Mizdaxqon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

MizdaxqonXorazmdagi yirik oʻrta asr shahar harobasi. Xoʻjayli shahridan 7—8 km gʻarbda joylashgan. Antik davrga oid qishloq harobasi oʻrnida VVI asrlarda bunyod etilgan qasr asosida vujudga kelgan va moʻgʻullar hukmronligining oxirigacha (XIV asr) mavjud boʻlgan.

Mizdaxqon 2 tepalikdan iborat. Ulardan biri (Gabr qalʼa) Mizdaxqonning qadimgi qismi boʻlib, uning qalin paxsa devori va arkining qoldiqlari saqlangan. Mizdaxqonning 2-tepaligi qabristonga aylangan. Uning maydonining bir qismida Mazlumxon Suluv maqbarasi (XIII asr oxiri — XIV asr boshi) joylashgan.

Mizdaxqonni arxeologik jihatdan oʻrganish ishini 1928-yil A. Yu. Yakubovskiy boshlagan. 1962, 1964—1965-yillarda Mizdaxqonda S. P. Tolstov rahbarligida Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi qazishmalar oʻtkazgan. Natijada Mizdaxqonning tarixi va Xorazmning islom dinigacha boʻlgan qadimgi diniga oid koʻplab qimmatli maʼlumotlar olindi. X asrda Mizdaxqon obod shahar boʻlib, atrofida 12000 turar joy qoʻrgʻonlari joylashgan.

Mizdaxqondagi qabristonga zardushtiylik diniga eʼtiqod qilgan marhumlar ossuariylarga solib koʻmilgan. Ossuariylarda rangbarang mazmundagi naqshlar va qadimgi xorazmiy tilida yozilgan bitiklar saqlangan[1].

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyot[tahrir]

  • Yagodin V.N., Xodjayov T.K., Nekropol drevnego Mizdaxkana, T., 1970.