Qonun (cholgʻu)
Qonun — Oʻrta va Yaqin Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan torlitirnama cholgʻu. Uning asosi qanotsimon, yassi quti shaklida boʻlib, yogʻochdan ishlanadi. Mazkur qismining ustiga yogʻochdan yoʻnilgan qopqoq qoplanadi. Qopqoq ustiga torlarni koʻtarib turuvchi koʻtargichlar oʻrnatiladi. Qonunning umumiy uz. 800–900 mm, eni 380–400 mm atrofida, torlar soni 72 dona (har bir tovush uchta tordan iborat) boʻlib, ichak, hozirda kapron va metalldan ishlanadi. Tovushqatori temperatsiya qilingan, umumiy diapazoni 3 oktavadan oshadi. Qonun tizzaga qoʻyilgan holda, koʻrsatkich barmoqlarga kiydirilgan maxsus moslamalar yordamida tirnab chalinadi. Oʻrta asrlarda Darvish Ahmad Qonuniy (15-asr), Jaʼfariy Samarqandiy (15-asr), Amir Ali Akbariy Samarqandiy (16-asr) kabi mashhur qonunchilar oʻtgan. Q. Oʻzbekistonda 1930-yillargacha ishlatilgan, 1980 yil sozanda (changchi va Q.chi) Abdurahmon Xoltojiyev tomonidan qayta ijodiy amaliyotga kiritilgan. Hozirda Q. ijrochiligida A.Asqarov, R.Haydarova kabi sozanda-oʻqituvchilar tanilgan.
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() | Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |