Kontent qismiga oʻtish

Paxtabank

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"PAXTA-BANK" – 1995-2009-yillarda Oʻzbekistondagi yirik aksiyadorlik-tijorat banklaridan biri hisoblangan. 2009-yilda uning negizida "Agrobank" aksiyadorlik tijorat banki tashkil etilgan.

Tashkil etilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Paxta-bank“ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 27-iyuldagi "Ixtisoslashtirilgan aksiyadorlik tijorat „Paxta-bank“ni tashkil etish toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq „Oʻzdehqonsanoatbank“ negizida tashkil etilgan[1]. Boshqaruvi Toshkent shahrida. Bank taʼsischilari: „Oʻzqishloq-xoʻjalikkimyo“ davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, „Oʻzagrosugʻurta“ davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasi hisoblangan.

„Paxta-bank“ keng tarmokli universal banklardan biri hisoblanib, 13 ta viloyat boshqarmasi, 183 ta tuman boʻlimlari va 162 ta mini-banklardan iborat boʻlgan. Bank respublika qishloq xoʻjaligi korxonalariga turli xizmatlar koʻrsatgan. Davlatning moliyaviy agenti sifatida xoʻjaliklarda yetishtiriladigan paxta, gʻalla, sholi mahsulotlari uchun boʻnak mablagʻlari bergan, fermer xoʻjaliklarini kreditlar bilan taʼminlagan. Shuningdek, bank qishloq xoʻjaligi korxonalarini texnika bilan taʼminlashni davlat tomo-nidan ragʻbatlantirish fondining moliyaviy agenti vazifasini bajargan.

„Paxtabank“ „Paxta-invest“ boshqaruvchi kompaniyasi va „Paxta-servis“ depozitariysi shoʻba korxonalariga ega boʻlgan. Bank 1993-yildan buyon Turkiyaning „Ziroatbanki“ bilan birga Oʻzbekistondagi birinchi Oʻzbekiston-Turkiya „OʻTbank“ning muassisi hisoblangan. „Paxta-bank.“ Osiyo-Tinch okeani qishloq xoʻjaligini kreditlash uyushmasi (APRAKA) hamda Xalqaro qishloq xoʻjaligi kre-diti konferensiyasi (KIKA)ning teng huquqli aʼzosi hisoblangan.

Bank tomonidan berilgan jami kreditlar miqdori 91 mlrd. soʻmni tashkil etdi; 84 mingdan ziyod yuridik va 148 ming jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatgan (2003). Ustav kapitali 12,5 mlrd. soʻm, jamlanma kapitali 35 mlrd. soʻm, valyuta balansi 197 mlrd. soʻm (2003-yil 1-yanvar).[2]

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-martdagi „AGROBANK“ aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisida"gi qaroriga asosan „Paxtabank“ aksiyadorlik tijorat banki „Agrobank“ aksiyadorlik tijorat banki etib qayta tashkil etilgan.[3]