Daosizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Daosizm (dao soʻzidan) — 1) qad. xitoy falsafasidagi yoʻnalishlardan biri; dao haqidagi taʼlimot. Mil.av. 6—5-a. larda vujudga kelgan. Asoschisi Lao-szi hisoblanadi, uning gʻoyalari "Dao de szin" kitobida bayon etilgan. D. vakillari — mil. av. 4— 3-a.larda yashagan Yan Chju, In Ven, Chjuan-szi. D.ga koʻra, tabiat va inson hayoti "ilohiy samoviy qonun"ga bogʻliq emas, balki narsalarning tabiiy yoʻli, qonuni — "dao"ga asoslanadi. Yan Chju fikricha, hayotning tabiiy qonunlari — "dao"ga rioya qilish insonga "oʻz tabiatini butunlikda saqlab qolishga" imkon beradi. D. dunyodagi hamma narsalarda qaramaqarshiliklar kurashi yotadi, ular oʻzgarishda, harakatda: "bir xil narsalar ketib, boshqa xil narsalar keladi, baʼzi narsalar gullaydi, baʼzilari soʻnadi", deb hisoblaydi. D. taʼlimotida insonga oʻzidagi majburiyat va burch kishanlarini uloqtirib tashlab, tabiatga yaqin boʻlgan hayotga qaytish daʼvati bor.

2) Xitoyda tarqalgan 3 dindan (konfutsiychilik, buddizm bilan bir qatorda) biri. D. falsafiy taʼlimoti asosida paydo boʻlgan. 1—3-a.larda vujudga kelgan. Chjan Daolin asos solgan (2-a. ning 1-yarmi). D. urf-odatlari animizmga va sehrgarlikka ishonishga asoslangan. Konfutsiychilik, buddizm elementlari ham bor. D. dinida 3 xudo — Shandi, Laotszi hamda dunyoning yaratuvchisi Pan gu boshchiligida xudolar panteoni shakllangan. 5-a.dan D. diniy taʼlimoti, marosimlari rasmiylashgan va davlat dini boʻlib qolgan. 12-a.ga kelib D.ning adabiyotlar toʻplami — "Dao szan" vujudga keldi. D. boshqa dinlar kabi koʻplab sektalarga ajralib ketgan. D. kohinlari shaxsning axloqiy oʻz-oʻzini takomillashtirish gʻoyasini targʻib qilib, dindorlarga uzoq umr koʻrishning muayyan usulini ham taklif qiladilar, bu usul parhezni, jismoniy mashqlar tizimi va b. ni oʻz ichiga oladi. Ayni vaktda kohinlar yovuz ruhlarni haydash, fol ochish bilan ham shugʻullanadi. Keyinchalik D. Xitoyda oʻzining ilgarigi mavqeini yoʻqotib oʻrnini boshqa dinlarga boʻshatib bergan. Hozir uning tarafdorlari nisbatan ozchilikni tashkil qiladi.

Adabiyot[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil