Samarqand makoni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Samarqand makoni - soʻnggi paleolit davriga oid yodgorlik (mil. av. 40—12 ming yillik). Samarqand shahrida, uncha katta boʻlmagan Chashmasiyob soyining oʻng qirgʻogʻida joylashgan. 1939 yilda N. G. Harlamov tomonidan ochilgan. Shundan soʻng turli yillar (1958 yildan 1967 yilgacha)da D. N. Lev, M. J. Joʻraqulov, B. X. Botirov, Yu. P. Xolyushkin va V. A. Xolyushkina kabi tadqiqotchilar tomonidan oʻrganilgan. Soʻnggi paleolitga oid 3 ta — yuqori, oʻrta va quyi madaniy qatlamlar aniqlangan. Tadqikotlar natijasida 6 mingdan ziyod hayvon suyaklari, juda koʻplab tosh qurollar topilgan. Bu topilmalar aholining , asosan, ovchilik bilan shugʻullanganligidan dalolat beradi. Nayza oʻq uchlari, asosan, tosh va suyakdan, qisman yogʻochdan ishlangan. Sm. jamoasi xoʻjaligida yogoch va suyakni qayta ishlash hamda tosh kurollar tayyorlash muhim ahamiyatga ega boʻlgan. Tosh, suyak va chigʻanoqdan takinchoqlar yasashgan. Makonda hunarmandchilik bilan shugʻullanish uchun maxsus maydon boʻlgan. Tosh qurollar yasash uchun xom ashyo Choʻponotadan keltirilgan. Ishlab chiqaruvchi kuchlarning asosi boʻlgan mehnat qurollari astasekinlik bilan takomillashib borgan. Makondagi har uchala qatlamdan topilgan topilmalar shundan dalolat beradi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil