So‘fiylar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
So‘fiylar
1359-yil — 1388-yil



Poytaxti Urganch
Dini Islom
 - 1359—1361 Oq So‘fiy
 - 1361—1372 Husayn Soʻfiy
 - 1372—1380 Yusuf Soʻfiy
 - 1380—1388 Sulaymon Soʻfiy

Soʻfiylar – Oltin Oʻrda saltanati tarkibida Xorazmda hukmronlik qilgan turkiy-moʻgʻul qoʻngʻirot sulolasi[1]. Sulolaning mustaqilligi qisqa muddat davom etgan (taxminan 1361[2]–1388[3]-yillar) boʻlsa-da, uning keyingi aʼzolari 1505-yilda Shayboniylar Xorazmni egallab olgunlaricha temuriylarning hokimlari sifatida vaqti-vaqti bilan Xorazmni boshqarishda davom etganlar. Avval Xorazmda hukmronlik qilgan sulolalardan farqli oʻlaroq, soʻfiylarga nisbatan hech qachon „Xorazmshoh“ unvonini ishlatilmagan.

Qoʻngʻirot soʻfiylar sulolasining asoschisi moʻgʻul zodagoni, qoʻngʻirot qabilasi vakili Nagʻday biydir[4]. Sulolaning Borjigin imperator oilasi bilan bir qancha genealogik aloqalari boʻlgan; Nagʻday, imperator Chingizxon Bortening avlodidir yaʼni Borte unga otasi tomonidan bobosi hisoblanib, u esa moʻgʻul malikalarining oʻgʻillaridan boʻlgan [5][lower-alpha 1]. Dastlab Oʻzbekxon qoʻshinining bosh qoʻmondoni boʻlib xizmat qilgan Nagʻday keyinchalik oʻz lavozimidan voz kechib ketgan. Soʻfiylik unvonini olib mintaqadagi birinchi qoʻngʻirot boshligʻi boʻlgach, Xorazmga koʻchib ketadi[7].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Husayn Soʻfiy[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qoʻngʻirot hukmdori Husayn tangasi, Xorazm zarbxonasida zarb qilingan, 1365―1366-yillarga tegishli.

1221-yilda Xorazm Moʻgʻullar imperiyasi tomonidan bosib olingach, ikki aka-uka Chingiziylar: Jo‘chi va Chigʻatoy uluslari oʻrtasida boʻlingan. Shimoliy yarmi Oltin Oʻrda tarkibida Joʻchiy xonlari qoʻliga oʻtgan, janubiy yarmi esa Chagʻatoy ulusiga oʻtgan. Bu boʻlinish XIII asrning 50-yillarigacha, yaʼni Xorazmda soʻfiylar sulolasi hokimiyat tepasiga kelguniga qadar davom etgan[1].

Birinchi soʻfiy hukmdori Nagʻdayning[7] oʻgʻli Husayn Soʻfiy Oltin Oʻrdaning qoʻngʻirot qabilasidan boʻlgan. Husayn Soʻfiy Urganch va qolgan Shimoliy Xorazmni oʻz nazoratiga olgan; viloyatda 1364-yildan boshlab uning nomidan tangalar zarb qilingan. Shuningdek, oʻsha paytdagi Movarounnahrni qiynayotgan muammolardan foydalanib, Chigʻatoy xonlariga ajratilgan Kat va Xivani egallab olgan[1].

Chigʻatoy hududi deb hisoblangan bu bosqin oxir-oqibat Temur bilan ziddiyatga olib kelgan. Kat va Xiva qoʻlga kiritilgunga qadar Transoksiananing qarshilik koʻrsata oladigan hukmdori boʻlmagan, biroq 1370-yilga kelib Temur mintaqani oʻz hukmronligi ostiga birlashtirgan. Qoʻgʻirchoq Chigʻatoyxonni qoʻllab-quvvatlagan Temur 1370-yillar boshida Husayn Soʻfiydan Kat va Xivani qaytarishni talab qiladigan darajada kuchaygan[8].

Husayn Soʻfiy anonim dinorlar chiqargan. Oltin Oʻrda xonlarining unvonlari va ismlari oʻrniga XIII asrning 80-yillarda Xorazm kumush tangalarida eʼtiqod timsoli boʻlgan musulmon maqollari qoʻllanilgan: „Kuch yagona, qodir Allohnikidir“, „Allohdan oʻzga iloh yoʻq, Muhammad Allohning elchisidir“. Boʻlimlarda toʻrt roshidun xalifaning ismlari boʻlgan. Bu tangada Xorazmda zarb qilingan yozuv ham boʻlgan[9].

Husayn Soʻfining janubiy Xorazmga qaytishdan bosh tortishi Temurni 1372-yilda unga qarshi urush boshlashga majbur qilgan. Kat tezda qoʻlga olingan; Husayn Soʻfiy Urganchni mustahkamlab, bu yerda qolishga qaror qilgan. Urganch Temur qoʻshini tomonidan qurshab olingan, Husayn Soʻfiy qamalda vafot etgan[8].

Yusuf Soʻfiy[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qoʻngʻirot hukmdori Yusuf tangasi Xorazm zarbxonasida zarb qilingan va 1375―1376-yillarga toʻgʻri keladi.

Husayn Soʻfining oʻrniga uning ukasi Yusuf Soʻfiy kelib Temur bilan sulh tuzgan, bu orqali Temur Kat va Xivani davlati hududiga qoʻshib olgan[8]. Temur qoʻshini Shimoliy Xorazmni tark etgan; ammo keyingi yili Yusuf Soʻfiy Temurni gij-gijlab, oʻz hududlariga bostirib kirib, Kat va Xivani qaytarib olishga urinib koʻrgan. Bu Temurni 1373-yilda unga qarshi ikkinchi marta yurishga majbur qilgan, lekin Yusuf Soʻfiy tezda kechirim soʻrgan[10] va tinchlik evaziga qizi Oq-soʻfi Sevin begimni Temurning oʻgʻli Jahongirga turmushga bergan[11].

Yusuf Soʻfiyning Temur hududiga bostirib kirishini davom ettirishi 1379-yilda yana bir bosqinga sabab boʻlgan[1]. Bu safar Urganch qamal qilingan; Yusuf Soʻfiy qamalning oʻrtasida vafot etgan, Temur shahardan taslim boʻlishni talab qilgan. Shahar buni rad etgan. Oqibatda Temur qoʻshini nihoyat uni zoʻrlik bilan qoʻlga kiritgach, umumiy qirgʻin boshlanib, shahar yoqib yuborilgan.

Sulaymon Soʻfiy[tahrir | manbasini tahrirlash]

Soʻfiylarning Temur qoʻlidan magʻlubiyatga uchragani ularning Xorazmni saqlab qolish istagini toʻxtata olmadi. Sulaymon Soʻfiy Oltin Oʻrda xoni Toʻxtamish bilan ittifoq tuzib, 1387-yilda Oltin Oʻrdaning Movarounnahr bosqiniga qoʻshilgan. Temur darhol Sulaymonshohga qarshi harakatlanib, Xorazmni egallab, qoʻzgʻolonni bostirgan[3].

Keyingi Soʻfiylar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mustaqillikni yoʻqotganiga qaramay, Temuriylar saltanatida qoʻngʻirot soʻfiylari maʼlum rol bur oʻynagan. XIV asr oxirida maʼlumotlarda Yoyiq Soʻfiy tilga olinadi. Soʻfiylar yoʻnalishining ehtimoliy vakili boʻlgan Yoyiq Soʻfiy Temur qoʻshinida yuqori lavozimni egallagan. 1393–13940-yillarda qoʻzgʻolon koʻtargan, ammo magʻlubiyatga uchrab, qamoqqa tashlangan[12].

Qoʻngʻirot-soʻfiylarning meʼmoriy inshootlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toʻrabekxonim maqbarasi (janub tomondan koʻrinishi).

Toʻrabekxonim maqbarasi Oltin Oʻrda xoni Oʻzbekxonning qizi va uning Xorazm hokimi Qutlugʻ Temurning rafiqasi – Toʻrabekxonim maqbarasi, keyinchalik soʻfiy-qoʻngʻirotlar sulolasining (1359―1388) Koʻhna Urganchdagi hilxonasiga aylangan.

Izohlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Uning katta bobosi Chigu (Borte Anchenning ukasining oʻgʻli) Chingizxonning qizi Tumalunga uylanib, Togʻay Temur ismli oʻgʻil koʻradi. Ikkinchisi Muso nomi bilan islomni qabul qilib, Hulaguning qizi Taragʻay xotunga uylanadi. Ular Nogʻay Noʻyonning ota-onasi boʻlgan, uning oʻgʻli Oʻqtoy Nagʻdayning otasi edi[6].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Ashrafyan, K. Z „Central Asia under Timur from 1370 to the early fifteenth century“,. History of civilizations of Central Asia. New Delhi: Motilal Banarsidass, 1999. ISBN 81-208-1595-5. 
  • Bosworth, Clifford Edmund. Khwarazm // The Encyclopedia of Islam. Leiden: E. J. Brill, 1978. ISBN 90-04-05745-5. 
  • DeWeese, Devin A.. Islamization and Native Religion in the Golden Horde. Pennsylvania State University, 1994. 0-271-01073-8. 
  • Hildinger, Erik. Warriors of the Steppe: A Military History of Central Asia, 500 B.C. to 1700 A.D.. Da Capo, 1997. 
  • Manz, Beatrice Forbes. The Rise and Rule of Tamberlane. Cambridge University, 1989. 0-521-63384-2. 

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Bosworth 1978.
  2. Manz, p. 11
  3. 3,0 3,1 Manz 1989, s. 71; Bosworth 1978, s. 1064; Ashrafyan 1999, s. 329
  4. Yuri Bregel, Tribal tradition and dynastic history: The early rulers of the Qongirats according to Munis, Asian and African studies, vol. 16, number 3 (1982), p. 387
  5. Bregel (1982)
  6. Bregel (1982, s. 362, 365, 369)
  7. 7,0 7,1 Bregel (1982)
  8. 8,0 8,1 8,2 Manz 1989, s. 11; Hildinger 1997, s. 328; Ashrafyan 1999, s. 328
  9. „Описание монет Хорезма второй половины XIV в | Muzey deneg“. 2019-yil 27-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 11-noyabr.
  10. Manz 1989, s. 69; Hildinger 1997, ss. 176–177; Ashrafyan 1999, s. 329
  11. Hildinger 1997.
  12. Manz 1989.