Tabiat resurslari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Tabiat resurslari, tabiiy boyliklar — jamiyatning moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarini qondirish maqsadlarida xoʻjalikda foydalaniladigan hamda insoniyatning yashashi uchun zarur boʻlgan, uni oʻrab turgan tabiiy muhitning barcha tabiat komponentlari, energiya manbalari. Tabiat resurslariga Quyosh energiyasi, Yerning ichki issiqligi, suv, yer, mineral boyliklar, foydali qazilmalar, oʻsimliklar, tuproqlar, hayvonot dunyosi kiradi. Tabiat resurslari tugaydigan (koʻpgina foydali qazilmalar), tugamaydigan (suv, havo, Quyosh nuri, Yerning ichki energiyasi) va tiklanadigan (biologik elementlar, ayrim foydali qazilmalar) boyliklarga boʻlinadi. Tabiiy xom ashyolarni koʻp darajada isteʼmol qiluvchi kuchlarning jadal rivojlanishiga bogʻliq ravishda tabiat resurslari bilan taʼminlash muammolari yanada dolzarblashib bormoqda. Tuproq, atmosfera va gidrosferaning ifloslanishiga qarshi kurashishda jahonning barcha mamlakatlari kelishib faoliyat yuritishlari zarur boʻlib, tabiat resurslari muhofazasi global xarakterga ega boʻlmoqda. Tabiat resurslarini oʻzlashtirishning muhim bosqichlari — ularni aniqlash (razvedka qilish), oʻrganish, alohida turlari boʻyicha kadastrlar (masalan, yer kadastri, suv kadastri) tuzishdan iborat. Oʻzbekiston Respublikasida tabiat resurslari kadastrlarini tuzish va yuritish Oʻzbekiston Respublikasining "Davlat kadastrlari toʻgʻrisida" qonuni (2000-yil, 15 dekabr)ga muvofiq olib boriladi.

Tabiat resurslarini baholashning ilmiy asoslangan 3 tipi mavjud: texnologik, iqtisodiy, ijtimoiy. Tabiat resurslarini toʻgʻri baholash ulardan foydalanishda eng yuqori samaralarga erishishning muhim sharti hisoblanadi. Inson tafakkuri oʻsishi bilan bogʻliq holda tabiat resurslari turlari ham kengayib bormoqda, bunda eng zamonaviy texnik vositalardan foydalaniladi. Ilmiy-texnik taraqqiyotni rivojlanib borishi bilan tugaydigan tabiat resurslari oʻrnini bosuvchi yangi sunʼiy materiallar ishlab chiqarilmoqda, Dunyo okeani boyliklari oʻzlashtirilmoqda. Ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotning rivojlanishi yoʻlida tabiat resurslaridan samarali foydalanish va tabiatda ekologik muvozanatni taʼminlab turuvchi yangi sifatli texnologiyalarni yaratish talab etilmoqda. Xom ashyo va energiya manbalaridan rejali tarzda foydalanish uni uzoq muddatga yetishini taʼminlaydi/ (yana q. Tabiatni muhofaza qilish).