Jins

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Jins (biologiyada) — jinsiy koʻpayishni taʼminlaydigan hamda erkak va urgʻochi organizmlarni farq qilishga imkon beradigan belgilar majmui. Hayvonlarda J. belgilari organizmning morfologik, fiziologik, biokimyoviy xususiyatlari, murakkab xattiharakatlari va b. orqali namoyon boʻladi. J. belgilari birlamchi va ikkilamchi boʻladi. Birlamchi jinsiy belgilar (jinsiy bezlar, jinsiy yoʻllar va b.) gametalar xosil boʻlishi va urugʻlanishni taʼminlaydi. Ikkilamchi jinsiy belgilar (tana oʻlchami va tuzilishi, boshi, pat yoki jun rangi, tarkibi va b.) jinsiy koʻpayishda muayyan ahamiyatga ega. Erkaklik jinsiy bezlari (urugʻdonlar) spermatozoidlar, urgʻochilik jinsiy bezlari (tu-xumdonlar) tuxum hujayralari ishlab chiqaradi. Spermatozoidning tuxum hujayra bilan qoʻshilishi tufayli zigota hosil boʻladi. Zigotadan yangi organizm rivojlanadi. Jinsiy bezlar ishlab chiqaradigan jinsiy gormonlar organizmning rivojlanishi, ikkilamchi jinsiy belgilarning shakllanishi va fiziologik jarayonlarning boshqarilishida muhim ahamiyatga ega. Ayrim jinsli organizmlarda urgʻochilik (tuxum) va erkaklik (urugʻ) gametalari urgʻochi va erkak organizmlarda hosil boʻladi. Germafrodit organizmlarda (q. Germafroditizm) urgʻochilik va erkaklik jinsiy bezlari bitta organizmning oʻzida rivojlanadi. Gulli oʻsimliklar gulining tuzilishiga koʻra bir J.li va ikki J.li boʻladi (q. Gul). Bir J.li gullar bitta oʻsimlikning oʻzida (q. Bir uyli oʻsimliklar) yoki boshqa-boshqa oʻsimliklarda (q. Ikki uyli oʻsimliklar) joylashgan boʻlishi mumkin. Baʼzan bitta oʻsimlikning oʻzi bir jinsli va ikki jinsli gullarga ega boʻladi (q. Poligamiya). J. jinsiy xromosomalar nazorati ostida rivojlanadi. Sut emizuvchilar urgʻochisi hujayrlarida ikkita jinsiy (XX) xromosomalar, erkagi hujayralarida bittadan X va U xromosomalar boʻladi. Jinsiy koʻpayishda urgʻochi organizm faqat bir xil, yaʼni X xromosomaga ega boʻlgan gameta (tuxum hujayra)lar, erkak organizm esa ikki xil, yaʼni X va U xromosomalarga ega boʻlgan gameta (urugʻ hujayra)lar hosil qiladi. Urugʻlanish jarayonida X va U xromosomaga ega boʻlgan urugʻ hujayralarning X xromosomali tuxum hujayra bilan qoʻshilish imkoniyati teng boʻladi. Shuning uchun urugʻlanishdan soʻng XX va XU xromosomali zigotalar, yaʼni urgʻochi va erkak organizmlar teng nisbatda hosil boʻladi. Ana shu jarayon tufayli tabiatda urgʻochi va erkak organizmlarning oʻzaro teng nisbati saqlanib qoladi.

Bakriddin Zaripov, Ochil Mavlonov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil