Oʻq-yoy (zargarlik)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

"OʻQ-YOY" — zargarlik buyumi; Xorazm ayollarining bosh kiyimining ensa (gardon) qismiga mustahkamlanadigan taqinchogʻi. Taqyatuzi, osmatuzi va yarimtirnoq kabilar bilan birgalikda ansambl hosil qiladi. Taqinchoq shakli "oʻqyoy"ni eslatadi (nomi shundan). Toʻgʻri toʻrtburchakli tepa va yoysimon (kamalak) shakldagi quyi qismdan iborat. Tepa qismi atrofi feruza koʻzlar bilan hoshiyalanib, yuzasiga simkori usulida yelpigʻichsimon bezaklar ishlanadi, baʼzan bezaksiz ham boʻladi; uning yuqori qismi oʻrtasiga ukpar uchun naycha ishlanib, naychaning ostiga oʻqning uchini eslatuvchi uchburchaktumor shakli osiladi (u ham ziynatlangan). Yoysimon quyi qismi yuzasi 3 qator feruza koʻzlar qadab bezatilgan, uning quyi qismiga marjon hamda yaproqchalardan tuzilgan hashamdor shokilalar osilgan. 19-asr oxiridan urfdan qola boshlagach, koʻkrakka ham taqilgan.