Afanasyevo madaniyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Afanasyevo madaniyati - Jan. Sibirdagi eneolit davriga oid arxeologik madaniyat (mil. av. 3—2 ming yillik boshlari). Haqasiya Respublikasidagi Afanasyevo togʻidan topilgan qabriston nomidan olingan. Manzilgohlar, qabristonlar koʻplab topilgan. Xoʻjaligi chorvachilik, ovchilik, dehqonchilikdan iborat boʻlgan. Afanasyevo madaniyati aholisi atrofida joylashgan mongoloid irqqa mansub qabilalardan farqli oʻlaroq hind-yevropa irqiga mansub boʻlgan. Afanasyevo madaniyatiga oid qabrlar doira va toʻrtburchak qilib, harsangtosh va tosh plitalar bilan oʻralgan, ichida 5—6 ta qabr boʻlgan. Jasadlar qoʻl-oyoqlari buklanib, boshlari jan.-sharqqa qaratilgan holda koʻmilgan. Murdalarning yolgʻiz yoki juft, baʼzan toʻp-toʻp qilib dafn etilishi oʻsha davrda ibtidoiy jamoalar katta oila boʻlib yashaganliklaridan darak beradi. Qabrlardan jasad yoniga qoʻyilgan tuxumsimon yoki yarim shar shaklidagi ogʻzi tor sopol idishlar, tosh va suyak, baʼzan jez buyumlar topilgan. Sopol idishlar har xil chizma naqshlar bilan bezatilgan.

Jan. Sibir eneolit davri aholisining Oʻrta Osiyo qabilalari bilan madaniy aloqada boʻlganligini Zarafshonning quyi havzasi r-nidan topilgan eneolit va jez davri madaniyati — Zamonbobo yodgorliklarida yaxshi kuzatiladi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil