Chustiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Chustiy, asl ismi Nabixon Xo'jayev - oʻzbekistonlik shoir. 1904 -yilda Namangan viloyati Chust shahrida tavallud topgan. XX-asr oʻzbek adabiyotining yorqin namoyondalaridan biri. Uni oʻzbek adabiyotida "XX-asrning Navoiysi" deya atash mumkin. Asosan g'azallar bitgan. "Sadoqat gullari" Chustiyning she'riy to'plamlaridan biri.

Chustiy (taxallusi; asl ismsharifi Xoʻjayev Nabixon) (1904.20.2 — Chust shahri — 1983.13.8) — shoir, tarjimon. Chust va Qoʻqondagi eski maktab va madrasalarda taʼlim olgan. Alisher Navoiy tavalludining 500 yillik yubileyini oʻtkazishga tayyorgarlik munosabati bilan Toshkentga ishga chaqirilgan. Chustiy Muqimiy teatrida adabiy emakdosh (1939—41) va direktor (1941—42). Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi adabiyot fondida direktor (1942—44), Oʻzbekiston FA Til va adabiyot intida ilmiy xodim (1959—68). Chustiy asosan mumtoz sheʼriyat yoʻlida ijod qilib, gʻazal, muxammas, musaddas, murabbaʼ, ruboiy, tuyuq, masnaviylar yozgan. Shoirning bu ijod namunalari uning "Gul mavsumi" (1969), "Gʻazallar" (1977) toʻplamlari va "Hayotnoma" (1988), "Sadoqat gullari" (1992), "Koʻngil tilagi" (1994), "Koʻrguncha xayr endi" (2004) devonlarida nashr etilgan. Turli yillarda yaratilgan "Tirik jannatga kirgan kampir", "Kiyiknoma", "Bogi Eram" dostonlari ham bor. Chustiy ayniqsa Ikkinchi jahon urushi yillarida faol ijod qilgan. Vatanparvarlik va qahramonlik mavzularidagi "Shamshir", "Lolazor", "Hayot zavqi", "Qoʻzgʻol", "Jasur oila" sheʼriy toʻplamlari, "Zafarnoma" dostoni, "Davron ota" (K. Yashin va S. Abdulla bilan hamkorlikda),"Oʻzbekiston qilichi", "Qurbon Umarov", "Qoʻchqor Turdiyev" (S. Abdulla bilan hamkorlikda), "Qasos" (A. Umariy va Tuygʻun bilan hamkorlikda) sahna asarlarini yaratgan.

Chustiyning ishqiy va axloqiy mavzudagi koʻplab gʻazal, muxammas, murabbaʼlari qoʻshiqlarga aylanib, taniqli hofizlar tomonidan kuylab kelinadi. Chustiy oʻzbek mumtoz sheʼriyatining ulkan namoyandalari Navoiy, Fuzuliy, Nodira, Furqat va boshqalarning anʼanalarini davom etgirish bilan birga ularning eng yaxshi gʻazallariga taxmislar bogʻlagan. Shuningdek, u mumtoz va zamonaviy fors adabiyotining mashxur vakillari Saʼdiy, Hofiz, Xusrav Dehlaviy, Sobir Termiziy, Mirzoda Ishqiy, Jaʼfar Iftixor, Parvin Eʼtisomiy va boshqalarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. 4j.li "Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lugʻati"ni (1—2j., T., 1983) tuzishda faol ishtirok etgan.

Toshkent, Chust, Qoʻqon, Namangan shaharlaridagi koʻcha, maktab, kutubxona, kinoteatr va jamoa xoʻjaliklari Chustiy nomi bilan ataladi. 2004 yil iyun oyida Chustiy tavalludining 100 yilligi nishonlandi.

Manbalar[tahrir]

  • Gul mavsumi, T., 1969; Hayotnoma, T., 1988; Sadoqat gullari, T., 1992; Koʻngil tilagi, T., 1994; Koʻrguncha xayr endi, T., 2004.

Adabiyot[tahrir]

  • Yod etingiz kamtarin Chustiyni ham, Namangan, 1994; Qalblardasiz mavlono Chustiy, Namangan, 2004.