Abu-d-Dardo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Uvaymir ibn Omir ibn Molik ibn Zayd ibn Qays ibn Umayya al-Xazrajiy al-Ansoriy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 652-yil (hijriy 32-yil)
Dini Islom
Ota-onasi
  • Omir ibn Molik Zayd ibn Qays ibn Umayya (otasi)
  • Bint Voqid ibn Amr ibn Itnoba (onasi)
Tanilgan sohasi sahoba

Abu-d-Dardo (arabcha: أبو الدرداء — Uvaymir ibn Omir ibn Molik ibn Zayd ibn Qays ibn Umayya al-Xazrajiy al-Ansoriy Madinada tugʻilib, 652-yil (hijriy 32-yil)da Damashqda vafot etgan) — sahoba.

Xazraj qabilasidan. Abu-d-Dardo kunyasi bilan tanilgan. Otasi — Omir ibn Molik Zayd ibn Qays ibn Umayya. Onasi — Bint Voqid ibn Amr ibn Itnoba.

Musulmon boʻlishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu-d-Dardo ansoriylardan oxirgi bo‘lib musulmon bo‘lgan. Abu-d-Dardo Islom dinini qabul qilishidan oldin sig‘inadigan but-sanamlarini ehtiyot qilar edi. Musulmon bo‘lishiga sababchi bo‘lgan do‘sti Abdulloh ibn Ravoha bir kuni o‘sha butlarini sindirib ketadi. Bunga guvoh bo‘lgan Abu-d-Dardo do‘stidan jahli chiqadi. Biroq birozdan so‘ng tafakkur qilib o‘ziga: „Agar butning biror karomati bo‘lsa edi, o‘zini himoya qilardi“ deydi va Payg‘ambarning huzurlariga borib, Islomni qabul qiladi. Bu voqea hijratning ikkinchi yili sodir bo‘lgan. Payg‘ambar u bilan Salmon Forsiy, boshqa rivoyatga ko‘ra, Avf ibn Molik orasida qardoshlik bog‘ini bog‘laganlar.

Janglardagi ishtiroki[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu-d-Dardo Payg‘ambar bilan birga Uhud va boshqa g‘azotlarda ishtirok etgan. Payg‘ambar hayotlik chog‘larida Qur’oni karimni yod olib, Ul Zotga o‘qib bergan. Abu Bakr as-Siddiq xalifaligining oxirgi vaqtlarida boshlangan Yarmuk jangida qatnashgan. Bu jangda u qo‘shin qozisi bo‘lgan va bu vazifa Islom tarixida ilk marotaba Abu-d-Dardo bilan boshlangan. Abu Bakr as-Siddiqdan keyingi ikki xalifa davrlarida ham bu vazifa unga yuklatilgan.

Qozilik faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Umarning xalifalik davrida Madinada boshqa baʼzi sahobalar bilan birga qozilik qilgan. Abu-d-Dardo Umardan Qur’on va sunnatni o‘rgatish maqsadida Shomga ketish uchun izn so‘raganida, u Shomda amirlik vazifasini ado qilishini taklif etadi, biroq Abu-d-Dardo bu vazifani qabul qilmagani manbalarda zikr qilingan. Boshqa bir rivoyatda, Shom voliysi Yazid ibn Abu Sufyon xalifadan Qur’on va fiqhdan muallim so‘raganida, Umar Abu-d-Dardoni ikki kishi bilan birga Shomga yuborgani keltirilgan. Avval Himsga, so‘ng Damashqqa kelgan Abu-d-Dardo, Muoviya Shom voliysi bo‘lib turganida Umarning buyrug‘i bilan Damashqqa ilk qozi sifatida tayinlanadi. Xalifa Umar Damashqdagi holatni o‘rganish uchun kelganida, uni uyiga borib zohidona hayot kechirayotganiga guvoh bo‘lgan.

Abu-d-Dardo ham Umar, ham Usmon davrlarida Qur’on taʼlimi bilan mashg‘ul bo‘lgan. Ko‘plab shaxslar undan qiroat ilmini o‘rganganlar. Muoviyaning Shom voliyligi asnosida boshqa baʼzi sahobalar bilan birga Qibris fathida qatnashgani ham maʼlum.

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu-d-Dardoning Ummud-Dardo kunyali sahoba va tobeʼin ikki xotini bo‘lgan. Tobeʼin Ummud-Dardo Qur’on tilovatida katta mahorat egasi bo‘lgan. Abu-d-Dardoning Bilol va Yazid ismli ikki o‘g‘li va Dardo va Nasiba ismli ikki qizi bo‘lgan. Bulardan Bilol umaviylar davrida Damashq qozisi vazifasida faoliyat olib borgan.

Ibodati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Islomdan avval tijorat bilan mashg‘ul bo‘lgan Abu-d-Dardo doimo oxirat hisobi va Alloh rizosini o‘ylagan. Islomni qabul qilgan vaqtlari ayoliga parvo qilmaslik darajasida ibodatga berilgan. Bir kuni Salmon Forsiy Abu-d-Dardoni ziyorat qilish uchun uyiga borganida Abu-d-Dardoning xotini unga do‘stidan shikoyat qilib: „Birodaringiz Abu-d-Dardoning dunyo ishlariga eʼtibori yo‘q“, deydi. Salmon Forsiy Abu-d-Dardoga Islom dini bu holatga izn bermasligini aytib, uni bu borada haddan oshishdan qaytaradi. Abu-d-Dardoning ibodati ko‘proq tafakkur va ibrat olish tarzida bo‘lgan. Payg‘ambar uni „ummatimning eng obidi va eng muttaqiysi“, „bu ummatning hokimi“ kabi iboralar bilan tilga olganlari rivoyat qilingan.

Targʻibi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dunyoning o‘tkinchi matohlariga berilmagan Abu-d-Dardo qizi Dardoga uylanish istagida bo‘lgan Yazid ibn Muoviyaga rozilik bermay, uni faqir musulmon yigitga nikohlagan. Bilganlarini so‘zlashdan qaytmagan, xalqni yaxshilik qilishga, oxirat haqida fikrlashga, yetimlarni boshini silashga, qullarni ozod qilishga, Allohni zikr qilishga, tavozeʼli bo‘lishga, nazarni to‘q qilishga, zulm qilishdan qochishga chaqirar edi. Kishilarni bilganlariga amal qilish, dinni mahkam ushlashga targ‘ib qilgan.

Qurʼon tilovati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu-d-Dardo Qur’on ilmida mohir bo‘lib, „Damashq qorisi“, deb tilga olinadi. Qur’onni ko‘p tilovat qilar va o‘qitar edi. Ilm talabidagilarni guruhlarga bo‘lib, ularga bir rahbar tayinlardi. Guruh rahbari talabalar bilan shug‘ullanar, o‘zi esa darsni kuzatar edi. Maʼlum bir darajaga yetgan talabalar qiroatlarini unga o‘qib berardilar. Abu-d-Dardoning qiroat halqalari baʼzan 1500 dan ortiq kishigacha yetgan. Undan arz yo‘li bilan Qur’on o‘rganganlar orasida kichik xotini Ummud-Dardo, Atiyya ibn Qays al-Kilobiy, Xolid ibn Maʼdon va qozi Suvayd ibn Abdulazizlar bo‘lgan. Shuningdek, mashhur yetti qiroat imomlaridan Ibn Omir ham undan dars olgan.

Hadislari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shuningdek, u tafsir, fiqh va hadis ilmlarida ham sahobalarning peshvolaridan bo‘lgan. Ko‘p yillar davomida faoliyat olib borgan qozilik vazifasida daʼvo bilan kelganlarga talabchanlik qilar, ularni diqqat bilan tinglar edi. Uning bu talabchanlik sifati hadis rivoyatida ham ko‘rinadi. Abu-d-Dardodan hadis o‘rganish maqsadida turli o‘lkalardan kelganlarga hadisni boshqa lafz bilan aytib qo‘ygan bo‘lishi mumkinligini aytib „hadis shu maʼnoda“, yoki „shunga o‘xshash shaklda“, deb aytar edi.

Abu-d-Dardo rivoyat qilgan hadislarning soni 179 ta bo‘lib, Anas ibn Molik, Abdulloh ibn Amr ibn al-Oss, Abdulloh ibn Abbos kabi sahobalar bilan birga xotini Ummud-Dardo, o‘g‘li Bilol, Jubayr ibn Nufayr, Abu Idris al-Xavloniy, Saʼid ibn Musayyab kabi tobeʼinlar undan hadis rivoyat qilganlar.

Iqtiboslar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu-d-Dardoning go‘zal so‘zlaridan baʼzilari quyidagilar:

Banda Allohga ibodat bilan mashg‘ul bo‘lsa, Alloh u bandani sevadi hamda yaratganlariga ham sevdiradi.

Iymonning cho‘qqisi boshga tushgan ishlarga sabr, taqdirga rozilik, samimiy bir tavakkul va Allohga bo‘yin egishdir.

Bir soat tafakkur, butun bir kecha nafl ibodat qilishdan afzaldir.

Bilmaganga bir, bilib amal qilmaganga yetti kara afsus-nadomat bo‘lsin.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu-d-Dardo to vafot etguniga qadar Damashq ahliga Qur’on karimni va Payg‘ambar hadislarini o‘rgatib, ularga zarur hayotiy eslatmalar va nasihatlar qilib yashaydi. O‘lim to‘shagida yotganida u kishining safdoshlari undan: „Nimadan shikoyatingiz bor?“, deb so‘raydilar. Abu-d-Dardo: „Gunohlardan“ — deydi. „Nimani xohlaysiz“ deganlarida, „Alloh taoloning kechirishini xohlayman“ deb javob qiladi. So‘ngra yonlaridagi kishilarga: „Menga La ilaha illalloh, Muhammadun Rasulullohni talqin qilib turinglar“ deydi. Jon taslim qilguncha kalimai shahodatni aytib vafot etadi.

Abu-d-Dardo baʼzi rivoyatlarda ko‘ra, 651-yil (hijriy 31-yil)da Damashqda vafot etgan va „Bob as-sag‘ir“ qabristoniga dafn qilingan. Turkiya Diyonat vaqfining „Islom ensiklopediyasi“dagi maʼlumotga ko‘ra, 1938-yilda Muoviya ibn Abu Sufyon qabridan 20 metr janubi-g‘arbda Abu-d-Dardoga, yana biri Ummud-Dardoga oid ikki qabr toshi topilgan. Kufiy xati bila yozilgan va hozirda al-Mathaf al-Vataniy (Damashq Milliy muzeyi)da saqlanayotgan ushbu toshlarning X—XI asrga mansubligi aytilmoqda. Abu-d-Dardo Usmon xalifalik davrida Iskandariyada vafot etgani haqida ham manbalarda maʼlumot berilgan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt. II, 336;
  2. Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. VII, 76-77;
  3. Ibn Abu Hotim. Al-Jarh va-t-taʼdӣl. VII, 26-28;
  4. Ibn Abdulbar. Al-Istӣ’āb. III, 15-18;
  5. Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. IV, 318-320;
  6. Ibn Manzur. Muxtasar tarӣx Dimashq. XX, 10-43;
  7. Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. I, 24-25;
  8. Ibn Hajar. Al-Isāba. III, 45-46;
  9. Abdullah Aydinli. „Ebü’d-Derdâ“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 310-311;
  10. Islom. Ensiklopediya. — T.: „O‘zME DIN“, 2017. 21;
  11. S. Primov. „Abu Dardo“. Islomshunoslik qomusiy lug‘at. — T.: „Movarounnahr“, 2013. 32;
  12. 101 ulug‘ sahobiy. (mualliflar guruhi). — T.: „Toshkent Islom universiteti“ nashriyot-matbaa birlashmasi, 2018. 158-161.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. https://azon.uz/content/views/sahobalar-hayotidan-abu-dardo (Wayback Machine saytida 2023-01-31 sanasida arxivlangan);
  2. https://islamweb.net/ar/library;
  3. http://islam.ru/content/person/42022.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.