Foydalanuvchi munozarasi:YUNUSOVALOBAR

Sahifa kontenti boshqa tillarda dastaklanmaydi.
Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri AQSh haqida.[manbasini tahrirlash]

AQSh iqtisodiyoti — oʻta yuqori darajadagi rivojlangan aralash iqtisodiyot. Amerika Qoʻshma Shtatlari dunyodagi eng katta nominal YaIMga hamda juda katta iqtisodiy boyliklarga egalik qilib, hozirda dunyo mamlakatlarining xarid qobiliyati pariteti (XQP) boʻyicha hisoblangan yalpi ichki mahsuloti boʻyicha Xitoydan keyingi ikkinchi oʻrinni egallab turibdi. Mamlakat yaqin vaqtlarga qadar jon boshiga toʻgʻri keladigan YaIM (nominal) boʻyicha dunyoda sakkizinchi oʻrinni egallab turgan, ammo 2022-yil holatiga koʻra, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan YaIM boʻyicha toʻqqizinchi oʻrinni qayd etdi. AQShning 2022-yildagi nominal YaIM hajmi jahon iqtisodiyotining 25,4 foizini, XQP boʻyicha YaIM hajmi esa taxminan 15,6 foizini tashkil etdi. Qoʻshma Shtatlar dunyodagi eng taraqqiy etgan texnologik va innovatsion iqtisodiyotga ega mamlakatlardan biri sanaladi. AQSh firmalari texnologik yutuqlarda, ayniqsa, sunʼiy intellekt, kompyuter, farmatsevtika, tibbiyot, aerokosmika va harbiy texnika sohalarida yetakchi oʻrinlarni band etib turibdi. AQSH dollari xalqaro savdoda eng keng qoʻllaniladigan yetakchi valyuta boʻlib, u mamlakat iqtisodiyoti, barqaror hukumati, armiyasi hamda neft-dollar tizimiga mos standart valyuta sifatida qoʻllanilishi sabab dunyo boʻylab keng tarqalgan, shuningdek, yevrodollar AQShning ulkan tashqi bozori bilan bogʻliq boʻlgan dunyo@dagi eng yirik zaxira valyutasi sanaladi. Baʼzi mamlakatlarda dollar rasmiy valyuta sifatida qabul qilingan. Boshqa mamlakatlarda esa asosiy toʻlov valyutasi sifatida foydalanib kelinadi. AQShning eng yirik savdo hamkorlari Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Kanada, Meksika, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Tayvandir. Qoʻshma Shtatlar dunyodagi eng yirik import qiluvchi davlat boʻlishi bilan birgalikda eksport borasida ikkinchi oʻrinda turuvchi davlat hamdir. AQSh bir qancha davlatlar, jumladan, USMCA (United States-Mexico-Canada Agreement) mamlakatlari, Avstraliya, Janubiy Koreya, Shveysariya, Isroil kabi davlatlar bilan shartnoma asosida savdo munosabatlarini oʻrnatgan. Mamlakat, shuningdek, muzokaralar olib borilayotgan bir qator boshqa davlatlar bilan ham erkin savdo aloqalariga ega.

AQSh iqtisodiyoti moʻl-koʻl tabiiy resurslar, rivojlangan infratuzilma va yuqori mahsuldorligi bilan ajralib turadi. 2019-yil holatiga koʻra, mamlakat 44,98 trillion AQSh dollarlik tabiiy resurslarning umumiy hisoblangan qiymati boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda ekanligi aytilgan, ammo manbalarda bu hisob-kitoblarni ifodalovchi raqamlar farqli keltirilgan. Amerikaliklar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga aʼzo davlatlar orasida uy-xoʻjalik buyumlarining moʻlligi va ishchi-xodimlari yuqori daromadga egaligi bilan ajralib turadi. 2013-yilda amerikalik ishchi-xodimlar oʻrtacha daromadi boʻyicha dunyoda oltinchi oʻrinni egallagan. Bu koʻrsatkich amerikalik fuqarolar daromadi boʻyicha 2010-yildagi toʻrtinchi oʻrindan biroz pastga tushib qolganini koʻrsatadi.

1890-yilga kelib, Qoʻshma Shtatlar iqtisodiyoti Britaniya imperiyasini ortda qoldirib, dunyodagi yetakchi iqtisodiyotga aylandi. Bu ayni paytda dunyodagi eng yirik neft va tabiiy gaz ishlab chiqaruvchi davlat maqomining AQShga oʻtishi bilan bogʻliq boʻlgan. 2016-yili AQSh dunyodagi eng yirik savdo mamlakati hamda jahon ishlab chiqarish sanoatining beshdan bir qismini oʻzida toʻplagan eng yirik iqtisodiyotli davlatga aylandi. AQSh nafaqat tovarlarning eng katta ichki bozoriga ega, balki xizmatlar savdosida ham hukmronlik qilib kelmoqda. AQSh savdosining umumiy hajmi 2018-yilda 4,2 trillion dollarni tashkil etgan. Dunyodagi 500 ta eng yirik kompaniyalardan 121 tasining shtab-kvartirasi AQShda joylashgan. AQSh milliarderlar soni boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turadi, ularning umumiy boyligi 3,0 trillion dollarni tashkil qiladi. Mamlakat tijorat banklarida 2020-yil holatiga koʻra, 20 trillion dollarlik aktivlar mavjud. AQShning global aktivlari qiymati 30 trillion dollardan koʻproqni tashkil etadi.

Amerikaning Nyu York fond birjasi va NASDAQ fond birjasi bozor kapitallashuvi hamda savdo hajmi boʻyicha dunyodagi eng yirik fond birjalari hisoblanadi. AQShga kiritilgan xorijiy investitsiyalar deyarli 4,0 trillion dollarni tashkil etadi, mamlakatning xorijiy mamlakatlarga kiritgan sarmoyasi esa 5,6 trillion dollardan koʻproq. AQSh iqtisodiyoti venchur kapitali hamda global tadqiqot va ishlanmalarni moliyalashtirish boʻyicha xalqaro reytingda birinchi oʻrinni egallab turibdi. 2018-yilda isteʼmol xarajatlari AQSh iqtisodiyotining 68% ini tashkil etgan boʻlsa, 2017-yilda bu xarajatlarning mehnat daromadi bilan qondirilgan ulushi 43% ni tashkil etgan. AQSh dunyodagi eng katta isteʼmol bozoriga ega mamlakatdir. Mamlakatning mehnat bozori butun dunyodan immigrantlarni oʻziga jalb qilib keladi va migratsiya darajasi boʻyicha dunyodagi eng yuqori koʻrsatkichlardan birini qayd etib turibdi. AQSh biznes yuritish qulayligi indeksi, global raqobatbardoshlik indeksi va boshqa shu kabi tadqiqotlar boʻyicha eng yaxshi natijalar koʻrsatgan davlatlardan biri sanaladi.

AQSh iqtisodiyoti 2007-yil dekabridan 2009-yil iyuniga qadar davom etgan Jahon moliyaviy inqirozi davrida jiddiy iqtisodiy tanazzulni boshidan kechirgan. Mamlakat YaIM inqirozdan oldingi (2007-yil oxiri) darajaga 2011-yilda, ishchi-xodimlarning sof daromadi 2012-yil 2-choragida, qishloq xoʻjaligidan tashqari ish haqi 2014-yil may oyida, ishsizlik darajasi 2015-yil sentyabr oyida erishgan. Ushbu sohalarda qayd etilgan umumiy oʻsish keyinchalik ham rekord darajada davom etgan. 2017-yilda AQSh 156 ta davlat orasida daromadlar tengsizligi boʻyicha 41-oʻrinni egalladi, bu Gʻarb olamida eng yuqori koʻrsatkich edi.

YUNUSOVALOBAR (munozara) 09:50, 23-Sentyabr 2023 (UTC)[javob berish]