Abdulqays

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulqays
Bani Abdulqays
Dini Islom
Boshqa nomlari

Abdiy Qaysiy

Abdulqaysiy

Abqasiy

Abdulqays (arabcha: بنو عبد القيس — Bani Abdulqays) — Payg‘ambar davrida Islomni qabul qilgan qabila.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kelib chiqishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qabila otasi Abdulqaysning nasabi Adnonda Payg‘ambarning nasablari bilan birlashadi. Ushbu qabila Abdiy, Qaysiy, Abdulqaysiy va Abqasiy deb ham ataladi. Abduluzzo qabilasi avval Tihomada yashagan. Keyinchalik Bahrayn va Oʻmon mintaqalarining sohil va markaziy hududlariga tarqalib, baʼzilari ko‘chmanchi, baʼzilari doimiy ravishda Bakr ibn Voil, Tamim va Kinda qabilalari orasida yashay boshlaganlar. O‘sha davrlarda janubiy Eronga ko‘p bor bosqinchilik qilishgan. Shopur II hukmdor bo‘lgach, ularni jazolashga kirishadi. U qo‘shin tortib Arabiston va Shomning anchagina hududini vayron qiladi, Abdulqays qabilasiga mansub ko‘pgina odamni qatl ettiradi. Ular Islomning ilk davrida mintaqadagi bosh­qa arab qabilalari, eronlik majusiylar, oz sonli nasroniy va yahudiylar bilan birga sosoniylar hokimiyati ostida yashaganlar. Qabilaning baʼzi vakillari Mushaqqarda Zul-labo nomli butga sig‘inar, baʼzilari esa, nasroniylik diniga eʼtiqod qilardi. Bahrayn aholisining ko‘pchiligi mazkur qabilaga mansub edi.

Paygʻambar bilan uchrashuv[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulqaysning Payg‘ambar bilan uchrashuvi va musulmon bo‘lishlari haqidagi maʼlumotlar anchagina chalkashdir. Bahrayn qatori Furot sohillaridan Arabistonning markaziga qadar kirib borgan ushbu qabila vakillari ishonch­li rivoyatga ko‘ra, Uhud jangi asnosida bir karvonga qo‘shilib Madina shahriga boradi va Payg‘ambar bilan ilk bor uchrashadilar. Keyinroq ayrim Abdulqaysliklar Bani Mustaliq g‘azoti vaqtida Payg‘ambar bilan uchrashib Islomni qabul qiladilar. Payg‘ambarning taklifiga binoan 629-yil ushbu qabilaning yigirmata vakili Madinaga keladi. Peshonasida chuqur jarohat izi bois al-Ashajj nomi bilan mashhur bo‘lgan Abdulloh ibn Avf rahbarligidagi mazkur hay’at Ramla bint Horisning uyida o‘n kun mehmon bo‘lib, Payg‘ambarni yaqindan tanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ular Qur’oni karim va Islom dini asoslarini o‘rganadilar. Nubuvvatdan oldin Mushaqqar va Dabo savdo-sotiq ishlarida ishtirok etgan hamda mintaqani va u yerdagi odamlarni yaxshi tanigan Payg‘ambar hay’at aʼzolari bilan qiziqdi. Yuzi xunuk bo‘lgan Ashajjga: „Senda Alloh taolo yaxshi ko‘rgan ikki xislat — hilm va hayo bor“, deb iltifot ko‘rsatadi[1]. Payg‘ambar, shuningdek, sahobalarni hay’at aʼzolariga hadyalar ulashishga tashviq qiladi. Qabilaga namoz o‘qish, zakot berish, ramazon oyida ro‘za tutish va tushgan o‘ljalardan beshdan bir qismini baytulmolga ajratishni buyuradi, johiliyat davrida sharob uchun ishlatilgan tuproq va daraxtdan yasalgan idishlarni boshqa ichimliklar uchun ishlatishni man qiladi. Imom al-Buxoriy rivoyat qilgan hadisga ko‘ra, Masjid an-Nabaviydan keyin juma namozi o‘qilishi uchun ruxsat berilgan ikkinchi masjid abdulqaysliklar yashagan Juvoso shahridagi masjiddir[2]. Soliqlar va boshqa mavzularga doir Payg‘ambar tomonidan ushbu qabilaga yuborilgan ayrim maktublar bugungi kunimizga qadar yetib kelgan.

Isyonlarga qarshi kurashlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Payg‘ambar vafotidan ke­yin ro‘y bergan irtidod (dindan qaytish) hodisalari vaqtida Abdulqays Islomda sobit qolib, murtadlarga qarshi kurashgan. O‘monning Dabo shahridagi dindan qaytgan Loqit ibn Molik va uning tarafdorlarini mag‘lubiyatga uchratganlar. Xususan, Mahra va Yamandagi isyonlarni bostirishda faol ishtirok etganlar. Umar xalifaligi davrida fath yurishlarida qatnashadilar. Ularning, ayniqsa, sosoniylar ustidan erishilgan g‘alabalarda hissalari beqiyosdir. Fathlardan keyin ko‘pchiliklari Tavvaj, Basra, Kufa, Mosul, Isfahon va Marvga ko‘chib boradilar. Abdulqaysliklar Jamal va Siffiyn voqealarida asosan Aliga tarafdorlik qiladilar. Ushbu qabiladan bo‘lgan Saʼsaa ibn Suhonning Muoviyaga muxolifati, shuningdek, Abdulloh ibn Jorudning kufalik hamda basralik­larga bosh bo‘lib Hajjojga isyon qilishi va Hajjoj tomonidan qatl qilinishi haqidagi rivoyatlar manbalarda keng va batafsil zikr qilingan.

Sifatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulqaysliklar chiroyli nutq so‘zlashlari va jasurliklari bilan mashhur bo‘lganlar. Ibn an-Nadimning qayd qilishicha, Abu Ubayda Maʼmar ibn Musannoning „Kitāb xabar Abdi-l-Qays“ asari ushbu qabila haqida yozilgan mustaqil asar bo‘lish bilan birga muhim manba ham sanaladi[3].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ibn Hishom. As-Sӣra. — Qohira: 1955. II, 575-576;
  2. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1968. I, 283, 314-315; IV, 360-362; V, 557-566; VII. 85-88, 131-134;
  3. Ibn Qutayba. Al-Maʼārif. — Qohira: 1960. 338-339;
  4. Al-Balozuriy. Futӯh al-buldān. — Qohira: 1956-60. I, 95, 104;
  5. Al-Balozuriy. Ansāb al-ashrāf. — Bayrut: 1979. IV/1, 102-103;
  6. At-Tabariy. Tarӣx. — Leyden: 1879-1901. I, 1736-1737, 1958-1961, 1979-1980, 1995-1996;
  7. Ibn an-Nadim. Al-Fihrist. — Tehron: 1971. 59;
  8. As-Sam’oniy. Al-Ansāb. — Damashq: 1976. VIII, 355-364;
  9. Yoqut. Mu’jam. — Bayrut: 1966. I, 346-349; II, 174-175;
  10. Kahhola. Mu’jam qabāil al-’arab. — Bayrut: 1982. II, 726-727;
  11. Muhammad Hamidulloh. Al-Vasāiq as-siyāsiyya. — Bayrut: „Dor an-nafois“, 1969. 126-127;
  12. Muhammad Hamidulloh. „İslâm Peygamberi“. — İstanbul: 1980. I, 63, 409, 410-411, 433-440;
  13. W. Caskel, „Abd al-Kays“. EI2 (Fr.). I, 74-76;
  14. Mustafa Fayda. „Abdülkays (Benî Abdülkays)“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 248-249.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Imom Muslim. „Ӣmān“ — 25, 26 bet. 
  2. Al-Buxoriy. „Mag‘āzӣ“ — 69 bet. 
  3. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.