Demografik o'tish
Demografik o'tish hodisasi[1] — bu texnologiya, ta'lim va iqtisodiy rivojlanish darajasi past bo'lgan jamiyatlardagi yuqori tug'ilish va yuqori o'lim darajalaridan texnologiya, ta'lim va iqtisodiy rivojlanish darajasi yuqori bo'lgan jamiyatlardagi past tug'ilish va o'lim darajalariga o'tish jarayonini ifodalovchi iboradir.[2] Iqtisodiy rivojlanish nuqtai-nazaridan so'nggi ikki asr davomida butun dunyoda demografik o'tish jarayoni sodir bo'ldi va dunyoning barcha mintaqalarida tug'ilish darajasi va aholi o'sish ko'rsatkichlari sezilarli darajada pasaydi. Bu esa Thomas Malthus tomonidan bashorat qilingan aholi o'sishi ustidan nazorat yo'qotilishi davrini ortga surdi va aholi kapitali hajmidagi o'sish va texnologik taraqqiyot natijalari oxir-oqibatda aholi jon boshiga daromadlari o'sishiga sabab bo'ldi. Demografik o'tish jarayoni iqtisodiy taraqqiyotni mustahkamlaydi va bunda uch xil omil ishtirok etadi: (i) kapital va yer mulklari maydalanishi oldi olinadi, (ii) inson kapitaliga kiritiluvchi investitsiya hajmi oshadi va (iii) yalpi aholi soniga nisbatan ishga yaroqlilar ulushi oshadi hamda aholi turli yosh kategoriyalari ulushida o'zgarishlar sodir bo'ladi.[3] Garchi bu o'tish hodisasi ko'plab sanoatlashgan mamlakatlarda sodir bo'lgan bo'lsada, ushbu nazariya va modelni alohida olingan mamlakatlarga qo'llash ko'p natija bermaydi va bunga har bir mamlakatdagi o'ziga xos ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy omillar sabab bo'ladi.[2]
Biroq ijtimoiy fanlarda demografik o'tish hodisasining qandaydir ko'rinishi amal qilishi g'oyasi keng tarqalgan va bunga jamiyatlarda tarixan ko'p marotaba kuzatiluvchi tug'ilish darajasining pasayishi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko'rsatkichi orasidagi bog'liqlik sabab bo'lgan.[4] Olimlar sanoatlashuv va yuqori daromad ko'rsatkichlari aholi o'sish darajasining pasayishiga sabab bo'ladimi, yoki aksincha, past aholi o'sish ko'rsatkichlari sanoatlashuv va yuqori daromadga olib keladimi, qabilidagi masalada bir to'xtamga kelgani yo'q. Olimlar shuningdek jon boshiga yuqori daromad ko'rsatkichlari, o'lim darajasining pastligi, nafaqadan keyingi moliyaviy ta'minot hamda inson kapitaliga bo'lgan talabning o'sishi kabi bir-biri bilan bog'liq omillar qay darajada demografik o'tish hodisasiga ta'sir qilishi borasida ham bir to'xtamga kelgani yo'q.[5] Sanoatlashuvning ikkinchi bosqichida inson kapitali o'sishi sodir bo'ldi va bu hodisa demografik o'tish jarayoni bilan bir paytga to'g'ri keladi. Ishlab chiqarish jarayonida inson kapitali rolining oshishi oilalarni bolalardagi inson kapitalidan foydalanishga undaydi va bu demografik o'sish jarayonining boshlanishi bo'lishi mumkin.[6]
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu nazariya 1930-yilda amerikalik demograf Warren Thompson (1887-1973) tomonidan ishlab chiqilgan demografik tarixga oid ishga asoslanadi.[7] Fransiyalik Adolphe Landry ham 1934-yilda dunyo aholi o'sishidagi turli jihatlarni kuzatib, shunga o'xshash xulosalarni ishlab chiqadi.[8] 1940-1950-yillarda yana bir amerikalik Frank W. Notestein nisbatan yaxlit bo'lgan demografik o'tish (ing.: Demographic transition) nazariyasini ishlab chiqadi.[9] 2000-yillarda Oded Galor demografik o'tishni keltirib chiqaruvchi turli mexanizmlar ustida tadqiqot o'tkazib, ularni empirik jihatdan sinab ko'rdi. Qolaversa Galor tomonidan ushbu mexanizmlarning iqtisodiyotni turg'unlikdan o'sishga olib o'tishi salohiyati ko'rib chiqilgan va demografik o'tish hodisasining iqtisodiy o'sishdagi ahamiyati ochib berilgan.[6] 2011-yilda yagona o'sish nazariyasi ishlab chiqilishi yakunlandi va demografik o'tish hodisasi yagona o'sish nazariyasining ajralmas qismlaridan biri ekani e'tirof etildi.[3] 2009-yilga kelib tug'ilish darajasi va industrial rivojlanish orasida teskari aloqadorlik bor ekani, ya'ni yuqori tug'ilish darajasi sanoatlashuvga to'sqinlik qilishi ijtimoiy fanlardagi eng ta'sirli va sezilarli kashfiyotlardan biri bo'ldi.[4]
Bogemiya va Moraviya yahudiylari demografik o'tish hodisasini XVIII asrda eng birinchilardan boshdan kechirgan aholi guruhi bo'lib, bu davrda boshqa Yevropa yahudiylari, yoki Chexiya hududida yashovchi xristianlar tug'ilish va o'lim darajalarida bunga o'xshash o'zgarish sodir bo'lmagan edi.[10] Avstraliyalik demograf John Caldwell fikricha, uchinchi dunyo mamlakatlaridagi tug'ilish darajalari sanoatlashuv bilan, xattoki iqtisodiy rivojlanish darajasi bilan ham bog'liq emas. Qolaversa, unga ko'ra tug'ilish darajasining pasayishi sanoatlashuvdan keyin emas, oldin keladi va sanoatlashuvga sabab bo'ladi.[11]
Qisqacha ma'lumot
[tahrir | manbasini tahrirlash]O'tish jarayoni to'rt, ehtimol besh bosqichni o'z ichiga oladi.
- Birinchi bosqich, ya'ni sanoatlashuvdan oldingi jamiyatda o'lim va tug'ilish darajalari baland va tahminan teng ko'rinishda bo'ladi. Olimlar barcha inson jamiyatlari tahminan shunday muvozanat holatida bo'lgan deb hisoblashadi. Lekin XVIII asr oxiriga kelib G'arbiy Yevropada ushbu muvozanat buziladi.[12] Ma'lumotlarga tayanib aytganda, 10,000 yil oldin sodir bo'lgan Neolit davri inqilobidan buyon Yer yuzida aholi o'sish ko'rsatkichlari 0.05 % dan pastroq darajani tashkil qilgan.[12] Bu bosqichda aholi soni o'sishi darajasi odatda past bo'ladi, chunki jamiyatlar uchun mavjud ozuqa zaxiralari cheklangan bo'ladi. Shunday ekan, ozuqa zaxiralarini oshirish imkonini beruvchi qandaydir texnologiya (masalan, yangi ozuqa manbalari, yoki hosil miqdorini oshirishning yangi yo'llari) kashf etilmas ekan, tug'ilish darajalaridagi har qanday o'zgarish ketidan o'lim darajasidagi xuddi shunday o'zgarish ergashib keladi.[12]
- Ikkinchi bosqich, rivojlanayotgan mamlakat bosqichida ozuqa ta'minoti hamda sanitariya sharoitlarining yaxshilanishi mamlakatdagi o'lim darajasining tezlik bilan pasayishiga sabab bo'ladi va bu o'z navbatida aholi o'rtacha umr ko'rish yoshini uzaytiradi va kasallik darajasini pasaytiradi. Ozuqa ta'minotidagi takomillashuv texnologiyalariga misol sifatida urchitish texnologiyasini, almashtirib ekish yoki yerga ishlov berish texnikalarining kashf etilishini keltirish mumkin.[12] Aholi salomatligini saqlash tizimidagi takomillashuv aholi o'lim darajasini, ayniqsa bolalar o'limi darajasini pasaytiradi.[12] XX asrga qadar jamoatchilik salomatligi sohasidagi o'zgarishlar asosan ozuqalarni saqlash va yetkazib beirsh, suv ta'minoti, oqova suvlar tizimi hamda shaxsiy gigiyena kabi sohalarda sodir bo'lgan.[12] Bunda eng muhim rol o'ynagan omillardan qatoriga XIX asr oxiri, XX asr boshlarida ayollar savodxonlik va ta'lim darajasining oshishi, shuningdek jamoatchilik salomatligi ta'limi dasturlari ishlab chiqilishini kiritish mumkin.[12] Yevropada o'lim darajasidagi pasayish XVIII asr oxirida Shimoli-g'arbiy Yevropada boshlanib, tahminan keyingi bir asr davomida janub va sharqqa tarqalgan.[12] O'lim darajasiga mos ravishda tug'ilish darajasida ham pasayishning mavjud emasligi notenglikni keltirib chiqaradi va shu sabab bu bosqichda aholi sonida keskin o'zgarish, ya'ni aholi sonining keskin o'sishi sodir bo'ladi.
- Uchinchi bosqichda turli-tuman omillar, misol uchun homiladorlikdan saqlanish texnologiyalari, maoshlar oshishi, shaharlashuv, oilaviy dehqonchilikning kamayishi, ayollar maqomi va ta'lim darajasining yaxshilanishi, bolalar mehnatiga bo'lgan talabning kamayishi, ota-onalarda farzandlar ta'limiga bo'lgan e'tiborning kuchayishi kabi omillar tug'ilish darajasining tushishiga sabab bo'ladi. O'sish darajasi sekinlasha boshlaydi. Rivojlangan mamlakatlardagi tug'ilish darajasining tushishi Shimoliy Yevropada XIX asr oxirida boshlangan.[12] Garchi homiladorlikdan saqlanish texnologiyalari tug'ilish darajasi pasayishida birmuncha rol o'ynagan bo'lsada, bunday vositalar XIX asrda aholining keng qatlamlari uchun mavjud bo'lmagan, shunday ekan ularni o'sha davrda boshlangan tug'ilish darajasi pasayishida hal qiluvchi rol o'ynamagan, deb hisoblash mumkin.[12] Aytish kerakki, tug'ilish darajasining pasayishiga shunchaki homiladorlikdan saqlanish vositalarining mavjudligi emas, balki kishilar qadriyatlaridagi o'zgarish ham sabab bo'lgan.[12]
- To'rtinchi bosqichda tug'ilish darajasi ham, o'lim darajasi ham past bo'ladi. Germaniya, Italiya va Yaponiya kabi mamlakatlarda bo'lgani singari tug'ilish darajasi minimal ko'rsatkichdan pastga tushib ketishi, natijada aholi sonining qisqarishi va aholi o'sishiga tayanuvchi ba'zi sanoat sohalari yo'qolib ketish tahdidi ostida qolishi mumkin. Ikkinchi bosqichda dunyoga kelgan yirik aholi guruhi keksayishi bilan bu keksa aholi guruhini ta'minlash tobora qisqarib borayotgan ishga layoqatli aholi yelkasiga yuk bo'lib tushadi. O'lim darajasi pastligicha qolishi, yoki rivojlangan mamlakatlarda bo'lgani singari, aholining kam harakat qilishi va turmush tarzidagi o'zgarishlar bilan bog'liq kasalliklar, misol uchun ortiqcha vaznga ega bo'lish, yoki shunchaki aholi keksayishi tufayli o'lim darajasi oshishi ham mumkin. XX asr oxiriga kelib rivojlangan mamlakatlardagi o'lim va tug'ilish darajalari past darajada qolmoqda.[13]
- Ba'zi olimlar "beshinchi bosqich" tug'ilish darajasining minimal ko'rsatkichdan ham tushib ketishiga guvoh bo'ladi, deb tahmin qilsa, boshqalari bu bosqichda tug'ilish darajasining oshishini bashorat qiladi.[14]
Barcha modellar bilan bo'lgani singari, bu ham turli mamlakatlardagi aholi sonidagi o'zgarishlarning mavhumlashtirilgan manzarasidir. Bu model umumiylashtiruvchi bo'lib, mamlakatlarni guruh sifatida ko'rib chiqadi va modelni mamlakatlarning har biriga alohida ko'rinishda qo'llash samara bermasligi mumkin. Bu modelning kam rivojlangan mamlakatlar uchun qanchalar mosligi hali aniqlanmagan. Xitoy, Braziliya va Tailand kabi ko'plab mamlakatlar Demografik O'tish Modelidagi bosqichlardan tezlik bilan o'tishdi va bunga ushbu mamlakatlardagi shiddatli ijtimoiy va iqtisodiy o'zgarishlar sabab bo'ldi. Boshqa mamlakatlar, ayniqsa Afrika mamlakatlari hali-hanuz modelning ikkinchi bosqichida qolmoqda va bunga sabab sifatida ulardagi rivojlanish sur'atlarining pastligi hamda bezgak va OITS kabi tadqiqot va moliyalashtirishga muhtoj tropik kasalliklarning avj olishini keltirish mumkin.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Demografik o‘tish“. Qaraldi: 2024-yil 10-yanvar.
- ↑ 2,0 2,1 „The Classic Model of Demographic Transition“.
- ↑ 3,0 3,1 Galor, Oded. Unified Growth Theory. Princeton: Princeton University Press, 2011. ISBN 9781400838868.
- ↑ 4,0 4,1 Myrskylä, Mikko; Kohler, Hans-Peter; Billari, Francesco C. (2009). „Advances in development reverse fertility declines“. Nature. № 460 (7256). 741–743-bet. Bibcode:2009Natur.460..741M. doi:10.1038/nature08230. PMID 19661915.
- ↑ Galor, Oded (2011). „The demographic transition: causes and consequences“. Cliometrica. № 6 (1). 1–28-bet. doi:10.1007/s11698-011-0062-7. PMC 4116081. PMID 25089157.
- ↑ 6,0 6,1 Galor, Oded (2005). „The Demographic Transition and the Emergence of Sustained Economic Growth“. Journal of the European Economic Association. № 3 (2). 494–504-bet.
- ↑ Warren Thompson. Encyclopedia of Population. Macmillan Reference, 2003 — 939–40-bet. ISBN 978-0-02-865677-9.
- ↑ Landry, Adolphe (1987). „Adolphe Landry on the Demographic transition Revolution“. Population and Development Review. № 13 (4). 731–740-bet. doi:10.2307/1973031. JSTOR 1973031.
- ↑ Woods, Robert. The Demography of Victorian England and Wales. Cambridge University Press, 2000 — 18-bet. ISBN 978-0-521-78254-8.
- ↑ Vobecka, Jana. Demographic Avant-Garde: Jews in Bohemia between the Enlightenment and the Shoah. Central European University Press, 2013 — xvi-bet. ISBN 978-615-5225-33-8.
- ↑ Caldwell, John C. (1976). „Toward A Restatement of Demographic Transition Theory“. Population and Development Review. № 2 (3). 321–366-bet.
- ↑ 12,00 12,01 12,02 12,03 12,04 12,05 12,06 12,07 12,08 12,09 12,10 „Demographic Transition“. 2019-yil 5-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 10-yanvar.
- ↑ Matt Rosenberg. „Demographic Transition“. ThoughtCo. (2019-yil 2-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 10-yanvar.
- ↑ Richard Knight. „Can we be sure the world's population will stop rising?“. BBC News (2012-yil 14-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 10-yanvar.