Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik (O‘zbekiston)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik
Umumiy statistikalar
Onalar oʻlimi (har 100,000 kishiga) 29 nafar (2017)[1]
Hukumatdagi ayollar 33 % (2021)[2]
25 yoshdan oshgan oʻrta maʼlumotli ayollar 64.8 % (2017)[3]
Ish kuchidagi ayollar 39.44 % (2021)[4]
Mahalliy gender tengligi indeksi (2019-yil)
Qiymat 0.288/1[5]
Daraja 62-oʻrin (162ta
davlat ichra)[6]
Global gender tenglik indeksi[7].
Qiymat 0.1475 (2014)
Daraja 52-oʻrin (IHTTga
aʼzo boʻlmagan
86 davlatdan
tashqari)

Oʻzbekistonda ayollarga nisbatan zoʻravonlik — Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi har qanday ayol jinsiga mansub shaxsga nisbatan ruhiy, jismoniy, jinsiy va boshqa koʻrinishlarda amalga oshiriluvchi jinoyatlar toʻplami. Bu kabi jinoiy hodisalar, asosan, erkak jinsiga mansub shaxs tomonidan ayol jinsiga taalluqli sherigiga nisbatan amalga oshirilgan zoʻravonlik holatlari, jumladan, kaltaklash, psixologik zo‘ravonlik, oilaviy zo‘rlash, qotillik, jinsiy tajovuz va taʼqiblar, shuningdek, zoʻrlash, zo‘ravonlik bilan jinsiy aloqada bo‘lish, istalmagan jinsiy oqibatlar, bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik, majburiy nikoh, koʻcha bezoriligi, taʼqib qilish, cyberbullying kabi tazyiqlar taʼsirida xotin-qizlar huquqlarining poymol qilinishi orqali namoyon boʻladi[8].

Oʻzbekistonda 2021-yilning birinchi yarmi davomida qariyb 18 ming nafar ayol tazyiqqa uchragani aniqlangan. Ulardan 9 ming nafari ruhiy zo‘ravonlik qurboni boʻlgan. Ushbu koʻrsatkich 2020-yilning mos davriga nisbatan 2,5 baravar, yoki 5 ming nafarga koʻp miqdorni keltirib chiqaradi. Ushbu masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi xotin-qizlar jamoatchilik kengashi hamda Gender tengligi masalalari bo‘yicha komissiyaning kengaytirilgan yigʻilishda Senat raisi Tanzila Norboyeva alohida taʼkidlab oʻtgan[9].

Respublikada ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish maqsadida 2019-yilning 2-sentabr sanasida amal qilish muddatini boshlagan OʻRQ-561-sonli „Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish“ toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni rasman eʼlon qilingan[10].

Yuzaga kelish sabablari[tahrir | manbasini tahrirlash]

UNICEFning Kommunikatsiya va jamoatchilik aloqalari boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan ayollarga nisbatan zo‘ravonlik muammosiga eʼtibor berish hamda xotin-qizlarning zoʻravonlik qurboniga aylanishining sabablari toʻgʻrisida va Oʻzbekiston yoshlari ushbu holatga qanday munosabatda ekanliklarini aniqlash maqsadida soʻrovnoma oʻtkazgan[11]. Ushbu soʻrovnomada butun respublika boʻylab 8900 dan ortiq respondent ishtirok etgan. Ularning 37 % ayollar boʻlgan.

Shuningdek, 2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Parlamenti — Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili hisoblangan ombudsman matbuot xizmati eʼlon qilgan hisobotda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari koʻrsatkichlari respublikada yildan yilga oshib borayotganligi taʼkidlangan. Hisobotda shunday deyiladi:

2021-yilning 15-apreliga qadar Ombudsman nomiga xotin-qizlar tomonidan 20ga yaqin jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik, ruhiy tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyati Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Ularga nisbatan zo‘ravonlik aks etgan raqamlar aslida bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Bunga sabab esa o‘zbek ayollarining andisha qilib ko‘p holda zo‘ravonliklarga ko‘z yumishidir

Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi boshchiligida hamda BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) koʻmagida Reabilitasiya va moslashtirish respublika markazi[12] tomonidan aholi oʻrtasida maxsus onlayn-anonim soʻrovnoma oʻtkazilgandir.[13]. Oʻtkazilgan soʻrovnomada ovoz bergan respondentlarning 42 foizi ayollar oʻzlari va farzandlarini boqa olmasligidan qoʻrqib zoʻravonlikka chidashlarini, shuningdek 38 foiz ayollar boshqalar tomonidan muhokama (gap-soʻz) boʻlishdan qoʻrqib zoʻravonlikka koʻz yumishlari kabi sabablarni keltirishgan[13].

Zoʻravonlik harakatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston hukumati Birlashgan Millatlar Tashkiloti eʼlon qilgan „Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida Konvensiya“ — CEDAW (1979—1981) hujjatini 1995-yilning 18-avgust sanasida ratifikatsiya qilgan[14]. Oʻtgan shuncha vaqt davomida ayollar huquqlarini toptash holatlari tez-tez uchrab turmoqda. 2021-yilning yanvar-aprel oylari oraligʻida ichki ishlar organlariga ayollarga nisbatan zoʻravonlik va tazyiq oʻtkazish holatlari boʻyicha umumhisobda 11 070 ta murojaat kelib tushgan[15].

Murojaatlarning 2 772 tasi 18—30 yosh oraligʻida boʻlgan, 93 tasi esa voyaga yetmagan shaxslar tomonidan kelib tushgan. Zoʻravonlik holatlarining eng katta qismi — 9 973tasi oiladagi zoʻravonlik holatlariga toʻgri keladi. Murojaat qilgan xotin-qizlarning 5 209 nafari ruhiy, 3 813 nafari jismoniy, 166 nafari iqtisodiy, 44 nafari jinsiy zoʻravonlik, shuningdek, 1 838 nafari zulm va tazyiq oʻtkazishlarga uchraganini bildirib oʻtishgan[13]. Ayollarga nisbatan zoʻravonlik jinoyati turli xil koʻrinishlarda namoyon boʻladi. Jumladan, oilada, jismoniy, ruhiy, jinsiy zoʻravonlik hamda tahqirlash va tazyiq oʻtkazish kabi jinoyatlar tez-tez uchrab turadi.

Oilada[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Respublikasi hududida 2021-yilda xotin-qizlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarning (ular soni 39 343 ta) jami 87 % (34 330 tasi) ulushi, aynan, oilalarda sodir etilayotgan jinoyatlar miqdorini tashkil etgan[16][17]. Kelib tushgan murojaatlarning barchasiga himoya orderlari rasmiylashtirib berilgan. Ushbu orderlarning 378 tasi voyaga yetmagan, 9861 tasi balogʻat yoshiga yetgan (18−30 yosh), 29104 tasi 30 yoshdan katta boʻlgan xotin-qizlarga taqdim etilgan[18]. Himoya orderlar berilgan ayollarning 26667 tasi turmush o‘rtoq, 1559 tasi qaynona, 1128 tasi kelin sifatida qayd etilgan.

Mamlakat aholisi oiladagi zoʻravonlik holatlarini oila aʼzolari tomonidan bir shaxsga iqtisodiy, ruhiy, jismoniy yoki jinsiy zoʻravonlikni amalga oshirish yoki amalga oshirish bilan tahdid qilish sifatida tushunishadi. Oiladaga zoʻravonliklar, asosan, zoʻravonlik qurbonini ayblash, yaʼni, asl ayb zoʻravonlikka duchor boʻlgan shaxsda boʻlganini aytish, psixologik bosim oʻtkazish, uyaltirish koʻrinishlarida yuzaga keladi. Markaziy Osiyo xalqlarida uyaltirish va kamsitish holatlari mazkur xalqlar madaniyatining bir qismi boʻlib ulgurgan[19].

Jismoniy zoʻravonlik[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonda ayollarga nisbatan jismoniy zoʻravonlik holatlari ularga nisbatan ogʻirligi turli darajadagi tan jarohatlari yetkazish, xavf ostida qoldirish, zo‘ravonlik xususiyatiga ega boshqa huquqbuzarliklar sodir etish, turli xil yoʻllar orqali taʼsir oʻtkazish bilan tahdid qilish orqali xotin-qizlarning hayotlari, sogʻliq va erkinliklarini hamda qonun bilan himoya qilinuvchi boshqa huquqlariga tajovuz qiluvchi zoʻravonlik shaklidir[20].

Ruhiy zoʻravonlik[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ayollarga nisbatan zoʻravonliklar turkumidan oʻrin olgan yana bir jinoyat turi bu ruhiy zoʻravonlikdir. Ayol jinsiga mansub shaxsning huquqlarini poymol qiluvchi ushbu jinoyat ayol jinsiga mansub shaxslarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning sha’nini, qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek, xotin-qizlarning xohish-irodasini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalanajak zoʻravonlik shakli hisoblanadi[20].

Jinsiy zoʻravonlik[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ayol jinsiga mansub kishining nomusiga tajovvuz qilish, uning istagiga ters ravishda u bilan jinsiy aloqa qilish, shuningdek, jinsiy daxlsizlik qonunlarini toptash hamda jinsiy erkinlik huquqlarini poymol etuvchi zoʻravonlik shakli sifatida tavsiflanadi[20].

Zoʻravonlik holatlari (viloyatlar kesimida)[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xotin-qizlarga nisbatan jinoyatchilik va huquqbuzarlik bo'yicha murojaat turlariga qarab tushgan ma'lumotlar (2021-yil, yanvar-mart):

  Ruhiy zoʻravonlik (47%)
  Jismoniy zoʻravonlik (34%)
  Tazyiq (17%)
  Iqtisodiy zoʻravonlik (1.5%)
  Jinsiy zoʻravonlik (0.5%)

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligining 2021-yil yanvar-mart oylari boʻyicha ayollarga nisbatan zoʻravonlik holatlarini oʻrganish borasida olib borgan tahlil natijalari[21]:

Hudud Jismoniy zoʻravonlik Ruhiy zoʻravonlik Iqtisodiy zoʻravonlik Jinsiy zoʻravonlik Zulm va tazyiq Himoya orderlar soni
Andijon viloyati 556 ta ? ? 4 ta ? 995 ta
Buxoro viloyati ? ? ? ? ? 606 ta
Fargʻona viloyati 412 ta ? ? ? 587 ta 1294 ta
Jizzax viloyati ? ? ? 3 ta ? 569 ta
Namangan viloyati ? ? ? ? 391 ta 491 ta
Navoiy viloyati ? ? 13 ta 9ta ? 480 ta
Qashqadaryo viloyati 548 ta 668 ta ? 2 ta ? 1270 ta
Qoraqalogʻiston Res. 959 ta ? ? ? ? 973 ta
Samarqand viloyati ? ? 100 ta 4 ta ? 688 ta
Sirdaryo viloyati 540 ta ? ? 4 ta ? 841 ta
Surxondaryo viloyati ? ? 12 ta 6 ta ? 667 ta
Toshkent viloyati/Toshkent shahri ? ? 13 ta 10 ta ? 1531 ta (816/715)
Xorazm viloyati ? ? ? 1 ta 260 ta 665 ta

Ayollarga nistaban zoʻravonlikka qarshi qabul qilingan qonunlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Reabilitatsiya markazi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi, Toshkent, Oʻzbekiston

2021-yilning 19-may sanasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-5116-sonli qaroriga binoan[22] Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi qoshida „Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi“ va uning hududiy boʻlimlari tashkil etildi[23]. Ushbu markaz oʻz tarkibiga quyidagicha vazifalarni qamrab oladi[24]:

  • Zoʻravonlikdan jabr koʻrgan, oʻz joniga suiqasd qilgan yoki oʻz joniga qasd qilishga moyilligi boʻlgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va shu kabi yordamlar koʻrsatish;
  • Ogʻir ijtimoiy ahvolda boʻlgan, jumladan oilaviy muammolar va turmushida zoʻrlik qurboni boʻlgan ayollar huquqlarining kafolatlanishiga koʻmak berish;
  • Hukumat organlari va fuqarolik jamiyatilari ayollarning oʻz joniga suiqasd qilish holatlarini oʻrganish va bunday holatlarning oldini olish, shuningdek, oʻz joniga suiqasd qilgan xotin-qizlarni normal tarzdagi hayotga qaytishlariga koʻmaklashish;
  • „Ayollar daftari“ga kiritilgan psixologik va huquqiy maslahatga muhtoj ayollarni (tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan, ijtimoiy muammolari mavjud xotin-qizlar) har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularni „Ayollar daftari“dan chiqarish choralarini koʻrish.

Ushbu markaz xizmatlaridan foydalanish uchun maxsus 1146 ishonch qisqa qoʻngʻiroq raqami uzluksiz faoliyat yuritib kelmoqda[25].

Himoya orderi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Himoya orderi — tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan ayol jinsiga mansub shaxsga hukumat himoyasini taqdim etajak, xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazgan yoki ularga nisbatan zoʻravonlik jinoyatini sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda maxsus chora-tadbirlarni amalga oshirishga ruxsat etuvchi hujjat[20].

Ayollarga nisbatan zoʻravonlik holatlariga yechim topish maqsadida 2020-yilning 4-yanvar sanasida amaldagi hukumat rahbari — bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining „Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgrisida“gi qaroriga binoan mahalliy ichki ishlar organlari tomonidan zoʻravonlikka uchragan ayol-qizlarga „Himoya orderi“ berish maʼqullanadi[26]. Ushbu (himoya) order murojaatchi shaxsning maʼlum vaziyati oʻrganilib boʻlgandan soʻng, uzogʻi bilan 24 soat ichida mahalliy profilaktika inspektori tomonidan 1 oy davomida amal qiluvchi muddatga beriladi. Bu vaqt mobaynida order olgan ayol—qiz davlat himoyasida boʻladi va unga nisbatan nojoʻya harakat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi[26].

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Maternal and newborn health in Uzbekistan“. data.unicef.org. Qaraldi: 7-avgust 2022-yil.
  2. „Proportion of seats held by women in national parliaments (%) - Uzbekistan“. data.worldbank.org. Qaraldi: 7-avgust 2022-yil.
  3. „Uzbekistan - Percentage Of Female Students In Secondary Education Enrolled In General Programmes, Female“. tradingeconomics.com. Qaraldi: 7-avgust 2022-yil.
  4. „Uzbekistan - Labor Force, Female“. tradingeconomics.com. Qaraldi: 7-avgust 2022-yil.
  5. „GENDER INEQUALITY INDEX (GII)“. hdr.undp.org. Qaraldi: 7-avgust 2022-yil.
  6. „GII Ranking“. hdr.undp.org. Qaraldi: 7-avgust 2022-yil.
  7. „UZBEKISTAN COUNTRY GENDER ASSESSMENT UPDATE DECEMBER 8“. adb.org/. Qaraldi: 7-avgust 2022-yil.
  8. Abdullayev, S. „Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik ortgan. BMT 16 kunlik kampaniyaga start berdi“. Qalampir.uz. “QALAMPIR” MChJ. Qaraldi: 7-avgust 2022-yil.
  9. „18+: O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, tahdid, tazyiq keskin oshdi“. Qalampir.uz. Qaraldi: 7-avgust 2022-yil.
  10. „O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 02.09.2019-yildagi O‘RQ-561-son“. Lex.uz. Qaraldi: 7-avgust 2022-yil.
  11. „Gender zo’ravonlik sabablari“. Uzbekistan.ureport.in. Qaraldi: 7-avgust 2022-yil.
  12. „Зўравонликка йўл йўқ! Нет насилию!“. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
  13. 13,0 13,1 13,2 „O‘zbekistonda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari. Raqamlar rasmiy ma'lumotlardagidan ham ko‘p bo‘lishi mumkin“. Kun.uz. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
  14. „Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida Konventsiya“. Advice.uz. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
  15. „Ichki Ishlar Vazirligining zo'ravonlik holatlari bo'yicha tahlili“. Telegram.org. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
  16. „Хотин-қизларга нисбатан қайд этилган зўравонлик ҳолатларининг 87 фоизи оилада содир этилган“. Kun.uz. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
  17. „Xotin-qizlarga nisbatan sodir e'tilgan zo'ravonlik holatlarining 34 330 tasi yoki-87 foizi oilada sodir e'tilgan“. Telegram.org. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
  18. „2021-yilda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining 87 foizi oilada sodir etilgan“. Gazeta.uz. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
  19. „«Bizda maishiy zo‘ravonlikka oilaviy masala sifatida qaraladi» - TDYuU mustaqil tadqiqotchisi bilan suhbat“. Kun.uz. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
  20. 20,0 20,1 20,2 20,3 „XOTIN-QIZLARNI TAZYIQ VA ZO‘RAVONLIKDAN HIMOYA QILISH TO‘G‘RISIDA“. Lex.uz. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
  21. „ИЧКИ ИШЛАР ВАЗИРЛИГИ: ЗЎРАВОНЛИК ҲОЛАТЛАРИ БЎЙИЧА МУРОЖААТЛАР ТАҲЛИЛИ“. Telegram.org. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
  22. „O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 19.05.2021-yildagi PQ-5116-son“. Lex.uz. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
  23. „Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi“. Advice.uz. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
  24. „ЗЎРЛИК ИШЛАТИШДАН ЖАБР КЎРГАН ХОТИН-ҚИЗЛАРНИ РЕАБИЛИТАЦИЯ ҚИЛИШГА ОИД ҚЎШИМЧА ЧОРА-ТАДБИРЛАР ТЎҒРИСИДА“. Lex.uz. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
  25. Abduazimova, Lola „AYOLLARNI REABILITATSIYA QILISH VA MOSLASHTIRISH MARKAZLARI QANDAY FAOLIYAT YURITADI PODROBNEYE: HTTPS://WWW.NORMA.UZ/OZ/QONUNCHILIKDA_YANGI/AELLARNI_REABILITACIYA_QILISH_VA_MOSLASHTIRISH_MARKAZLARI_QANDAY_FAOLIYAT_YURITADI“. Norma.uz. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.
  26. 26,0 26,1 „ХОТИН-ҚИЗЛАРНИ ТАЗЙИҚ ВА ЗЎРАВОНЛИКДАН ҲИМОЯ ҚИЛИШ ТИЗИМИНИ ТАКОМИЛЛАШТИРИШ ЧОРА-ТАДБИРЛАРИ ТЎҒРИСИДА“. Lex.uz. Qaraldi: 8-avgust 2022-yil.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]