulmonlarni shu kitob boʻyicha ish tutishga buyurmoqchi boʻlganlarida, Imom Molik rozilik bermaydilar. Bu kitob qirq yil mobaynida toʻplangan hadislarni oʻz ichiga olib, uni mingga yaqin kishi rivoyat qilgan. Bu rivoyatlar oʻttizta boʻlib, shundan yigirmatasi mashhur. Yahyo ibn Yahyo al-Laysiy al-Andalusiy al-Muvattoʻ"ni vasflab: «U hadis va fiqh kitobidir, unga teng keladigan boshqasini bilmayman»-deydilar. Imom Shofeʼiy: «Er yuzida ilmda „al-Muvattoʻ“dan toʻgʻriroq kitob yoʻq»-deydilar. Imom Molik Naʼiym al-Mujmir, Zayd ibn Aslam, Abul Zinod, Saʼid al-Maqburiy, Hamiyd at-Toviyl, Xuzayfa as-Sihamiy al-Ansoriylardan rivoyat qilganlar. Ammo, Imom Molikdan rivoyat qilganlar koʻp boʻlib, u kishining ustozlari az-Zuhriy va Yahyo ibn Saʼiyd, asrdosh ulamo sheriklaridan al-Avzoʻiy, as-Savriy, Sufyon ibn Uyayna, al-Lays ibn Saʼd, Ibn Jurayj, Shu’ba ibn Hajjoj, ash-Shofeʼiy, Ibn al-Qatton va Abu Ishoq al-Fazariylar shular shumlasidandir. Imom Molik buyuk taqvo sohibi edilar. Agar hadis aytmoqchi boʻlsalar, tahorat olib, oʻrinlariga viqor bilan joylashib olib keyin hadis aytishni boshlar edilar. U kishiga shu haqda aytishganlarida: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini ulugʻlashni yaxshi koʻraman shuning uchun tahoratdan xotirim jam boʻlgandagina hadis aytaman» deb javob qilgan ekanlar. Shuning kabi yoʻlda ketayotib, tik turib yoki shoshilib turgan hollarida hadis aytishni yomon koʻrar edilar. Yoshlari ulugʻ boʻlib, zaiflashib qolganlarida ham Madinai Munavarada ot yoki tuya minmagan, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jussalari dafn etilgan shaharda ot yoki tuya minmayman», degan ekanlar. Imom Molik muhaddisgina boʻlib qolmay, buyuk faqih, Molikiy mazhabining imomi edilar. U kishining mazhablari Islom olamida keng yoyilgan boʻlib, Shofeʼiy va Hanbaliy mazhablarining asosi hisoblanadi. Molikiy mazhabi hozirda, asosan shimoliy gʻarbiy Afrika davlatlarida keng tarqalgan. Imom Molik Islom davlatining eng katta ilm markazlarining biri boʻlgan «Doru us-Sunna» — Madinai Munavvarada yashaganliklari sababli hadis talab qilib boshqa yurtlarga safar qilmaganlar, balki, hadis talabida Madinaga kelgan ulamolar bilan uchrashib hadis almashar edilar. Imom Molik butun umrlari davomida hech qanday qoʻzgʻalon fitnalarga aralashmaganlariga qaramay, xalifa Abu Jaʼfar al-Mansur davrida — yaʼni 146 yilda u kishining boshlariga musibat tushadi: darra bilan kaltaklanadilar va qoʻllarini tortib kuraklarini chiqarib yuboriladi. Buning sababi Imom Molik rivoyat qilgan «Mustakrah (majburlangan)ga taloq yoʻq» hadisining Muhammad ibn Abdulloh ibn Hasan an-Nafs az-Zakiya Madinai Munavvarada qoʻzgʻolon qilib chiqqan paytida baʼzi bir kuchlar tomonidan fina uchun qoʻllanilgan va bu hadisi sharif Abu Jaʼfar al-Mansurga qilingan bay’at notoʻgʻri ekanligini bildirilganligidadir. Chunki xalifa al-Mansur taloq sharti bilan musulmonlardan bay’at olardi. Imom Molik ibn Anas 179 hijriy sanada vafot etadilar.[1]

Manbalar[tahrir]

Andoza:Sahoba-stub