Tormozlanish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tormozlanish (fiziologiyada) — qoʻzgʻalish taʼsirida organlar, toʻqimalar yoki hujayralar nerv markazlari faoliyatini susaytiradigan nerv jarayoni. Odam va hayvonlar markaziy nerv sistemasida T. jarayonlari mavjudligini ilk bor I. M. Sechenov (1863) aniqlagan. I. P. Pavlov oliy nerv faoliyatiga tegishli barcha murakkab jarayonlarda qoʻzgʻalish bilan birga T. sodir boʻlib turishini koʻrsatib bergan. Markaziy nerv sistemasining biron boʻlimida T. paydo boʻlishi uning funksional holati, xususiyati va qoʻzgʻatuvchining kuchi (intensivligi)ga bogʻliq. T. jarayoni kelib chikish joyiga kura, periferik T. (bevosita muskul yoki bez elementlarida yuz beradi) va markaziy T. (markaziy nerv sistemasida amalga oshadi) tafovut kilinadi. Har qanday nerv faoliyati oʻzaro bogʻlangan 2 jarayon: T. va qoʻzgʻalishdan iborat. Bu ikki jarayonning oʻzaro taʼsiri natijasida qon aylanish, nafas olish, ovqat hazm qilish, harakatlanish kabi organizmning eng muhim funksiyalari boshqarib turiladi. Ayrim nerv kasalliklari (epilepsiya va boshqalar) va bir qancha zaharli moddalar (mas., strixnin) taʼsirida markaziy nerv sistemasi faoliyatining buzilishi tirishishga olib keladi.