Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi
Turi tijorat banklari uyushmasi
Status Bank
Joylashuvi Islom Karimov shoh koʻchasi, 2-uy
Hududiy xizmati Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Rais Baxtiyor Hamidov
Ishchilar soni 2000dan ortiq
Aʼzolari Boshqaruv kengashi
Vebsayti cbu.uz
Til(lar)i Oʻzbek

Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi — respublika tijorat banklari uyushmasi; aʼzo banklarning qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qiladigan, ularga har tomonlama yordam beradigan notijorat, nodavlat tashkilot. Ijroiya direksiyasi Toshkent shahrida. 1995-yil 28-iyulda taʼsis qurultoyida tashkil etilgan. Oʻzbekistonda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish jarayonida tijorat banklari faoliyatini muvofiqlashtirish, xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy bank infratuzilmasini yaratish, xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklar, bank uyushmalari bilan aloqalarni rivojlantirish, milliy bank tizimi faoliyati uchun tashkiliy-huquqiy sharoitlarni yaratish, bank mutaxassislari tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini tubdan yaxshilash, tijorat banklarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga koʻmaklashish va boshqalar assotsiatsiyaning asosiy vazifalariga kiradi. Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasining oliy organi — tijorat banklari qurultoyi. Oʻzbekiston banklari assotsiatsiya bank mutaxassislari tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha infratuzilmasi respublika umumtaʼlim maktablari qoshidagi 39 ta ixtisoslashtirilgan bank sinflari, 5 ta bank kasb-hunar kolleji, iqtisodiyot yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlarining bank-moliya sohasi uchun mutaxassislar tayyorlovchi fakultetlarini, mintaqaviy oʻquv markazi, Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan Bank-moliya akademiyasini oʻz ichiga oladi. Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi tarkibida banklarga zamonaviy moliya xizmatlari koʻrsatadigan "Hamroh loyiha invest" qoʻshma korxonasi, "Moliya binokor xizmat" korxonasi, "Baraka" universal lizing, "AxborReyting" banklararo reyting, "Investgrast" banklararo investitsiya, "Ishonch" banklararo sugʻurta kompaniyalari (hammasi 1996-yilda tashkil etilgan), "Banklararo maslahat xizmati" (1999), "Universal birja markazi", Kimoshdi, tanlov va tender savdolarini tashkil qilish agentligi (2003), Banklararo kredit byurosi (2004), Yagona umumrespublika protsessing markazi (2004) faoliyat koʻrsatadi. Nukus, Jizzax, Fargʻona shahrilarida mintaqaviy muassasalari tashkil etilgan. Ular orqali mintaqalardagi banklarga yuridik, kadrlar masalalarida yordam, shuningdek, yirik dasturlarni amalga oshirishda banklar resurslarini birlashtirish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish, kichik biznes vakillari va tadbirkorlarga kreditlar ajratish, dehqon va fermer xoʻjaliklariga lizing xizmatlari koʻrsatish va boshqalar ishlarda amaliy yordam koʻrsatiladi. Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi rivojlangan mamlakatlarning deyarli barcha banklar uyushmalari hamda yirik moliya institutlari bilan yaqin aloqalar oʻrnatgan.[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]