Nasafiy (tarixchi)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Nasafiy, Abu Hafs Najmiddin Umar ibn Muhammad (1069-1142) — tarixchi, faqih, tilshunos, muhaddis, mufassir olim. Uning musulmon qonunshunosligiga doir „al-Manzumat an-nasafiya fil-xilofiyot“ („Kelishmovchiliklar borasida Nasafiyning nazmiy asari“), „Aqoid an-nasafiy“ („Nasafiy aqoidi“), shariat qonunlari va Qurʼoni karim sharhiga doir „al-Yavoqit fil-mavoqit“ („Qulay vaqtlar xususida yoqutlar“), 3 kitobdan iborat (100 bosma taboq hajmida) „Taysir fit-tafsir“ („Tafsir etishdagi qulayliklar“), shuningdek, tasavvufga doir „Risolayi Najmiya“ kitobi bizgacha yetib kelgan boʻlib, ular yetarli tadqiq etilmagan. Musulmon olamida Nasafiy asarlariga qiziqish qadimdan katta boʻlgan. Uning „al-Manzumat un-nasafiya“ asariga zamondoshi Alouddin Abulmujohid Muhammad Samarqandiy (vaf. 1157 y.) „Hasrul-masoil va kasrud-daloyil“ („Masalalarning cheklangani va dalillar kasri“) deb nomlangan sharh bitgan. Sohibqiron Amir Temur davri olimlaridan Saʼduddin Masʼud ibn Umar Taftazoniy (vaf. 1390 y.) Nasafiyning „Aqoid an-Nasafiy“ asariga „Sharh ul-aqoid un-nasafiya“ nomli sharh yozgan. Nasafiyning „al-Qand fiy zikri ulamoi Samarqand“ ["Samarqand ulamolari xotirasiga doir qand(dek shirin) kitob"] nomli asari, asosan, samarqandlik mashhur kishilar hayoti va faoliyati hamda ular rivoyat qilgan hadislarga bagʻishlangan. Unda Movarounnahr tarixi, toponimikasi hamda Islom tarixiga doir muhim maʼlumotlar mavjud. Asarga kiritilgan mashhur shaxslar tarjimai holi arab alifbosi tartibida joylashtirilgan boʻlib, uning bizgacha yetib kelgan qoʻlyozma nusxasining „xo“dan „kof“ harflarigacha boʻlgan qismigina saqlanib qolgan. Shunday boʻlsada, bu asar mustaqil yurtimiz oʻtmishiga doir boʻlak manbalarda uchramaydigan maʼlumotlarga ega ekanligi boisidan nihoyatda muhimdir. „Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi“ davlat ilmiy nashriyoti Nasafiyning ushbu asarining qisqartirilgan holdagi oʻzbekcha tarjimasini „Samarqandiya“ nomi ostida chop etgan (2001).[1]

Tarjimai holi[tahrir]

O‘rta asrlarda turli ilm sohalarida faoliyat olib borgan ushbu mutafakkir va qomusiy olimning ismi manbalarda kengaytirilgan holda Najmuddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon an-Nasafiy as-Samarqandiy shaklida beriladi. „Najmuddin“ („Dinning yulduzi“) laqabining berilishiga sabab uning islom ilmi sohalari bo‘yicha ko‘rsatgan xizmatlarining katta bo‘lganligini ko‘rsatadi. Nasafiy Qur’on, hadis, aqida va fiqh kabi ilmlarni mukammal bilgan, sheʼriyat sohasida qalam tebratgan va tafsir, hadis, kalom, fiqh va sheʼriyatga doir ko‘plab asarlarni meros qoldirgan. Movarounnahrdagi Samarqand, Buxoro, Nasaf kabi, shuningdek, Bag‘dod, Marv kabi ilm markazlarida ko‘plab olimlardan dars olgan va qator shogirdlarga dars bergan.

Olim o‘z davrida hadis ilmini bilimdoni sifatida „al-Hofiz“, fiqh olimi sifatida „al-Faqih“, yirik tasavvuf namoyandasi sifatida „az-Zohid“ unvonlariga musharraf bo‘lgan. Movarounnahrda hanafiy mazhabining rivojiga qo‘shgan hissasi ulkan bo‘lgani bois olim ismiga „al-Hanafiy“ nisbasi ham qo‘shib aytiladi. Asli Nasafdan bo‘lgan bu olim umrining asosiy qismini Samarqandda o‘tkazgani uchun manbalarda „an-Nasafiy summa as-Samarqandiy“ („nasaflik“, so‘ngra „samarqandlik“) deya tavsiflanadi. Nasafning qadimiy nomi „Naxshab“ bo‘lgani bois, muallifning nasabi baʼzi manbalarda „an-Naxshabiy“ shaklida ham uchraydi.

Nasafiy yoshlik davrini Nasafda o‘tkazgan, 30 yoshidan so‘ng Samarqandga borgan. Umrining asosiy, ilmiy-ijodiy qismini shu shaharda o‘tkazgan va o‘z tahsilini davom ettirgan. Shahardagi „Dor al-juzjoniya“ nomli markaz uning yetuk olim bo‘lib yetishishida katta ahamiyat kasb etgan. Keyinchalik olim ushbu ilm markazida mudarrislik qilgan.

Nasafiy 1113 yili 45 yoshida Makkai Mukarramaga hajga yo‘l oladi. U o‘z safari davomida Bag‘dod shahrida bo‘lib, u yerdagi taniqli olimlar suhbatidan bahramand bo‘ladi. Bag‘doddagi Amir Xumor-tegin ibn Abdulloh madrasasida hadis ilmidan dars beradi. Hadis roviysi Abul Qosim ibn Bayondan hadislar yozib oladi. Abul Abbos Muhammad ibn Yunus al-Kudaymiy va Saraxsda Abul Fadl Muhammad ibn Ahmad as-Soig‘iy kabi ulamolardan hadislar eshitadi. Bag‘dodlik muhaddis olim Ibn an-Najjor Nasafiy jamlab taʼlif etgan „Tatvil al-asfor li-tahsil al-axbor“ („Xabarlar talabidagi uzoq safarlar“) nomli asaridan dars olib, uni o‘z shogirdlariga rivoyat qilgan. Mazkur asarda Nasafiy o‘zining barcha ustozlari haqida xabar bergan. Ammo olimning Bag‘dod, Makka va Madinaga qilgan safari uzoqqa cho‘zilmadi. U tez orada o‘z ona yurtiga qaytdi.
Olimning ijodi o‘z yurtiga bo‘lgan kuchli muhabbat, milliy qadriyatlarga chuqur hurmat, ilm ahliga mehr va samimiyat tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgan. Allomaning „shoh asari“ — „Kitob al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand“ Movarounnahr o‘lkasidan yetishib chiqqan mingdan ziyod yurtdoshlarimizning hayoti va ilmiy faoliyati haqidagi qimmatli biografik maʼlumotlarni bergan.
Nasafiyning tug‘ilib ulg‘aygan ona yurti Nasaf o‘sha davrda Movarounnahrning yirik ilmiy markazlaridan biri bo‘lgan. Yirik muhaddis olim Imom Buxoriy o‘z ilmiy safarlaridan birida Nasafga tashrif buyurgan edi. Nasafiy ilk tahsilini shu shaharda olib, yoshligidan ilmga muhabbati, ustozlarga hurmati, namunali odobi bilan tanilgan. Nasafiy ilm olish niyatida boshqa yurtlarga borgan va ko‘plab ustozlardan taʼlim olgan.
Nasafiy yashagan davrda Movarounnahrda turli ilm sohalari rivojlangan edi. Xususan, olim o‘z umrning asosiy ijodiy qismini o‘tkazgan Samarqand shahrida muhaddislar uylari, mahallalar, guzarlar, masjid va madrasalar kabi hadis toliblari yig‘iladigan joylar hadis ilmi markazlari bo‘lgan. Shulardan biri „Dorul Juzjoniya“ nomli ilm dargohi bo‘lib, u yerda XI-XII asrlarda muhaddislar qizg‘in faoliyat ko‘rsatganlar.
Nasafiy haqida unga zamondosh va undan keyin yashagan mualliflar tomonidan yozib qoldirilgan maʼlumotlar ko‘plab manbalarda uchraydi. Nasafiyning hayoti haqida aniqroq maʼlumotlarni uning zamondoshi Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad as-Sam’oniy al-Marvaziy (v. 1167) beradi. Masalan, u o‘zining „Kitob al-ansob“ („Nasablar kitobi“) asarida Nasafiyning nomini 27 o‘rinda tilga oladi. Sam’oniydan keyingi mualliflar esa uning maʼlumotlarini o‘z asarlarida takrorlaydilar va faqat ayrim hollardagina yangi baʼzi qo‘shimcha maʼlumotlarni keltiradilar. Abu Saʼd Sam’oniy Nasafiy bilan maktublar orqali ilmiy muloqotda bo‘lib turganini faxr bilan zikr etadi.
Nasafiy 74 yil umr kechirib, juda sermahsul ijod qilgan. U ko‘proq Samarqand shahrining „Sikkat al-labbodin“ („Kigizchilar ko‘chasi“) mavzeidagi ko‘chalarning birida hayot ke¬chirgan. Bu mahalla keyinchalik uning sharafiga „Zuqoq Abi Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy“ („Abu Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy ko‘chasi“) deb atala boshlagan.
Nasafiy 461/1068 yili Nasafda tavallud topgan va 537 yil 12 jumodu-l-avval/1142 yil 3 oktyabr kuni Samarqandda vafot etgan. Alloma Chokardiza qabristoniga, „Imom al-hudo“ („Hidoyat yo‘lboshchisi“) Abu Mansur Moturidiy yoniga dafn etilgan.

Ustozlari[tahrir]

Olim ilmi bo‘yicha o‘zining eng birinchi ustozi sifatida Abul Abbos Mustag‘firiyning nevarasi hofiz Abu Rajo Qutayba ibn Muhammad al-Usmoniy an-Nasafiyni (vaf. 1081 y.) zikr etadi. Abu Rajo Nasafdagi „Bob maqsura“ nomli joydagi juma masjidida imlo darslarini o‘tganida, yosh ilm tolibi Nasafiy umrida birinchi marotaba hadislarni xatga tushira boshladi.
Nasafiy ilk ustozlaridan yana biri — adib, faqih Abul Hasan Ali ibn Muhammad Nasafiy al-Kasbaviy (vaf. 1092 y.) edi. U Nasafiyga ona yurtida adab ilmidan tahsil berdi. Shuningdek, olim al-Qodiy al-Imom al-Xatib Abu Muhammad Ismoil ibn Muhammad an-Nuhiy Nasafiydan (vaf. 1089 y.) Mustag‘firiy rivoyatlarini eshitgan. Nasafiy Nuhiylar sulolasi vakillaridan ayrimlarini o‘z asarida hurmat bilan tilgan olgan.
„Kitob al-qand“ asarida Nasafiyning jami 26 ta nasaflik ustozlariga tegishli tarjimai holni ko‘rishimiz mumkin. Ulardan 18 tasi Samarqandda olimga hadis aytgan. Bundan Nasafiyning Movarounnahrdagi yirik ilm markazi hisoblangan Samarqand shahri ulamolari bilan yaqin ilmiy aloqada bo‘lgani maʼlum bo‘ladi.
Haj safari davomida olimga Bag‘dodda hadis rivoyat qilgan Abul Qosim ibn Bayon va Abul Abbos Muhammad ibn Yunus al-Kudaymiy, Saraxsda hadis rivoyat qilgan Abul Fadl Muhammad ibn Ahmad as-Soig‘iylarni ham kabi ulamolarni ham uning ustozlari qatorida sanab o‘tish mumkin.
Nasafiy Buxoroga borib u yerda ash-Shayx al-Imom ar-Rais Said ibn Muhammad al-Xorazmiy kabi mudarris shayxlardan fiqh ilmidan tahsil olgan.
Olim hadis ilmi borasida Movarounnahrning yetakchi muhaddislari bilan muloqotda bo‘lib, dars oldi. O‘zining eʼtirof etib aytishicha, 550 shayxdan hadis rivoyat qilgan. Yana u barcha ustozlari nomlarini „Ti’dod ash-shuyux li-Umar mustatrif alo-l-huruf mustatir“ („Alifbo tartibida berilgan Umarning ustozlari sanog‘i“) asarida birma-bir sanab o‘tganini taʼkidlaydi. O‘sha davrda mashhur bo‘lgan mazkur asar, afsuski, bizgacha yetib kelmagan.
Nasafiyga ko‘plab hadislarni o‘rgatgan ustozlari orasidan Abu Ali al-Hasan ibn Abdulmalik ibn Ali ibn Muso ibn Isrofil Nasafiy (XI-XII asrlar), Umar ibn Ahmad ibn Muhammad ibn ash-Shabib ash-Shabibiy ad-Dizakiy (v. 1117-18), Abu Muhammad Abdulloh ibn Ahmad an-Nofila (v. 1109-10) nomlarini alohida taʼkidlab o‘tish lozim.
Jumladan, birinchi ustozi Hasan ibn Abdulmalik Nasafiyning nomi olimning „Kitob al-qand“ asarida 135 o‘rinda zikr etiladi. Nasafiy bu ustozidan Abul Abbos Mustag‘firiyning maʼlumotlarini rivoyat qilgan. Mustag‘firiy „ulum al-hadis“ sohasidagi yirik olimlardan bo‘lib, bevosita „al-jarh va-t-taʼdil“, yaʼni hadislarni ishonchli yoki zaifga ajratish ilmining bilimdoni bo‘lgan. Uning bu sohada olib borgan tadqiqotlari natijalari avvalambor „Tarixi Nasaf“da jamlangan. Bu asarni Abu Saʼd as-Sam’oniy ikki jildli katta kitob, deb tavsiflaydi. Demak, Nasafiy olim Mustag‘firiy maʼlumotlarini bir kishi vositasida naql etadi.
Ikkinchi ustozi — Umar ibn Ahmad ash-Shabibiy ad-Dizakiy. U o‘z ustozi Umar ibn Ahmad al-Forisiydan (v. 1062-63) olgan bilimlarini Nasafiyga yetkazgan. Movarounnahr ilm-fani tarixiga oid yozilgan „Kitob al-kamol fi maʼrifat ar-rijol bi-Samarqand“ („Samarqand ulamolaridan hadis roviylarini bilish bo‘yicha mukammal kitob“) asaridagi maʼlumotlarni Nasafiy aynan shu ustozidan olgan. Mazkur asar Abu Saʼd Abd ar-Rahmon ibn Muhammad al-Idrisiy (v. 1015) tomonidan yozilib, „Kitob al-kamol“ boshqa mualliflar qatori Nasafiyga asosiy yozma manba bo‘lib xizmat qilgan.
Uchinchi ustozi — Abu Muhammad Abdulloh ibn Ahmad an-Nofila as-Samarqandiy (v. 1109-10). Nasafiy „Kitob al-qand“da 45 o‘rinda uning maʼlumotlaridan foydalangan. Ammo Nasafiyning asarida mashhur muhaddis hofiz Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh an-Najjorning nevarasi bo‘lmish ushbu ustozi haqida uning vafot etgan yilidan boshqa to‘liqroq maʼlumot bizga yetib kelmagan.
Nasafiy yuzlab ustozlardan hadis rivoyat qilishidan maʼlum bo‘ladiki, olim yoshligidan boshlab bu ilm bilan shug‘ullanishga jiddiy eʼtibor bergan. Uning ustozlari orasida Nasaf, Samarqand kabi Movarounnahrdan chiqqan va islom olamida mashhur bo‘lgan olimlarni uchratish mumkin.

Shogirdlari[tahrir]

Nasafiyning shogirdlari qatorida birinchi o‘rinda uning 1113 yilda tavallud topgan va „al-Majd“ laqabi bilan tanilgan o‘g‘li Abul Lays Ahmad ibn Umarni zikr etish mumkin. Olimning bu o‘g‘li haqida Abu Saʼd as-Sam’oniy iliq fikrlarni bildirib, uning faqih, fozil, voiz va yetuk inson bo‘lganini taʼkidlaydi. As-Sam’oniy 1154 yilda Samarqandga borganida Abul Lays bilan uchrashib, ilmiy muloqotda bo‘lgan. Uning aytishicha, bir-birlari bilan tez-tez uchrashib turishar, Majd undan baʼzi kitoblarni olib turar edi.
Majd Nasafiy 1156 yilda haj safariga otlandi. U 1157 yilda Bag‘doddan qaytayotib, Bistom shahridan o‘tganida ismoiliylardan bo‘lgan qaroqchilar — „ahl al-qilo“ („qal’alar ahli“) guruhi karvon yo‘lini to‘sadi. Ular karvondagi Hijozdan kelayotgan yetmishdan ortiq kishi, jumladan, juda ko‘plab ulamolarni qirib tashladilar. Ular orasida Majd Nasafiy ham bor edi. U Bistom nohiyasidagi bir qishloqda dafn etildi.
Nasafiy shogirdlari orasida aksariyat hollarda nasaflik muhaddislarni uchratamiz. Ular qatorida Abu Muhammad Abdulloh ibn Ali Nasafiy (XII asr), Abul Qosim Muhammad ibn Muhammad Nasafiy (XII asr), Abu Bakr Muhammad ibn al-Hasan Nasafiylarni (XII asr) zikr etish mumkin. Ammo Nasafiyning shogirdlari orasida Abu Muhammad al-Hasan ibn Ahmad as-Samarqandiy, Abu Nasr Ahmad ibn Abdurrahmon ar-Rig‘damuniy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ibrohim an-Nurbashtiy kabi Nasafdan tashqaridagi muhaddislar ham uchraydi. Nurbashtiy Nasafiydan Bag‘doddagi „Xumor-tegin“ madrasasida hadis eshitgan.
Abu Saʼd as-Sam’oniy o‘z ustozlari haqida maʼlumot bergan „Muntaxab mu’jam shuyux as-Sam’oniy“ („as-Sam’oniy ustozlari qomusining saylanmasi“) nomli asarida Nasafiyning hadis ilmidagi salohiyatiga shunday baho beradi: "Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Hofiz Nasafiy Samarqandiy Nasaf ahlidan bo‘lib, Samarqandda yashagan. U mazhab va adab ilmining bilimdoni bo‘lgan imom, faqih va fozil kishilardan edi. Fiqh va hadis bo‘yicha asarlar yozgan. Muhammad ibn al-Hasan ash-Shayboniyning (v. 804-05) „al-Jomi as-sag‘ir“ („Kichik to‘plam“) asarini nazmga solib, sheʼriy usulda bergan… Ustoz jamlash va tasnif qilish bo‘yicha peshqadam olimlardan biridir. U Abu Muhammad Ismoil ibn Muhammad an-Nuhiy Nasafiy, Abul Yusr Muhammad ibn Muhammad ibn al-Husayn al-Pazdaviy, Abu Ali al-Hasan ibn Abdulmalik Nasafiy va ulardan boshqa ko‘plab kishilardan hadis eshitgan. Men u kishini tiriklik chog‘ida Samarqandda uchratmagan bo‘lsam-da, Abu Hafs Nasafiydan yozma ravishda barcha eshitganlari (masmuot) va to‘plamlari uchun ijoza olganman. Bir jamoa kishilar undan menga hadis rivoyat qilganlar… U hadisni va uni o‘rganishni yaxshi ko‘rar edi. Uning juda chiroyli fiqhiy va hikmatli sheʼrlari bor edi".
Abu Saʼd Sam’oniyning bergan taʼrifidan shunday xulosa qilish mumkinki, Nasafiy o‘z davrida Samarqandning eng mashhur muhaddislaridan edi. Hadis bo‘yicha juda ko‘p ustozlari bo‘lib, bu ilmga oid ko‘plab asarlar yozgan. Olim faqat o‘zi yozgan asar va to‘plamlar bilan kifoyalanmay, o‘sha davrdagi mashhur ulamolarning asarlarini shogirdlariga imlo qilib yozdirgan. Talabalar oson tushunishlari uchun ularni sharhlab, esda saqlab qolishlari uchun sheʼriy usulda bayon etgan.

Asarlari[tahrir]

Nasafiy bir necha yillik ilmiy safarlar va ulamolar suhbatidan hosil bo‘lgan bilim va tajribalariga asoslangan holda bir qator fan sohalarida asarlar yozdi. Manbalarda alloma o‘zidan yuzdan ortiq ilmiy asar qoldirgani haqidagi maʼlumot mavjud. Ularni tafsir, hadis, kalom, fiqh va sheʼriyat kabi shartli besh guruhga bo‘lish mumkin.
Tafsir ilmi bo‘yicha olim „at-Taysir fi (ilm) at-tafsir“ („Tafsir ilmiga oid osonlashtirilgan kitob“) asarini yozgan. U to‘rt jilddan iborat bo‘lib, unda Qur’on oyatlarining sharhi o‘ziga xos tartibda berilgan.
Hadis ilmida olim muayyan mavqeni egallagan. Unga „al-Hofiz“ nomining nisbat berilishi fikrimiz dalilidir. Hofiz darajasiga erishgan muhaddislar kamida 20 ming, baʼzi kitoblarga ko‘ra 50 ming yoki 100 ming va undan ortiq hadislarni matn va isnodlari bilan to‘liq yod bilganlar.
Allomaning hadis ilmida peshqadam bo‘lganini uning bu sohada yozgan asarlari ham tasdiqlaydi. Masalan, Nasafiy Imom Buxoriyning „al-Jomi as-sahih“ asarini sharhlab, o‘zining „an-Najoh fi sharh axbor kitob as-sihoh“ („Sahih kitobidagi xabarlarni sharhlash bo‘yicha erishilgan yutuqlar“) nomli kitobini yozdi.
Hozirgi kunda Nasafiyning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan „Matla an-nujum va-majma al-ulum“ („Yulduzlarning chiqish joyi va ilmlarning tutashgan yeri“) nomli katta hajmdagi qomusiy nodir qo‘lyozma asarining bir qismi ham hadis ilmi hamda vaʼz-nasihatlarga bag‘ishlangan.
Bundan tashqari, olim hadis ilmining turli janrlariga bag‘ishlangan „Tatvil al-asfor li-tahsil al-axbor“ („Xabarlar talabidagi uzoq safarlar“) asarining ham muallifidir.
Kalom ilmida Nasafiy Imom Moturidiy anʼanalarini davom ettirdi. Masalan, Abu Ali al-Hasan ibn Abdulmalik al-Moturidiy, sahoba Abu Ayyub Xolid al-Ansoriy avlodi bo‘lmish Abul Hasan Ali ibn al-Hasan al-Moturidiy kabi olimlar Nasafiyning ustozlari edilar. Nasafiy o‘zining bilvosita ustozi Imom Moturidiy taʼlimotini ixcham va qisqa shaklga keltirib, moturidiylik taʼlimotini keng yoyishga xizmat qildi. U yaratgan „Aqoid an-Nasafiy“ asari islom olamida keng tarqalgan bo‘lib, unga ko‘plab sharh va hoshiyalar yozilgan. Olim kalomga oid birgina shu asarni yozgan bo‘lsa-da, uning ilohiyotchi sifatida shuhrat qozonishiga sabab uning juda qisqa holda islom aqidasini nazariy asoslab berganidir.
Fiqh ilmi bo‘yicha Nasafiy o‘zidan so‘ng hanafiy fiqhiga oid boy ilmiy meros qoldirdi. Manbalarda uning bu sohada yaratgan sakkizta asarining nomi keltiriladi. Ulardan „Kitob ad-doir fi-l-fiqh“ („Fiqhga doir kitob“), „Mashori ash-shori“ („Qonunchining qonunlari“), „al-Hasoil fi-l-furu“ („Furu bo‘yicha erishilgan yutuqlar“) yoki „al-Hasoil fi-l-masoil“ („Masalalar bo‘yicha erishilgan yutuqlar“)ning nomlarigina bizga maʼlum xolos. Uning „al-Manzuma an-nasafiya fi-l-xilofiyot“ („Nasafiyning xilof ilmiga oid nazmiy kitobi“), „Tilbat at-talaba“ („Tolib istagan kitob“), „Sharh al-usul li-l-Karxiy“ ("al-Karxiyning „usul“iga sharh"), „Fatovo shayx al-islom as-Sug‘diy“ („Shayxu-l-islom as-Sug‘diy fatvolari“) asarlari bizgacha yetib kelgan.
Sheʼriyat sohasida ham olim samarali ijod etib, yozgan asarlarining ko‘p qismini nazmga solgan. Jumladan, „Kitob al-qand“da keltirgan hadislaridan aksarini o‘z tili bilan sheʼriy uslubda ham sharhlab o‘tadi. Yuqorida nomi zikr etilgan fiqhga oid „Al-Manzuma an-nasafiya fi-l-xilofiyot“ asari esa to‘lig‘icha nazmiy usulda yozilgan.
Nasafiy o‘zi asar yozish bilan birga boshqa olimlarning kitoblaridan ham dars bergan. Masalan, 1137 yilda Samarqanddagi „Ku-yi Muqotil“, „Ku-yi namdon-giron“ nomli masjidla¬rda va o‘z masjidida (masjid Abi Hafs Nasafiy) hamda „Tabg‘och-xon“ madrasasida hadis ilmi toliblariga quyidagi asarlarni imlo qildi:

  1. „Kitob at-tavorix va-l-ansob“ („Tarix va nasablar kitobi“);
  2. „Tasmiyat ashob al-mukarrama alo tartib al-huruf al-mu’jama“ („Muhtaram yaqinlar ismlarining alifbo tartibidagi qomusi“);
  3. „Tarix al-xulafo al-qoimin baʼda-l-xulafo ar-roshidin“ („Xulafoi roshidindan keyin hukm surgan xalifalar tarixi“);
  4. „Nasab mashohir aimmat ad-din va tavorixuhum“ („Din imomlaridan mashhurlarining nasab va tarixlari“);
  5. „as-Sab’iyot as-sam’iyot“ („Tinglangan yettiliklar“; bu kitob o‘z ichiga 360 ta hadis matnini jam qilgan);
  6. „Kitob al-xutab al-jiyod li-l-juma va-l-aʼyod“ („Jum’a va iyd uchun sara xutbalar“).

Nasafiyning baʼzi asarlari shuhrat qozonganini, ularga ko‘plab sharhlar bitilganidan ham bilish mumkin. Olim asarlaridan bizgacha yetib kelganlarining soni o‘ndan oshadi. Bu asarlar kelajakda Nasafiyning serqirra ijodining turli yo‘nalishlarini mufassal o‘rganishga yetarli asos bo‘lib xizmat qila oladi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Nasafiy o‘z davrining taniqli olimi bo‘lib, turli ilm sohalarida faoliyat yuritdi. U qoldirgan boy maʼnaviy meros asrlar osha Oʻrta Osiyo xalqlari maʼnaviyatini ko‘tarishga xizmat qildi. Ayni kunda ham bu xazina o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmadi, balki xalqlar, xususan, yoshlar orasida ilm-maʼrifat nurlarini sochib, tarix zarvaraqlarini yoritmoqda.[2]

Qo‘lyozmalari[tahrir]

  1. Abu Hafs Umar ibn Muhammad an-Nasafiy. al-Qand fi maʼrifat ulamo Samarqand. — Istanbul. — Sulaymoniya kutubxonasi. — „Turhan Valide Sultan“ fondi. — Qo‘lyozma № 70. — 198 v.
  2. Abul Fadl Muhammad ibn Abd al-Jalil as-Samarqandiy. Muntaxab Kitob al-qand. — Parij. — Frantsiya milliy kutubxonasi. — Arab qo‘lyozmalari fondi. — Qo‘lyozma № 6284. — 75 v.
  3. Abu Hafs Umar ibn Muhammad an-Nasafiy. Matla an-nujum va-majma al-ulum. — Toshkent. — O‘zbekiston Respublikasi FA Sharqshunoslik instituti. — Qo‘lyozmalar asosiy fondi. — Qo‘lyozma № 1462. — 353 v.

Nashr etilgan manbalar[tahrir]

  1. Abu Hafs Umar ibn Muhammad an-Nasafiy. al-Qand fi zikr ulamo Samarqand / Nazar Muhammad al-Foryobiy tahriri ostida. — Saudiya Arabistoni: Maktabat al-Kavsar, 1991. — 622 b.
  2. Abu Hafs Umar ibn Muhammad an-Nasafiy. al-Qand fi zikr ulamo Samarqand / Yusuf al-Hodiy tahriri ostida. — Tehron: Oyina-yi miros, 11999. — 877 b.
  3. Abu Saʼd Abd al-Karim ibn Muhammad as-Sam’oniy. al-Ansob: 5 jildli / Abdulloh Umar al-Borudiy tahriri ostida. — Bayrut: Dor al-fikr, 1998.
  4. Abu Hafs Umar an-Nasafiy. Tahsil usul al-fiqh [arabcha matn va tarjima] / Tarjimon va nashrga tayyorlovchilar H.Aminov, S.Muhammadaminov; mas’ul muharrir O.Qoriyev. O‘zR OO‘MTV ToshDShI huzuridagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘yozmalari markazi. - Toshkent: „Noshir“ nashriyoti, 2015. — 208 b.

Tadqiqotlar[tahrir]

  1. Muhammadaminov S. Abu Hafs an-Nasafiyning „Matla‘ an-nujum va majma‘ al-ulum“ asari va uning Markaziy Osiyo islom ilmlari rivojida tutgan o‘rni (XI asr oxiri-XII asr o‘rtalari). Tarix f.n. … diss. avtoref. — Toshkent, 2011. — 24 b.
  2. Muhammadaminov S. Abu Hafs an-Nasafiyning „Matlaʼ an-nujum“ asaridagi fiqh va hadisga oid mavzular// Imom al-Buxoriy saboqlari 2005. № 4, B. 190-191.
  3. Muhammadaminov S. „Aqoyid an-Nasafiy“ning qadimiy nusxasi // Sharqshunoslik. — Toshkent, 2008. — № 13. — B. 38-42.
  4. Muhammadaminov S. Abu Hafs an-Nasafiyning „Matlaʼ an-nujum“ asaridagi fiqh va hadisga oid mavzular. // Imom al-Buxoriy saboqlari. — Toshkent, 2005. — № 4. — B. 190-192.
  5. Muhammadaminov S. Abu Hafs an-Nasafiyning usul al-fiqhga oid bir risolasi // O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar. — № 1. — Toshkent, 2007. — B. 85-88.
  6. Nasafiy, Abu Hafs Najmiddin Umar ibn Muhammad // O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi. 6-jild. Miriy-Parxish. Tahrir hay’ati: A.Abduvohitov, A.Azizxo‘jaev, M.Aminov va b. — T.: „O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2003. — 704 b.
  7. Rahimjonov D. Abu Hafs Nasafiy. Monografiya. — Toshkent, 2010. — 40 b. [3]
  8. Rahimjonov D. Abu Hafs an-Nasafiyning „Kitob al-qand“ asari hadis ilmi bo‘yicha muhim manba // Sharqshunoslik. — T.: ToshDShI, 1997. — № 3. — B. 27-32.
  9. Rahimjonov D. Abu Hafs an-Nasafiyning „Kitob al-qand fi maʼrifat ulamo Samarqand“ asari — Samarqandda hadis ilmi tarixi bo‘yicha muhim manba. Tarix fanlari nomzodi dis. … — T.: Toshkent islom universiteti, 2003. — 170 b.
  10. Rahimjonov D. Abu Hafs an-Nasafiyning „Kitob al-qand fi maʼrifat ulamo Samarqand“ asari — Samarqandda hadis ilmi tarixi bo‘yicha muhim manba. Tarix fanlari nomzodi dis. … avtoref. — T.: Toshkent islom universiteti, 2003. — 26 b.
  11. Rahimjonov D.O. Nasafda hadis ilmi taraqqiyoti // Imom Buxoriy saboqlari. 2006. № 3.
  12. Rahimjonov D. Abu Hafs Nasafiy va Nasaf ulamolari // „Nasaf va Kesh tarixi manbalarda“ mavzusidagi Respublika ilmiy-nazariy konferentsiyasi materiallari. — Qarshi: „Qarshi Davlat universiteti“ nashriyoti, 2010. — B. 14-16.
  13. Rahimjonov D. Abu Hafs Umar an-Nasafiy (1068-1142) // O‘zbekiston — buyuk allomalar yurti. Birinchi kitob. Tuzuvchi va nashrga tayyorlovchi U.Uvatov. — T.: Maʼnaviyat-Movarounnahr, 2010. — B. 253-268.
  14. Rahimjonov D. Abu Hafs Nasafiy // Movarounnahr allomalarining hadis ilmi rivojiga qo‘shgan hissalari / Mas’ul muharrir I.Usmonov. — T.: Movarounnahr, 2011. — B. 249-270.
  15. Rahimjonov D. Abu Hafs Nasafiy // Islomshunoslik qomusiy lug‘ati / Mas’ul muharrir Z.M.Islomov. — T. 1. — Toshkent: Movarounnahr, 2013. — B. 32-33.
  16. Rahimjonov D. Nasaf // Islomshunoslik qomusiy lug‘ati / Mas’ul muharrir Z.M.Islomov. — T. 2. — Toshkent: Movarounnahr, 2014. — B. 13-17.

Manbalar[tahrir]

  1. Nasafiy, Abu Hafs Najmiddin Umar ibn Muhammad // O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi. 6-jild. Miriy-Parxish. — T.: „O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2003. — B. 272-273.
  2. Rahimjonov D. Abu Hafs Nasafiy. Monografiya. — Toshkent, 2010. — 40 b.
  3. [1]