Gazli zilzilasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gazli zilzilasi
Gazli zilzilasi (Oʻzbekiston)
Sana va vaqti 8-aprel, 1976-yil(1976-04-08)
17-may, 1976-yil(1976-05-17)
20-mart, 1984-yil(1984-03-20)
Miqdori 9 va 10 Mw
Chuqurligi 20—25 km
Taʼsir doirasidagi davlatlar (hududlar) Oʻzbekiston
Turkmaniston
Talofatlar 20000 kishi zarar koʻrdi

Gazli zilzilasi (zilzilalari) — Yer kurrasidagi kuchli zilzilalardan biri.

1976-yil 8-aprel zilzilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buxoro shahrining shimoliy gʻarbida 1976-yil 8-aprelda mahalliy vaqt bilan soat 7 dan 41 min. oʻtganda boʻlgan. Zilzila magnitudasi Rixter shkalasi boʻyicha M—7,0. Epi-sentrda kuchi 8—9 ball boʻlgan. Epitsentr yaqiniga joylashgan Gazli shahri qattiq shikastlangan. Qurbonlar yoʻq, shahar butunlay vayron boʻlgan, ammo oʻsha paytdagi rasmiylar bu ofat oqibatlarini yashirishga harakat qilishgan. Oʻsha paytda Gazlida 13 ming kishi istiqomat qilgan. Gazli gaz koni dunyodagi eng katta konlardan deb hisoblangan. Bu vaqtga kelib, shaharcha asosan ikki yoki uch qavatli binolardan iborat boʻlib, faqat bir nechta toʻrt qavatli binolar mavjud edi. Zilziladan soʻng binolar qisman vayron boʻlgan va ularda yashash xavfli boʻlgan. Odamlar oʻz uylari yonidagi chodirlarga koʻchirilgan[1], bolalar esa Buxoroga olib ketilgan. Ertasi kuni Gazli shahriga kelgan Sharof Rashidov shaharni tezda tiklashni buyurgan. Katta vayronagarchilikka Gazlidagi uylarning seysmikligini hisobga olmasdan qurilganligi sabab boʻlgan, chunki choʻl zonasida kuchli zilzilalar boʻlishi mumkin emas, deb hisoblangan.

1976-yil 17-may zilzilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Birinchi zilziladan 40 kun oʻtib, Gazlida restavratsiya ishlari olib borilayotgan paytda yer silkinishlari yana boshlandi. Hammasi qanday sodir boʻlganini yaʼni voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan guvoh, Seysmologiya instituti xodimi Obidjon Joʻrayev shunday hikoya qiladi:

Haydovchi Kolya va men bo'sh mehmonxona yonida, chodirda o'tirgandik. Ertalab 8 soat 40 daqiqada men sochiqni olib, suv ta'minoti tomon ketdim. To'satdan oyoqlarimda titroq paydo bo'ldi. Kolya to'xtadi va yengil silkinishni his qildik. So'ng daraxtlarning shoxlari silkindi, titroq kuchaydi. O'n soniyadan keyin yer qattiq larzaga keldi. Yiqilib tushmaslik uchun men daraxtni quchoqlab oldim. Yer ostidan shovqin har soniyada kuchayib borardi, vertikal silkinishlar boshlandi, ya'ni oyoqlarimiz ostidagi yer tezda ko'tarilib tushardi. Bo‘g‘imlarimda qattiq og‘riq sezdim va tizzalarimni bukdim. Tez orada yana gorizontal zarbalar paydo bo'ldi. Yaqin atrofdagi daraxt qo'porilib ketdi, shovqin kuchaydi, yerda yotgan qurilish plitkalari sakray boshladi. To'satdan mendan o'n metr nariroqda yer yorilib ketdi, keyin yon tomonimdan yana bir yoriq paydo bo'ldi. Ortimda yana bir ovozni eshitdim va orqaga o'girildim: mendan besh metr uzoqlikda yana yer yorilib ketdi. Men juda qo'rqib ketdim, men endi atrofni kuzatishga qodir emasdim. Yelkam sovuq ter bilan qoplangan edi. Qayerga yugurish kerak bilmasdim. Qishloqda binolar qulay boshladi, kuchli chang ko'tarildi. Bunday tomoshani faqat maxsus effektli filmda ko'rish mumkin: kuchli shovqin, chang, yugurayotgan odamlarning hayqiriqlari. Men neft-gaz boshqarmasi binosi yonida turgandim, ko‘z o‘ngimda bino yorilib, bir qismi qulab tushdi. 50 soniyadan keyin silkinish to'xtadi[2].

17-may kuni takrorlangan zilzila Gazli shahrini vayronaga aylantirdi. Zilzila magnitudasi energiyasi M—7,3, kuchi 9 balldan oshdi. Har ikkala tebranishning markazi yer yuzasidan 20 va 25 km chuqurlikda joylashgan. Zilzila oʻchogʻining uzunligi 60 km, kengligi 20 km. Ketma-ket boʻlgan tebranishlar kuchi Buxoro, Romitanda 7 ball, Kogon, Zarafshon, Tomdibuloq, Qorakoʻl, Chorjoʻyda 6 ball, Navoiy, Kattaqoʻrgʻon, Samarqand, Jizzax hamda Xiva, Beruniy, Urganchda 5 ball, Toshkent, Olmaliq, Angren, Denov, Termizda 4 ball, Nukus, Andijon, Fargʻonada 3 ballga yetdi.

Gazli zilzilasi epitsentri Gazli shahridan 20 km shimolidagi Qoraqir etaklarida boʻlgan. Bu joyda yer qaʼridan Janubiy Tyanshan seysmogen yer yoriqlari zonasi oʻtgan. Zamonaviy tektonik harakatlarning kuchayishi natijasida seysmogen siniqlar boʻyicha janubiy sharqdan shimoliy-gʻarb tomonga keskin siljishlar Gazli zilzilasiga sabab boʻlgan. Zilziladan keyin tuzilgan seysmik rayonlashtirish xaritasida Gazli atroflarida zilzilaning kuchi 9 balldan ortiq boʻlgan.

Mahalliy kuzatuvchilarga maʼlumotlariga koʻra, zilzila paytida nobud boʻlgan chumchuqlar topilgan. Zilziladan 2-3 kun oldin it va mushuklar qishloqni tark eta boshlagan va epitsentrdan qarama-qarshi tomonga ketgan. Oʻshanda hech kim bu hodisaga eʼtibor bermagan. Itlar xuddi qoʻy podasi singari galalashib qochishgan. Hatto bir choʻpon eshagi aytganini qilmay yurmay qoʻygani va yerga choʻzilib yotib olgani, uni yurishga undayotgan mahalida zilzila boshlanib ketganini aytadi. Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, zilziladan avval barcha qaldirgʻochlar Gazlidan uchib, Buxoroda bir muddat oʻrnashib qolgan. Uy hayvonlari ham oʻzlarini gʻalati tutishgan[3].

May zilzilasi aprel oyidan keyin saqlanib qolgan ob’ektlar xarobaga aylandi. Umuman olganda, binolarning 90 foizi vayron boʻlgan[4], Gazli va yaqin atrofdagi aholi punktlarida 20 mingdan ortiq odam jabrlangan.

Favqulodda vaziyatda boʻlgan Oʻzbekiston SSR Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi Sharof Rashidov Gazlini qayta qurishni buyurdi. Kuzga kelib, gaz ishchilarining oilalari chodir va vagonlardan kottejlarga koʻchirildi. Yangi maktablar, bolalar bogʻchalari, kasalxonalar qurildi. 1977-yilda Gazli shahriga shahar maqomi berildi.

Keyingi kuchli zilzila 1984 yil 20 martda qayd etilgan. Yana bir bor tabiiy ofat katta vayronagarchiliklarga olib keldi.

1984-yil 20-mart zilzilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1984-yil 20-martdagi takror zilzilada 15-20 km chuqurlikdagi seysmogen yoriqlar tektonik harakatlarning faollashishi natijasida yer yuzasigacha chiqqan. Yoriqlardan qum aralash suv otilgan. Epitsentr va uning yon atrofida zilzila shiddatli boʻlganligi tufayli bino va inshootlar vayronaga aylangan. Qoraqir koʻlining tubi koʻtarilib yoriqlarning kengligi 60—70 sm gacha yetgan. Yer yoriqparidan otilib chiqqan suvning issiqligi 45°—46° boʻlgan. Boshqa joylarda esa suv keskin kamaygan. Zilzilaning magnitudasi uning oʻchogʻida M—7,2, epitsentrda kuchi 10 ballga yetgan. 1976-yildagi zilzilalar singari Gazlida 8—9 ball, Buxoroda 7 ball, Navoiyda 6 ball, Samarqandda 5—6 ball, Urganch, Jizzax, Nukusda 5 ball va Toshkentda 4 ballga yetgan. Zilziladan Gazli shahri butunlay vayron boʻlgan. Shuningdek, gaz konlaridagi inshootlar, kompressor stansiyalar va boshqalar ishdan chiqqan.

1976-yildagi zilzila kabi 1984-yildagi Gazli zilzilasi ham Janubiy Tyanshan seysmogen zonasida paydo boʻldi (qarang Seysmogen zonalar).

Seysmologik holat[tahrir | manbasini tahrirlash]

seysmologik holat 8 yil ichida 7 balldan ortiq zilzilalar uch marta takrorlanishi jahon seysmologik amaliyotida kam uchraydigan holatdir[5].

Gazli zilzilalarining texnogen tabiati toʻgʻrisida taxminlar mavjud edi, ularning sabablari Gazli hududidagi gaz konining nazoratsiz oʻzlashtirilishi bilan bogʻliq. 1976-yilgacha Gazli hududi 4 balli zilzila zonasi (12 balli shkala boʻyicha) tasnifiga kiritilgan. Ushbu bir qator zilzilalardan soʻng, olimlar oʻz fikrlarini qayta koʻrib chiqdilar va endi Gazli shahri hududini yerning yuqori seysmik faol hududlariga kiritildi. Hozirgacha Gazlida har yili 5-8 marta turli xavfdagi zilzilalar sodir boʻlib turadi[6].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Cliff Frohlich, Scott D. Davis: Texas earthquakes. University of Texas Press, 2003. — 75 s. — ISBN 0292725515
  2. Дмитрий Окунев „«Земля заходила ходуном»: как землетрясение уничтожило поселок в СССР“. gazeta.ru (17-may 2021-yil). Qaraldi: 28-iyul 2023-yil.
  3. Артур Самари „«Деревья прыгали, земля ходила ходуном…»“. mytashkent.uz (11-noyabr 2014-yil). Qaraldi: 28-iyul 2023-yil.
  4. 1976-1990 (Wayback Machine saytida 2013-10-15 sanasida arxivlangan)Andoza:Недоступная ссылка
  5. Razrushitelnie zemletryaseniya XX veka[sayt ishlamaydi]Andoza:Недоступная ссылкаAndoza:Недоступная ссылка
  6. „Дождётся ли Земля реальной программы своего спасения“. 2022-yil 7-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 5-oktyabr.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Gazliyskiye zemletryaseniya 1976 i 1984 gg., T., 1986.