Kontent qismiga oʻtish

Jaan Tõnisson

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jaan Tõnisson
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 22-dekabr 1868-yil
Tänassilma, Fellin tumani, Livoniya guberniyasi, Rossiya imperiyasi 
Vafoti 1941-yil
nomaʼlum
Taʼlim Tartu universiteti
Imzosi

Jaan Tõnisson (talaffuzi: Yaan Tonisson, inqilobdan oldingi rus hujjatlarida Yan Yanovich Tennison; 1868-yil 22-dekabr, Tänassilma, Fellin tumani, Livoniya guberniyasi, Rossiya imperiyasi – 1941-yil) – Estoniya davlat arbobi, huquqshunos. Tartu shahrining faxriy fuqarosi.

Kelib chiqishi va taʼlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dehqon oilasida tugʻilgan[1]. Otasi Jaan Tõnisson (1830—1876) Viljandi shahrida tugʻilgan. Onasi Maria Weinmann (1838—1915). Yuryev (hozirgi Tartu) universitetining yuridik fakultetini tamomlagan (1892), oʻqish davrida Estoniya talabalari jamiyati raisi boʻlgan. Yuridik fanlar doktori (1928, Tartu universiteti).

Rossiya imperiyasidagi faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

1894—1896-yillarda Oryol guberniyasida sudya. 1896—1930-yillarda Tartudagi „Postimees“ („Pochtachi“) gazetasining egasi, 1896—1935-yillarda gazeta bosh muharriri (uning qoʻl ostida gazeta Estoniyaning asosiy gazetalaridan biriga aylandi). XIX asrning oxiridan boshlab Jaan Tõnisson milliy eston harakatining rahbari, ayniqsa Janubiy Estoniyada (Livoniya viloyati) hamda birinchi Estoniya siyosiy partiyasi Xalq taraqqiyot partiyasining asoschisi va rahbari (19051917) boʻlgan. Jaan Tõnisson estonlarni ruslashtirish va nemislashtirishga qarshi chiqqan.

Jaan Tõnisson birinchi chaqiriq davlat Dumasi deputati (1906-yil)

1906-yil 20-aprelda Jaan Tõnisson volostlar vakillarining syezdidan birinchi chaqiriq davlat Dumasiga saylangan. Jaan Tõnisson konstitutsiyaviy demokratik partiya fraksiyasi aʼzosi boʻlib, „Avtonomistlar ittifoqi“ (Estoniya guruhi)ga mansub boʻlgan. Fuqarolik boʻyicha komissiya, agrar komissiya, Duma aʼzolarining huquqlarini tekshirish komissiyasi, Talab va topshiriqlarni ishlab chiqish komissiyasi aʼzosi. „Fuqarolarning tengligi toʻgʻrisida“gi qonun loyihasini imzolagan. Koʻp marta siyosiy bahslarda shaxsiy daxlsizlik, oʻlim jazosini bekor qilish, agrar masala boʻyicha nutq soʻzlagan. Viborg murojaatiga imzo chekkani uchun hibsga olinib, 3 oylik qamoq jazosiga hukm qilindai, shundan soʻng passiv saylov (saylanish) huquqidan mahrum qilinadi. 18981918-yillarda Tartu eston dehqonlari jamiyati raisi, 1902-yilda Tartudagi Estoniya ssuda-omonat shirkatiga asos soladi, kooperativ harakatning rivojlanishi tarafdori boʻlgan. 1908—1917-yillarda Estoniya yoshlar taʼlimi jamiyati vasiylik kengashining raisi boʻlgan. 1909—1920-yillarda Estoniya adabiyot jamiyati kengashi aʼzosi.

Mustaqil Estoniya siyosatchisi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1917-yilda Jaan Tõnisson Estoniya muxtoriyatini yaratishda faol ishtirok etadi, Muvaqqat zemstvo kengashi aʼzosi, 1917-yil oxirida bolsheviklar tomonidan hibsga olingan va Estoniyadan chiqarib yuborilgan. 1917—1919-yillarda Estoniya demokratik partiyasi, 1919—1932-yillarda Estoniya xalq partiyasi, 1932—1935-yillarda Milliy markaz partiyasi rahbari.

Jahon urushlari davri oraligʻidagi Estoniya xaritasi
Jaan Tõnisson 1930-yillarda

1917—1918-yillarda Stokgolmda xorijiy delegatsiya rahbari, 1918—1919-yillarda Muvaqqat hukumatda vazir va tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi, 1919-yil 18-noyabrdan 1920-yil 26-oktyabrgacha bosh vazir (uning hukumati Sovet Rossiyasi bilan Tartu tinchlik shartnomasini tuzgan) boʻlgan. Taʼsis majlisi va Riigikogu aʼzosi (barcha chaqiriqlarda), ikkinchi (1923—1925) va beshinchi (1932—1933) chaqiriq Riigikogu raisi. 1927-yil 9-dekabrdan 1928-yil 4-dekabrgacha va 1933-yil 18-maydan 21-oktyabrgacha davlat rahbari, 19311932-yillarda tashqi ishlar vaziri. 1932—1940-yillarda Estoniya-Britaniya jamiyati, 1933—1940-yillarda eston-shved jamiyati raisi. 1934-yil 12-martdagi davlat toʻntarishidan soʻng siyosatdan chetlashtiriladi, 1935-yilda esa gazetasi davlat nazoratiga oʻtgan keyin muharrlikdan ham chetlashtirilgan. 1935—1939-yillarda Tartu universitetining professori. Siyosiy demokratiya tarafdori boʻlib, Konstantin Päts hukumatiga qarshi chiqqan. 1938—1940-yillarda davlat vakillik majlisi deputati va demokratik muxolifat rahbari, undan 1938-yilda mamlakat prezidentligiga nomzodini qoʻygan[2]. Ozodlik xochining 3-toifa 1-darajasi (fuqarolik xizmatlari uchun eng yuqori darajasi) bilan taqdirlangan. Oq yulduz ordeni (1938)[3] bilan mukofotlangan. Tartu shahrining faxriy fuqarosi (1939), Estoniya adabiyot jamiyati va Estoniya jurnalistlar jamiyatining faxriy aʼzosi. SSSR va Estoniya oʻrtasidagi munosabatlardagi 1940-yil yozgi inqirozi paytida prezident Pätsni Qizil Armiyaga hech boʻlmaganda ramziy qarshilik koʻrsatishga daʼvat qiliadi. 1940-yilgi parlament saylovlari oldidan mamlakatdagi demokratik kuchlarini birlashtirishga harakat qiladi, biroq uning tarafdorlariga saylov jarayonida ishtirok etishiga ruxsat berilmaydi (saylovlar sovet hokimiyati nazorati ostida hech qanday raqobatsiz oʻtkazilgan)[4].

Hibsga olinishi va oʻlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1940-yil 12-dekabrda NKVD tomonidan hibsga olinib, Tallindagi Pagari koʻchasidagi ichki qamoqxonada saqlangan. Tergovda koʻrsatmalar berishdan bosh tortadi[5]. Jaan Tõnisson vafot etgan sana va vafot joyi nomaʼlum[6]; bir versiyaga koʻra, 1941-yil iyul oyida otib tashlangan.

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Xotini Hildegard Hilda Tõnisson (Lõhmus, 1890—1976)
    • Oʻgʻli Ilmar Hans Tõnisson (1911—1939). 1939-yil 10-oktyabrda mustaqil Estoniyada muddatsiz majburiy mehnatga hukm qilingan rafiqasi Amanda Tõnisson tomonidan rashk tufayli oʻldirilgan. Sovet Estoniyasida rafiqasi ozod qilinadi, bu esa turli mish-mishlarga sabab boʻlgan.
    • Oʻgʻli Heldur Jaan Tõnisson (1912—2014), huquqshunos va tadbirkor.
    • Qizi Hilja Reet Kauri (1916—1976)
    • Oʻgʻli Lembit Rein Tõnisson (1918—1934)
    • Qizi Mari-Ann Lagle Põlde (1922—2006, Shvetsiya)

Xotira[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hozirda Estoniyada Jaan Tõnisson instituti mavjud. Tartu shahrida koʻchaga (sobiq Gagarina) uning nomi berilgan. Yozma va onlayn ovoz berish natijalariga koʻra 1999-yilda tuzilgan XX asrdagi Estoniyaning 100 ta buyuk arbobi roʻyxatiga kiritilgan[7]. 2018-yilda Estoniyada Jaan Tõnisson tavalludiga 150 yilligi uchun 15 yevro miqdorida boʻlgan esdalik kumush tanga 5000 donada chiqariladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Poliitik ja aatemees Jaan Tõnisson (Wayback Machine saytida 13 June 2011 sanasida arxivlangan)
  2. 1938 // ESTONIA Timeline (ingl.)
  3. „Jaan Tõnisson, Valgetähe I klassi teenetemärk, serial 3456“. 2013-yil 2-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 18-oktyabr.
  4. "Posobie dlya podgotovki i sdachi gosudarstvennogo ekzamena po istorii" pod redaksiey A.Grigoreva, S. Isaeva i V. Jiburtovicha. Institut Yana Tinissona. Tallin-2001, Razdel „Utrata nezavisimosti“
  5. Kaupo Deemant, Jaan Tõnissoni ja Nõukogude luure salajastest suhetest // Akadeemia (ajakiri)|Akadeemia, 1998, nr 9, lk 1829.
  6. Miljan, Toivo. Historical Dictionary of Estonia (en). Rowman & Littlefield, 21 May 2015. ISBN 9780810875135. 
  7. Sajandi sada Eesti suurkuju / Koostanud Tiit Kändler. – Tallinn: Eesti Entsüklopeediakirjastus, 2002. – 216 lk. ISBN 998570102X.