Abu Kabsha

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Kabsha Sulaym
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 634-yil (hijriy 13-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi Paygʻambar ozod qilgan qul

Abu Kabsha (arabcha: أبو کبشة — Abu Kabsha Sulaym) — Payg‘ambar ozod qilgan qul.

Abu Kabsha asli fors bo‘lib, Makka yoki Davs qabilasining arablashgan urug‘idan. Ismining Avs yoki Salama bo‘lgani ham rivoyat qilingan. Payg‘ambar sotib olib ozod qilgan o‘ttizga yaqin qullardan biri bo‘lgan Abu Kabshaning nima sababdan qul bo‘lgani nomaʼlum.

Janglardagi ishtiroki[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Kabsha Madinaga hijrat qilganida, avval Qubodagi uyida Rasulullohni bir necha kun mehmon qilgan Madina ashroflaridan Kulsum ibn Hidmning uyi­da qoladi. Payg‘ambar bilan birga Badr, Uhud va boshqa g‘azotlarda qatnash­gan. Ibn Hishomning bergan maʼlumotiga ko‘ra, Badr g‘azotida musulmonlarning faqatgina yetmishta tuyasi bo‘lgani sababli Hamza bilan Zayd ibn Horisa va Abu Kabsha bilan Payg‘ambar ozod etgan asli habash qul Anasa (Unaysa) bitta tuya­ga navbat bilan minganlar.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Kabshaning hadis rivoyat etgani manbalarda zikr qilinmagan. U Umar xalifa etib saylangan kun (13-hijriy yil, 22 jumodul-oxir, milodiy 634-yil, 23-avgust) vafot etgan.

Boshqa kishilar bilan adashtirilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sahobalar orasida Abu Kabsha al-Anmoriy al-Mazhijiy ismli shaxs bo‘lib, uning Rasululloh bilan Abu Bakrdan rivoyatda bo‘lgani zikr qilingan. Ibn Abdulbar bu ikki shaxsni bir-biri bilan adashtirib yuborgani sababli Abu Kabsha al-Anmoriyning roviylarini Abu Kabshaning roviylari sifatida ko‘rsatgan. Tobeʼin muhaddislar orasida ham Abu Kabsha kunyasi bilan tanilgan ikki kishi bor. Ulardan biri Abu-d-Dardo, Savbon va Abdulloh ibn Amr kabi sahobalardan hadis rivoyat qilgan Abu Kabsha as-Saluliy, ikkinchisi esa, Abu Muso al-Ash’ariydan rivoyatda bo‘lgan Abu Kab­sha as-Sadusiy al-Basriylardir. Bularning Abu Kabsha bilan bog‘liqligi yo‘q.

Payg‘ambarni emizgan onalari Halimaning eri va ona tomonidan bobosining kunyalari ham Abu Kabsha bo‘lgan. Qurayshlik mushriklar Rasulullohni butparast arablardan farqli eʼtiqodga ega bo‘lgan hamda yulduzga ibodat qilgan Abu Kabsha al-Xuzoiyga o‘xshatganlari bois, Ibn Abu Kabsha der edilar[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ibn Hishom. As-Sӣra. II, 122, 264, 334;
  2. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt. III, 49;
  3. Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. II, 448; VI, 261-262;
  4. Ibn Hibbon. As-Siqāt. II, 159-160;
  5. Ibn Hajar. Tahzӣb at-tahzӣb. XII, 209;
  6. Al-Omiriy. Bahja al-maxāfil va bug‘ya al-amāsil. — Qohira: 1330-31. II, 150;
  7. Ali Yardım. „Ebû Kebşe“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 176.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.