Xamir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xamir — un, suv, sut, yogʻ, tuz qoʻshib tayyorlanadigan yarim fabrikat. Turli taomlar, non, kandolatchilik va makaron mahsulotlari, shirinliklar tayyorlashda ishlatiladi. Moʻljallangan mahsulotga qarab turli X.lar tayyorlanadi. Oddiy oshxamir— togʻorachaga elangan un solinib, oldindan tayyorlangan namakobdan ozozdan qoʻshib xamir qoriladi, yaxshilab pishitib iylanadi. Tayyor X.ni tindirish uchun zuvala qilib, 10—15 min. oʻrab qoʻyiladi, somsa, chuchvara, ugra, norin, lagʻmon va boshqa taomlar tayyorlash uchun yupqa qilib yoyiladi. Bunday X.ni tayyorlash uchun 1 kg unga 2 stakan iliq suv, 2 choy qoshiq tuz solinadi. Oshirma yoki xamir-turushli non xamir togʻorachadagi suvga tuz va xamirturush solib eritilgach, moʻljaldagi un solinadi va ozozdan suv qoʻshib X. qoriladi. Tayyor X. usti qalinroq narsa bilan yopilib, oshirish uchun bir soatga issiqroq joyga qoʻyiladi. X.ning oshganligi koʻpchishi va orasida mayda gʻovakchalar paydo boʻlganligidan bilinadi. Oshirma X. tayyorlash uchun 1 kg unga 2 choy qoshigʻida tuz, 2 stakan iliq suv, 25—30 g xamirturush kerak boʻladi. Oshirma X.dan, asosan, nonlar, ayrim somsalartayerlanadi. Xamirturushsiz sut, yogʻ va tuxum qoʻshiladigan X. turli nonlar, patir, oʻrama, zangza, chakchak, boʻgʻirsoq kabi pishirikdar tayyorlashsa ishlatiladi. Bunday X.ni tayyorlash uchun 1 kg un, 2 stakan sut yoki shirobcha, 1 osh qoshigʻida sariyogʻ yoki eritilgan qoʻy yogʻi, 1 dona tuxum va 1 choy qoshigʻida tuz kerak boʻladi. Agar X. faqat tuxumning oʻzida qoriladigan boʻlsa, 1 kg unga 4—5 dona tuxum kerak boʻladi. Xamirturushli sut, yogʻ va tuxum qoʻshiladigan X.dan turli bulochkalar, piroglar, ruletlar tayerlanadi. Bunday X.ni tayyorlashda barcha masalliklar un, sut, yogʻ, tuz, shakar, tuxum, xamirturush va boshqa birdaniga qoʻshib qoriladi. X.ni togʻoraning oʻzida issiq qilib oʻrab oshirish uchun olib qoʻyiladi. Bunday X. uchun 1 kg unga 35—40 g xamirturush, 2 stakan iliq sut (yoki 1 stakan sut bilan 1 stakan shirobcha yoki 1 stakan sut, 200 g sariyogʻ) kerak boʻladi. Agar tuxumning oʻzida qoriladigan boʻlsa, 5—6 dona tuxum, 2 choy qoshigʻida tuz, 3—4 osh qoshigʻida shakar qoʻshiladi. Ayrim hollarda xamirturush oʻrniga qatiq yoki smetana qoʻshish mumkin.