Oʻzboʻy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oʻzboʻy (Uzboʻy, Gʻarbiy Oʻzboʻy) — Turkmanistonning shimoli-gʻarbidagi choʻlda joylashgan qadimiy daryo vodiysi. Sariqamish choʻkmasining janubiy chekkasidan boshlanib Kaspiy dengizining Bolxon qoʻltigʻigacha choʻzilgan. Unda shoʻrxok, botiq va koʻllar koʻp. Vodiyning tubida shakllangan eski oʻzan meandrlar hosil qilgan. Shimoli-gʻarbda Qoraqum choʻliga tutashgan. Oʻ.ning uz. 550 km, barcha tirsaklari bilan 775 km. Eni har yerda har xil. Baʼzi joylarining eni 4–6 km, chuq. 20–30 m. Ayrim joylarda vodiy 100–200 m gacha torayib, yon bagʻirlari tik tushgan dara koʻrinishida. Bunday joylarda uning chuq. 40–50 m. Oʻ.ning chap qirgʻoq tomoni qadimiy (pliotsen va quyi toʻrtlamchi davr) Amudaryoning qumgilli yotqiziqlari ustida shakllangan Pastqam Qoraqumga toʻgʻri keladi. Oʻng qirgʻoq tomoni esa bu jihatdan murakkabroq tuzilgan. Bu yerda oqim boʻylab, oʻzining geologik va relyef tuzilishi bilan farqlanadigan Qoplonqir, Uchtaganqum, Chiloʻngqir, Takajik, Chilmamedqum kabi hududlar bor. Ulardan janubi-gʻarbda Oʻ. Katta Bolxon va Kichik Bolxon tizmalari oraligʻidagi Bolxon yoʻlagidan oʻtadi va Kelkor shoʻrxogiga kelib tutashadi. Bu shoʻrxoklik Oqtom quruq oʻzani orqali Kaspiy dengizining Bolxon qoʻltigʻi oʻrnida hosil boʻlgan shoʻrxoklar bilan qoʻshilib ketadi. Vodiyning oʻzani Sariqamish botigʻidan Kaspiy dengizi tomon 75 m ga pasayadi. Oʻ. qadimda daryo oʻzani boʻlib, unda Amudaryo suvining bir qismi oqib turgan. Oʻzanda pogʻonalar — eski sharsharalarning qoldiqlari bor; oʻzan boʻylab terrasa (qoʻhna qayir)lar choʻzilgan. Oʻ. da saksovul, koʻllar yaqinida yulgʻun, qamish oʻsadi. Yasxan koʻli atrofida yirik chuchuk yer osti suvi havzasi topilgan, undan Bolxonobod (avvalgi Nebitdogʻ) ga suv quvuri oʻtkazilgan.

Antik davr (Gerodot) va oʻrta asr mualliflari (Muqaddasiy, Hamdallah Qazviniy, Hofizi Abru, Abulgʻoziy) Oʻ.ni Amudaryoning Kaspiy dengiziga quyiladigan tarmogʻi deb hisoblaganlar. 19-asr oxiri — 20-asr boshlari va 2-yarmida Oʻ.ning paydo boʻlishi masalasi bilan geograf, geolog va tarixchilar shugʻullanganlar (V.V.Bartold, A.S. Kes, S.P.Tolstov va boshqalar). 1947, 1950 — 54, 56 yillarda Oʻ.ning arxeologiyasi oʻrganilgan. Miloddan avvalgi 4-ming yillikdan 1-ming yillikning 1-yarmigacha Oʻ. boʻylab Sariqamish koʻli orqali Kaspiy dengiziga suv oqqanligi aniqlangan. Arxeologik tekshirishlar natijasida Oʻ. qirgʻoqlaridan koʻplab neolit manzilgohlari, bronza davriga xos sopol idishlar, shuningdek, miloddan avvalgi 7—5-asrlarga oid manzilgohlar topilgan.

Miloddan avvalgi 1-ming yillikning oʻrtalarida Oʻ. boʻylab suv oqmay qoʻygan. Arxeologik va tarixiy maʼlumotlar oʻrta asrlarda ham Oʻ. da 2—3 marta, garchi qisqa muddatli boʻlsa ham, suv oqqanligidan darak beradi. 10—13-asrlarda Oʻ. da Xorazmdan Xurosonga oʻtgan karvon yoʻli va koʻp karvonsaroylar, sardobalar boʻlgan. Oʻrta Osiyoning choʻlli hududlarida faqatgina qisqa davr mobaynida suv oqqan yoki umuman suv oqimi toʻxtagan quruq oʻzanlar ham Oʻ. deb ataladi.

LL:Tolstov S.P., Po drevnim deltam Oksa vaYaksarta, M., 1962; Kes A. S., Ruslo Uzboy i yego genezis ("Tr. Inta geografii AN SSSR", M.L., 1939, t.30).

Shuhrat Zokirov.