Shaxsiy gigiyena
Shaxsiy tozalik - tozalikning bir boʻlimi; shaxsiy hayot va mehnat faoliyatida amal qilinishi zarur boʻlgan gigiyenik rejim yoʻli bilan odam sogʻligʻini saqlash va mustahkamlash masalalarini ishlab chiqadi. Shaxsiy gigiyena har bir kishining oʻziga va yoshiga bogʻliq boʻlib aqliy va jismoniy mehnatni yoʻlga qoʻyish, jismoniy tarbiya bilan shugʻullanish vaqtida ovqatlanish, miriqib uxlash, mehnat va dam olishni toʻgʻri uyushtirishdan iborat. Tor maʼnoda badan (teri, soch, tirnoq, tishlar), kiyim-kechak, poyabzal, koʻrpa-toʻshak, turar joy, ovqat tayyorlash tozalik va b. ham Shaxsiy gigiyenaga kiradi. Birinchi navbatda, badanni ozoda saqlashga eʼtibor berish zarur. Ayniqsa, badanning ochiq joylari, shuningdek, tirnoq osti tez kirlanadi, shuning uchun qoʻlni bot-bot sovunlab yuvib turish, tirnoqlarni toʻgʻri parvarish qilishga odatlanish kerak. Uyda ovqat tayyorlaganda ham qoʻlning tozaligiga eʼtibor berish lozim. Shaxsiy gigiyena qoidalariga bolalar juda yoshligidanoq odatlanishi zarur.
Kuniga dush qabul qilish yaxshi odat. Uyda dush boʻlmasa, badanning ochiq, ayniqsa, koʻp terlaydigan joylarini, qoʻltiq va koʻkrak ostini issiq suv bilan sovunlab yuvish lozim. Oʻringa yotishdan oldin oyoqni yuvish, agar barmoq burmalarida chaqalangan, bichilgan joylar boʻlsa davolatish kerak.
Ogʻiz boʻshligʻini toza tutish faqat tishlarning sogʻlom boʻlishini taʼminlabgina qolmay, balki ichki aʼzolardagi kasalliklarning oldini olishda ham muhim. Tishni har kuni ertalab yuvishga, shuningdek, ovqatlangandan keyin ogʻizni chayishga odatlanish kerak; agar ogʻiz hidlansa, darhol vrachga koʻrinish zarur.
SH.g. ga umumiy gigiyena tadbirlaridan tashqari, jinsiy aʼzolar parvarishi ham kiradi; buni bola balogʻatga yetganida emas, aksincha, bola tugʻilganidanoq muntazam amalga oshirish kerak.
Ichki kiyim toza boʻlishi, har kuni yoki kunora paypoqni almashtirib turish Sh.g. da juda muhim; badan, kiyimkechak, turar joy, oshxona, ish joyi va boshqalarning toza boʻlishiga eʼtibor berish kerak (qarang Gigiyena).
Har bir oila aʼzosining sochigʻi, koʻrpatoʻshagi alohida boʻlishi, koʻrpayostiq jildi, choyshabni haftada bir almashtirib turish zarur. Uyquga yotishdan oldin ichki kiyimni almashtirish lozim. Sh.g. ga oid tadbirlarni, ayniqsa, oila aʼzolaridan biror kishi ogʻriganda qatʼiy amalga oshirish talab etiladi, aks holda kasallik atrofdagilarga, xususan bolalarga tez yuqishi mumkin (qarang Bemorni parvarish qilish). Qiz va oʻgʻil bolalar parvarishining oʻziga xos tomonlari bor (qarang Goʻdak, Bolalar va oʻsmirlar gigiyenasi). Sh.g. qonunqoidalari barchaga tegishli boʻlishi bilan birga, uni kishining yoshiga, erkak va ayolning anatomikfiziologik xususiyatlariga bogʻliq tomonlari ham bor. Jinsiy aʼzolar va jinsiy hayot gigiyenasi (qarang Jinsiy gigiyena) masalalari bilan seksologiya shugʻullanadi. Mehnat jarayonida Sh.g. ni toʻgʻri tashkil etish ishini mehnat gigiyenasi oʻrganadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |