Tohir Sodiqov
Tohir Sodiqov | |
---|---|
![]() Tohir Sodiqov va „Bolalar“ guruhi New Yorkdagi Millennium teatrida | |
Umumiy maʼlumot | |
Tugʻilishi |
1-iyul 1973-yil (48 yosh) |
Fuqaroligi | Oʻzbekiston |
Guruh | Bolalar |
Faoliyat yillari | 1989-bugun |
Janr |
Rock, pop![]() |
Amplua | Qoʻshiqchi, musiqachi, produser, bastakor, aktor |
Tohir Sodiqov — oʻzbek musiqachisi, bastakori va aktyori. Tohir Sodiqov Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistdir.[1] Sodiqov „Bolalar“ guruhining uzoq yillardan beri qoʻshiqchisi, ashula yozuvchisi va bastakori boʻlib kelmoqda. Tohir Sodiqov shu kungacha „Nihol“ va „Tarona“ kabi bir qancha nufuzli mukofotlar olgan.[2] U qoʻshiqlarini oʻzbek, rus va ingliz tillarida aytadi. Tohir Sodiqov AQShda konsert bergan va iTunesda albom chiqargan Oʻrta Osiyolik birinchi guruhlardandir.[3][4][5]
Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Tohir Sodiqov musiqa maktabida oʻqimagan. Maktabda oʻqib yurgan chogʻlarida musiqaga ishtiyoqi tugʻilgan. Tohir Sodiqov va uning maktabdosh doʻstlari Ruslan Sharipov, Bahodir Poʻlatov va Javohir Zokirov 1989-yil „Bolalar“ guruhiga asos solishgan. 1989-yil guruh Oʻzbekistonda „Bolalar“ deb nomlangan qoʻshiq bilan juda tez shuhrat qozongan.[6] Tohir Sodiqov Ravshan Sobirov va „Bojalar“ guruhiga produserlik qilgan.
„Bolalar“ guruhi[tahrir | manbasini tahrirlash]
„Bolalar“ guruhining ilk tarkibida Bahodir Poʻlatov, Husan Sodiqov (Tohir Sodiqovning akasi), Javohir Zokirov, Nargiza Zokirova, Ruslan Sharipov, Tofik Morduxayev, Toir Odilov va Tohir Sodiqovlar boʻlgan. Guruh aʼzolariga oʻzbek rock-n-roll qoʻshiqchisi Davron Gaipov va oʻsha paytda mashhur boʻlgan rus guruhi „Laskoviy May“ taʼsir koʻrsatishgan. „Laskoviy May“ va „Bolalar“ guruhlarini „90-yillarning afsonalari“ deb atashadi.[7] „Laskoviy May“ning qoʻshiqchisi boʻlgan Yuriy Shatunov va Tohir Sodiqov 2009-yil Toshkentda birga qoʻshiq aytishdi.
„Bolalar“ guruhi 1990-yil 23-fevralda „Alpomish“ sport saroyida (hozirgi „Oʻzkoʻrgazmasavdo“ markazi) ilk marotaba katta sahnaga chiqqan. Guruhning ilk albomi „Esingdami seni“ albomidir. Bu albom 1990-yil yanvar oyida chiqarilgan. Ilk yillarda Ruslan Sharipov guruhning badiiy boshchisi boʻlgan. 2007-yil 22-yanvarda guruhning „The Very Best of the Fontana Years“ („Fontana yillarining eng sarasi“) degan albomi iTunes musiqa magazinda chiqarildi. 2000-yillarda „Bolalar“ning koʻp aʼzolari birin-ketin guruhni tark etishdi. Ammo guruh aʼzolari onda-sonda birga qoʻshiq ijro etib turishadi. Tohir Sodiqov odatda ashulalarining soʻzini ham, musiqasini ham oʻzi yozadi.[6]
Shaxsiy hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tohir Sodiqov 1973-yil 1-iyulda Toshkent shahridagi Eski shaharda tugʻilgan. Otasi Sodiqov Bahromjon Sobirovich Tohir Sodiqov yosh bolaligida vafot etgan. Onasi Sodiqova Gulnur Mansurovna Sodiqovni yolgʻiz katta qilgan. Tohir 1980-yildan 1990-yilgacha Toshkentdagi 41-maktabda oʻqigan. Uylangan, ikki qiz va bir oʻgʻli bor. Hozirda „Kelajak Records“ musiqa yozish studiyasi egasi. „Sen ketgan kundan“ klipida oilasi yaʼni turmush oʻrtogʻi, ikki qizi bilan Tohir Sodiqov suratga tushgan. Shogirdi Ravshan Sobirov va Renat Sobirov Tohir Sodiqovning amakivachchasi. Amakisi Alimjon Sobirov (Ravshan Sobirovning otasi). Jiyanlari Bekzod va Safina (Ravshan Sobirovning farzandlari). Sakina Sobirova (Ravshan Sobirovning rafiqasi). Husan Sodiqov (Tohir Sodiqovning akasi).
Aktyorlik faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]
Tohir Sodiqov olti oʻzbek kinosida bosh rolni ijro etgan. Bular „Navroʻz ayyomi“, „Tohir va Zuhra yangi talqin 1, 2“, „Koʻzlaring maʼyus“, Jazo hamda Voy dod sumalak filmlaridir.
Filmografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Aktyor[tahrir | manbasini tahrirlash]
Yil | Film | Rol | Izoh |
---|---|---|---|
1999 | Navroʻz ayyomi | Tohir | Musiqiy film |
2000 | Tohir va Zuhra yangi talqin | Tohir | Musiqiy film |
2005 | Koʻzlaring maʼyus | Sardor | |
2006 | Voy dod sumalak | Tohir | Musiqiy film |
2007 | Jazo | Tohir Sodiqov | Kameo |
2010 | Ada emas, dada! (Tohir va Zuhra 2 yangi talqin) | Tohir | Musiqiy film |
2017 | Bolalar | Tohir | Hujjatli film |
Yil | Serial nomi | Rol | Izoh |
---|---|---|---|
2015 | Bojalar drive | Tohir |
Yil | Qoʻshiqchi | Ashula | Rol |
---|---|---|---|
2000 | Yulduz Usmonova va Ruslan Sharipov | «Sevgilim» | Tohir |
2001 | Yulduz Usmonova va Ruslan Sharipov | «Nozanin» | Tohir |
2006 | Lola | «Qolaymi, ketaymi?» | Tohir |
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- ↑ „Bi-bi-si mehmoni - ...eng oʻziga xos estrada yulduzi Tohir Sodiqov“ . BBCning oʻzbek xizmati (9 mart). Qaraldi: 13-may 2011-yil.
- ↑ „80-yillardan beri mashhur“ . Darakchi. Qaraldi: 11-noyabr 2011.
- ↑ „„Bolalar“ning New Yorkdagi konserti (ingl.)“ . Uzbek TV New York. Qaraldi: 13-may 2012-yil.
- ↑ Zokirov, Dilshod „„Bolalar“ning yubileyidan maxsus reportaj“ . Shov-Shuv. 20-sentabr 2012-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 13-may 2011-yil. Arxivlandi 2012-09-20 at WebCite[[]]
- ↑ „iTunes - Music - The Very Best of the Fontana Years by Bolalar (ingl.)“ . Itunes.apple.com (22-yanvar 2007-yil). Qaraldi: 13-may 2012-yil.
- ↑ 6,0 6,1 „„Bolalar“ hamon repertuardan tushmayotir“ . Ozodlik Radiosi. Qaraldi: 13-may 2011-yil.
- ↑ Turdaliyeva, Muhayyo „Tohir Sodiqov va Yuriy Shatunov: 90-yillar haqida (rus.)“ . Ziyo Net. 4-iyun 2012-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 13-may 2012-yil. Arxivlandi 2012-06-04 at WebCite[[]]
Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
![]() |
Wikimedia Commonsda Tohir Sodiqov mavzusiga oid fayllar bor. |
- http://www.bolalarmusic.uz Arxivlandi 2011-11-16 Wayback Machine saytida.
- Tohir Sodiqov: „Mashhurlikdan tomimiz ketib qolgan“, vatandosh.uz