Kontent qismiga oʻtish

Gʻunjak gʻori

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gʻunjak gʻori — Samarqand viloyati Narpay tumanidagi gʻor. Turitogʻning (Zirabuloq — Ziyovuddin togʻlari) janubiy yon bagʻrida, 620 m balandlikda joylashgan. Devon davriga oid ohaktoshlarda hosil boʻlgan. Gʻorning kirish qismi Turitogʻning yon bagʻrida (quduq shaklida, diametri 1,5 m). Gʻunjak gʻori ichida, marmar oniksini qazib olish maqsadida, portlash ishlari natijasida vujudga kelgan (uzunligi 40 m li) shtolnya mavjud. Shtolnya orqati (uzunligi 11 m, eni 4-5 m, bat. 2-4 m) gʻor xonasiga kiriladi. Xonadan gʻorning katta xonasiga boruvchi yoʻlakcha (uzunligi 6 m, eni 1-2 m, balandligi 1,5 m) boshlanadi. Katta xona gumbaz shaklida boʻlib diametri taxminan 20 m, balandligi 15 m. Katta xonaning shiftida yer ustiga chiqiladigan (uzunligi 4 m, diametr 2 m gacha boʻlgan) boʻshliq bor. Katta xonada kaltsiy va aroganit minerallaridan stalaktit va stalag-mitlar hosil boʻlib, baʼzi joylarda tutashib ustunlar hosil qilgan. Katta xonadan pastga tomon yoʻlakchalar tarqalgan. Gʻorning katta xonasidagi temperatura 15°, nisbiy namlik 40% (iyun oyida). Gʻorning umumiy uzunligi 90 m, maydoni 404 m2, hajmi 3,6 ming m3dan ziyod.