Shizofreniya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shizofreniya

Prekoks demans tashxisi qo'yilgan bemor tomonidan devorga chizilgan chizmalar. Muqaddas Yelizaveta kasalxonasi arxividan. 20-asr boshlari, Vashington
 
Klassifikatsiyasi va tashqi linklar
Ixtisos psychiatry[*], clinical psychology[*]
OMIM 181500
DiseasesDB 11890
MedlinePlus 000928
Patient UK Shizofreniya
MeSH D012559

Shizofreniya (yunoncha: σχίζειν, s’chizein — boʻlinish va aql, ong, fikr) — ruhiy kasallik; etiologiyasi nomaʼlum. Koʻproq 18—35 yoshgacha boʻlgan davrda kuzatiladi. Kasallik alohida nozologik shaklga ega boʻlguniga qadar koʻpgina psixiatr olimlar tomonidan oʻrganilgan. Nemis psixiatri Ye. Krepelin 1898-yil birinchi marta ushbu kasallikni „Ilk esi pastlik“ deb nomlagan. 1911-yil Shveysariya psixiatri Ye.Bleyler bu ruhiy kasallikning klinik kechishini yanada chuqurroq oʻrganib, uning asosida assotsiativ jarayonlarning buzilishlari yotishini, buning oqibatida esa ruhiyatning parchalanishini asoslab, kasallik nomini shizofreniya deb atagan. Haqiqatan ham shahrining asosida fikrlash, mulohaza yuritish jarayonining buzilishi yotadi. Kasallik koʻpincha zimdan, asta-sekin boshlanadi. Shizofreniya koʻpincha odamovi, kamgap, hissiyotlari sust feʼlatvorli kishilarda rivojlangani uchun ham ular atrofidagi kishilarda ancha vaqtgacha hech qanday shubha uygʻotmaydi. Bemor, odatda, tez toliqish, quvvat, gʻayrat va havas pasayganidan shikoyat qiladi, uni faollashtirishga javoban, serzarda va injiqlik qiladi. Bu shaxsning oʻziga xos asteniya holatidir. Bu holat boshlanishida oʻziga xos hissiy buzilishlar, kayfiyatning besabab oʻzgarishi, loqaydlik, vahimaga tushish kuzatiladi. Odamovilik kuchayadi, bemor jamiyatdan butunlay chetlashib qoladi; injiqlik, oʻchakishish, sababsiz vahimaga tushish kuchayadi. Qoʻrquv va miyadan ketmaydigan „shilqim fikrlar“ oqibatida irim sifatlari paydo boʻladi. Mas, ishxonaga sogʻ-omon yetib olishi uchun ostonadan chiqqach, chap yelka tomonga qayrilib uch marta tuflab olish va hokazo. Bemorning fikrlari borgan sari oʻz-oʻzidan quyulib kelaveradigan bemaʼni va befoyda mulohazalar quyunidan (mentizm) iborat boʻladi. Masalan, bemor tun-u kun nega odamda ikkita oyogʻ-u, hayvonlarda toʻrtta deb, oʻylab yuraveradi. Bu davrda koʻpincha kuchli bosh ogʻrigʻi, uyqu buzilishi kuzatiladi. Asta-sekin kasallikning ilk davri uning rivojlangan bosqichiga oʻtadi, bunda bemorning fikr-mulohazalari, tafakkuri ayniydi. U oʻzining atrofidagi koʻrib turgan narsalarini bemaʼni ichki hissiyotlari bilan bogʻlaydi; ramziy (simvolik) mulohazalar paydo boʻladi, bunda bemor atrof-muhitdagi narsalarga, mavjud voqeaga boshqacha maʼno bera boshlaydi. Masalan, stol ustida yotgan pichoq goʻyo uni kimdir oʻldirmoqchi boʻlayotgani haqida ogohlantirishdek tuyuladi. Fikrlar uzuqligi (shperrung), bir-biriga maʼnosiz (paralogik, alogik) mulohazalar yuritish, gap oʻrtasida hech qaysi tilda ishlatilmaydigan yangi soʻzlarni ishlatish (neologizm), bir xil soʻzlarni qaytaraverish (perseveratsiya), bir vaqtning oʻzida bir-biriga qarama-qarshi maʼnodagi fikrlarni aytish (fikrlar ambivalentligi) — bular hammasi shahriga xos tafakkur buzilishlaridir. shahrida hissiyotlar ambivalentligi ham koʻp uchraydi; bemor oʻzining yaqin kishilari (ota-onasi va hokazo)ga qarama-qarshi munosabatda (mehrga nisbatan nafrat va bemehrlik) boʻladi. Baʼzan hissiy tubanlashuv alomatlari (apatiya) yuzaga keladi, iroda susayadi (abuliya), bemor butunlay uydan chiqmay qoʻyadi, hatto oʻziga ham befarq boʻlib qoladi (apatoabulik holat). Xulq-atvor butunlay ayniydi, mayl buzilishlari (ovqat, jinsiy hirs buzilishlari) vujudga keladi. Negativizm va katotonik belgilar kuzatiladi. Shu bilan bir qatorda shahriga idrok etishning turli xil aldanishlari (illyuziya va gallyutsinatsiyalar) paydo boʻlishi xos. Bunga senestopatiyalar (badanning turli qismida noxush sezgilar paydo boʻlishi) hamda „tovush eshitish“, „hid kelishi“, „taʼmning paydo boʻlishi“, „tana ichidagi sezgilar“ gallyutsinatsiyalari kiradi. Bemor aslida yoʻq soʻkish, doʻq, poʻpisa va buyruq ovozlarini eshitadi, chirish, achish va boshqalar noxush hidlarni sezadi va hokazo. Vasvasa gʻoyalari yuzaga chiqadi, bu koʻpincha „taʼqib qilish“, „munosabat“ va „taʼsir etish“ tarzida namoyon boʻladi. Bu psixik avtomatizm hodisasi boʻlib, bunda bemor oʻzida kechayotgan ruhiy jarayonni „begonadek“, uning fikr va mulohazalari, harakatlarini qandaydir yot kuchlar „zoʻrlab“ boshqarayotgandek tuyuladi. Bu esa koʻpincha depersonalizatsiya („men“ — „men emas“) tarzida kechib bemor oʻzining tashqi koʻrinishi, tovushi yoki butun tanasini begonanikidek his etadi va h.k. shahrining mavjud klinik belgilari ichida muayyan alomatlarning birinchi oʻrinda ustun boʻlib koʻrinishini hisobga olib uning quyidagi turlari farq qilinadi. 1) oddiy turi — bunda, asosan, hissiyot, iroda, fikrlash va xulq-atvorning buzilishlari ustun boʻlib, vasvasa va gallyutsinatsiyalar kamdan-kam uchraydi; 2) gebefrenik turi — bu oʻspirinlarda kuzatilib, unda shilqimlik, masxarabozlik qilish, uzuq-yuluq gallyutsinatsiyalar, vasvasa gʻoyalari ustun turadi; 3) katatonik turi — bunda, asosan, katatonik qoʻzgʻalish yoki katatonik tormozlanish alomatlari ustun turadi; 4) paranoid turi — vasvasa gʻoyalari (taʼqib etish, zaharlanish, rashk, sehr-jodu, ixtirochilik va h.k.) va chin hamda soxta gallyutsinatsiyalar (har xil hid va tovushlar kelishi) mavjudligi bilan ifodalanadi[1].

Shizofreniyaning klinik kechishi xilma-xil bo‘ladi. To‘xtovsiz davom etib turadigan shaklida klinik belgilar asta-sekin kuchayib, zo‘rayib borish bilan o‘tadi. Bunda bemorning ahvoli yaxshilanib qolganini ko‘rsatadigan belgilar bo‘lmaydi. Kasallik davomida nevrozsimon vasvasali gallutsinator, gebefrenik va katatonik alomatlar kuzatiladi. Vaqti-vaqti bilan bo‘lib turadigan yoki sust kechuvchi shaklida kasallik to‘satdan qisqa muddatda psixozlar boshlanib qoladi. Bundan keyin yana musaffolik davri boshlanadi. Bu shaklida shaxsiyat asta-sekin o‘zgarib boradi. Bu shakl ko‘proq o‘smirlik davridan boshlanadi. Dastlab asabiylashish, ortiqcha fikrlash va miyadan ketmaydigan xayollar paydo bo‘lishi bilan kechadi. Nihoyat, xurujsimon-progrediyent shakli bunda kasallik xurujlar bilan bo‘lib turadi va uzoqroq davom etadi. Xurujlar o‘tib ketgandan so‘ng, kasallik belgilari susayib qoladi va yo‘qolib ketadi. Bu shaklida shaxsiyat o‘zgarishi, aql pastlik tobora zo‘rayib boradi. Kasallik vasvasalar va gallutsinatsiyalar bilan kechadi. Bu shakli 25 yosh va undan katta yoshdagilarda uchraydi. Shizofreniyada bemorlar fikrlari sayoz, nutq va yozuvi maqsadsiz, tartibsiz bo‘ladi. Fikrlash qobiliyati pasayadi, bemorlar ezma, quruq safsataboz bo‘lib qoladi. Avval nevrozsimon o‘zgarishlar paydo bo‘lib, bemorning kayfiyati o‘zgarib turadi. Bunday bemorlar biror sabab bo‘lmasdan, har joyi og‘rib turishidan, tez charchab qolishidan shikoyat qiladi. Bemorning yurish-turishi va xatti-harakatlarida beparvolik, xudbinlik, kamgaplik ko‘zatiladi va unda atrofdagilardan qochib yurishga moyillik bo‘ladi.

Oddiy turi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shizofreniyaning oddiy turida — bemor beparvo, kamgap, serjahl va kam harakat bo‘lib qoladi. Bu turda yakka qolish, xonalardan chiqmay, bir o‘zi o‘tirish istagi ko‘proq bo‘ladi. Kasallik o‘smirlik davrida boshlanadi va sust kechadi. Bunda gallutsinatsiyalar va vasvasalar bo‘lmaydi. Bu turda bemorlar aytilgan gaplarning teskarisini bajarishga harakat qiladilar. Masalan, og‘zingni och desa, u og‘zini yopib oladi. Bunday holatga negativizm deyiladi.

Katatonik turi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shizofreniyaning katatonik turida — bemorlar harakatida katatonik qotib qolish yoki katatonik qo‘zg‘aluvchanlik bo‘ladi. Bemorlar bir joyda qimirlamasdan qotib turadi va bitta so‘z yoki harakatni hadeb takrorlayveradi. Bemor so‘zlarni, jumlalarni baqirib aytadi, gaplariga tushunib bo‘lmaydi. Bemor oyoq qo‘llarni bukkan holda, gavdaga yaqinlashtirib oladi va uzoq vaqt shunday tinch gapirmay o‘tiradi, bu mutizm deb ataladi.

Paranoid turi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shizofreniyaning paranoid turi — bunda bemorlar hech kimning gapiga ishonmaydi, hammaga shubha bilan qaraydi. O‘ziga qarshi tashqaridan jismoniy ta’sirlarni sezgandek bo‘ladi. Bunday bemorlar, odamlar meni o‘ldiradi, ovqatimni zaharlab qo‘yadi, deb shubha bilan yurishadi. Ba’zi bemorlar esa menga mashinalar radioto‘lqin yuborayapti, deb o‘ylashadi. Bu turdagi vasvasalar ko‘proq 20—30 yoshdan boshlab uchraydi. Ipoxondrik vasvasalar bor bemor o‘zining ichki a’zolarida o‘zgarishlar sezadi. Bularga yuragim urishdan to‘xtab qoldi yoki ichagim yorilib ketgan, deb takrorlayveradi. Kasallikning bu turida tez-tez gallutsinatsiyalar bo‘lib turadi. Bemorlar turli ovozlar, buyruqlarni eshitib, ularni bajarmoqchi bo‘ladilar, bu Kandinskiy-Klerambo alomati deb ataladi.

Gebefrenik turi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shizofreniyaning gebefrenik turi — bunda bemorlar quruq safsatabozlik, mantiqsiz qiliqlar qiladi. Bemorlar aftini burishtirib, so‘zlarini, qiliqlarini sun’iy takrorlab turadi.Shizofreniyaning bir turi ikkinchi bir turiga almashib turadi. Gebefrenik turi va oddiy turlari og‘irroq bo‘lib kechadi. Katatonik turi esa yengil kechadi.

Davolash usullari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shizofreniyani davolashda insulin, sulfazin, aminazin va gipnoz usullari keng qo‘llaniladi. Insulin terapiyada moddalar almashinuvida ma’lum o‘zgarish yasab, zaharlanishni kamaytirishdir. Insulin bilan davolashni boshlashdan oldin bemorlardan nahorda qon olib, qondagi qand miqdori tekshiriladi. Organizmga yuborilgan insulin qondagi qand miqdorini kamaytirib yuboradi. Me’yorda qondagi qand miqdori nahorda aniqlanganda, 9,0— 11,0 g/l yoki 3,3—5,5 mmol/l ga teng. Insulin yuborilganda, qondagi qand miqdori anchagina kamayib ketadi, bushok holatideb ataladi yoki gipoglikemik koma holati boshlanadi. Shokni keltirib chiqaruvchi o‘rtacha insulin dozasi 80—100 tb ni tashkil etadi. Ba’zi hollarda, 30 tb miqdorda insulin yuborilganda ham shok holati boshlanadi yoki 150—180 tb miqdorda insulin yuborilganda ham shok holati qayt etilmaydi. Shok holatini paydo qilish uchun esa astasekinlik bilan insulin dozasini oshirib borish tavsiya etiladi. Insulin teri ostiga avval 4—8 tb dan boshlab va har kuni 4 tb dan ko‘tarib borish kerak. Bemorda shok holati paydo bo‘lmaguncha, insulin dozasini oshirib borish kerak. Qaysi dozada shok holati boshlansa, shu dozada to‘xtatiladi. Davo kursi 25—30 insulin shokidan iborat. Shok holatiga tushganda, bemorlar tashqi ta’sirotlarga javob reaksiya ko‘rsata olmaydi. Bemorlarning ko‘z qorachiqlari kengaygan bo‘ladi, badani terlaydi. Shunday qilib, bemorlar 30—40 daqiqa shok holatida ushlab turiladi. Keyin esa 40 % 30—40 ml glukoza eritmasidan olib, tomir ichiga asta-sekin yuboriladi va shok holatidan bemorni chiqarib olinadi. Shuncha glukoza eritmasi yuborilgandan keyin, bemor o‘ziga kelib, 1—2 daqiqa ichida eshushi joyida bo‘lgandan keyin, 100—200 g qand eritib nonushta qilinadi.

Hamshira bemorning ovqat yeyayotganini kuzatib turishi kerak. Ko‘pgina bemorlar shok holatidan keyin ham karaxt bo‘lib turadi va ovqatni yeyaolmaydi, og‘zidan tushib ketadi. Agar bemorga glukoza eritmasi yuborilgandan keyin 20—30 daqiqa davomida o‘ziga kelmasa, yana tomir ichiga 40 % 30—40 ml glukoza eritmasi yuborish kerak. Ba’zan esa teri osti 0,1 % 0,5—0,7 ml adrenalin eritmasidan in’eksiya qilinadi. Shok holatidan keyin bemorning ichki kiyimi almashtiriladi. Agar bemorning tomir ichiga glukoza eritmasini yuborishning iloji bo‘lmasa, unda qand sharbatini zond orqali yuborish tavsiya etiladi. Insulin shok holati boshlanishi oldidan ba’zi bemorlarda gavda, qo‘l-oyoqlarda va yuzdagi mushaklarda uchish, tortishib turish va epileptiform tutqanoq kuzatilishi mumkin. Bundan tashqari, kunning ikkinchi yarimida shok holati takroran bo‘lib qolishi mumkin. Shuning uchun hamshiralar har doim bemorlarning ahvolini nazorat qilib turish, ovqatlantirish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishga tayyor turishlari kerak.

Neyroleptiklar bilan davolash[tahrir | manbasini tahrirlash]

Katatonik va katatonik-paranoid holatlarda neyroleptiklar: majeptil (kuniga 60—80 mg dan), leponeks (kuniga 200—400 mg dan), ko‘p miqdorda aminazin, stelazin, galoperidol dorilari beriladi. Qo‘rquv affekti psixomotor qo‘zg‘alish bilan boradigan o‘tkir paranoid holatlarda tomir ichiga galoperidolning stelazin, tizersin bilan birga ishlatiladi. Kasallikning surunkali kechishida, ya’ni vasvasalar kuchayib, klinik belgilar murakkablashib borayotgan hollarda stelazin

(kuniga 40—80 mg dan), galoperidol (20—40 mg dan), etaperazin (150— 200 mg dan) uzoq vaqt beriladi. Odatda, 2—3 neyroleptiklar birgalikda,

tomir ichiga va mushak orasiga qilinadi, keyinchalik ichishga buyuriladi. Rispolept (risperidon) kuniga 2—4 mg dan 1—12 haftagacha, aminazin

2,5 % 1,0 m/o yoki ichish uchun buyuriladi. O‘rtacha bir kunlik dozasi 300 mg dan iborat, davolash muddati 2—3 oygacha cho‘ziladi. Aminazin olgan bemorlarning qon bosimi doimo o‘lchab turiladi. Aminazin ba’zi bemorlarning olgandan keyin qon bosimi birdan tushib ketadi. Bunga ortostatik kollaps deb ataladi. Bunday paytda bemorlarni o‘rniga yotqizib, kordiamin 25 % 1,0—2,0 ml teri ostiga yoki adrenalin 0,1 % 0,5—1,0 ml tomir ichiga yuborish kerak. Davolash kursini daslabki davrida bemorlar o‘rindan turmasliklari kerak. Bemorlarning qon bosimi har kuni o‘lchab turiladi. Aminazin tabletkasi 25 mg dan 150—175 mg gacha (bir kunlik dozasi). Vasvasa holatlarida triftazin 1—5 mg va galoperidol 20—80 mg dan asta-sekin oshirib, 100 mg gacha (bir kunlik dozasi) 3—4 mahal beriladi.

Davoni kasallik belgilari yo‘qolguncha yoki ancha kamayib qolguncha shunday dozada davom ettirish kerak. Keyinchalik dozani 1—5 mg gacha kamaytirib borish kerak. Ruhiy qo‘zg‘alishlarni bartaraf etish uchun shu dorilardan mushak orasiga yoki tomir ichiga in’eksiya qilinadi. Vasvasa boshlanib, ko‘ngilda xavotirlik paydo bo‘lganda, tizersin 12—50 mg gacha (bir kunlik dozasi 100—400 mg gacha) buyuriladi. Depressiv alomatlarga qarshi amitriptilin va mellipramin buyuriladi. Miyadan ketmaydigan holatlarga — nozepam, seduksen, elenium va triftazin beriladi. Ipoxondrik belgilarda — seduksen, tazepam, fenazepam qo‘llaniladi. Irim-sirim harakatlari bo‘lsa, uzoq ta’sir etuvchi neyroleptiklar-modditen depo 2,5 % 1,0—2,0 ml, bu dori oyiga 2—3 marta in’eksiya qilib turiladi. Isterik

belgilarda sonapaks, teralin dorilaridan qo‘llaniladi[2].

Parvarish qilish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shizofreniya bilan og‘rigan bemorlarni qarab borish kerak, ular parvarishga muhtojdirlar. Bemorlar ovqatdan bosh tortsa, ularni ko‘ndirish va o‘zlari ovqat yeydigan qilish kerak. Buning iloji bo‘lmasa, bemorlarni zond orqali ovqatlantirib turish tavsiya etiladi. Shizofreniya bilan og‘rigan bemorlar uzoq turib qoladigan bo‘lsalar, ularni o‘ringa yotqizishga harakat qilish va doimiy hamshiralar nazoratida bo‘lishlari kerak.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent, 2000-yil. 
  2. X. Q. Shodmonov, X. Sh. Eshmurodov O. T. Tursunova. ASAB VA RUHIY KASALLIKLAR. «Bilim» nashriyoti, 2004.