Kontent qismiga oʻtish

Abu Ismoil Muhammad at-Termiziy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Ismoil Muhammad ibn Ismoil ibn Yusuf as-Sulamiy at-Termiziyal-Bag‘dodiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 893-894-yil (hijriy 280-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi muhaddis, hadis hofizi

Abu Ismoil Muhammad at-Termiziy (arabcha: ابو إسماعيل محمد الترمذي — Abu Ismoil Muhammad ibn Ismoil ibn Yusuf as-Sulamiy at-Termiziy al-Bag‘dodiy) — muhaddis, hadis hofizi.

So‘z va rivoyatlari ishonchli hadis hofizlaridan sanalgan Abu Ismoil Muhammad at-Termiziy asli termizlik bo‘lib, Bag‘dod shahrida yashagan. Olimning tavallud sanasi nomaʼlum. Hijriy 280-yilning ramazon oyida vafot etgan.

Qiroat va hadis ilmi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Ismoil Muhammad at-Termiziy qiroat ilmida ham o‘z zamonasining bilimdonlaridan bo‘lgan. Ibn Zakvondan qiroat ilmiga oid hadislarni rivoyat qilgan. Hadis talabida dunyoning Hijoz, Shom, Misr va Iroq yurtlariga safar qilib, Muhammad ibn Abdulloh al-Ansoriy, Abu Nuaym, Qosiba ibn Uqba, Muslim ibn Ibrohim, al-Humaydiy, Saʼid ibn Abu Maryam, Hammod ibn Molik al-Harastoniy, Ishoq ibn Arkun, Nuaym ibn Hammod va ularning safdoshlaridan hadis tinglagan. O‘z navbatida, Abu Ismoil Muhammad at-Termiziydan Abu Dovud, Imom at-Termiziy, Imom an-Nasoiy, Ibn Abu Daryo, Muso ibn Horun, Ibn Soʻid, Ibn Maxlad, al-Mahomiliy, Ismoil Saffof, Ahmad ibn Komil, Xaysama ibn Sulaymon, Abu Sahl ibn Ziyod, Abu Bakr ash-Shofe­’iy, Abu Bakr Najjod, Abu Abdulloh ibn Muhrim va boshqalar hadis rivoyat qilganlar.

Manbalarda Abu Ismoil Muhammad at-Termiziy ko‘proq imom Muhammad ash-Shofeʼiy fikr-qarashlarini bayon qiluvchi roviy sifatida zikr qilinadi. Abu Iso at-Termiziy „Sunan at-Tirmizӣ“da aytishicha, unga ash-Shofeʼiydan [[tahorat] va namoz bilan bog‘liq mavzularni Abu-l-Valid al-Makkiy ba­yon qilgan, Abu Ismoil Muhammad at-Termiziy va Yusuf ibn Yahyo al-Qurashiy al-Buvaytiylar ham ash-Shofeʼiydan naql qilganlar. Imom at-Termiziy o‘zining „Kitāb al-’ilal“ asarida ham Abu Ismoil Muhammad at-Termiziy nomini eslab o‘tgan.

Iqtiboslar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ad-Doniy aytadi:

Abu Ismoil hadis roviylari va olimlarning buyuklaridandir.

Ibn Hajar al-Asqaloniyning zikr qilishicha, hofiz Abu Ismoil Muhammad at-Termiziy hadis ri­voya­tida siqa roviy bo‘lgan.

Xatib al-Bag‘dodiy u haqda:

Fahmi o‘tkir, rivoyatlari aniq, ahli sunna val-jamoaning mashhur peshvolaridan edi

, — deb aytgan.

Manbalarda hofizning hadis ilmiga oid qator asarlar muallifi ekani zikr qilinsa-da, ularning nomi keltirilmagan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. — Bayrut-Lubnan: „Dor al-kutub al-’ilmiyya“, 1998. II, 135;
  2. Ibn al-Asir. Al-Kāmil. — Bayrut-Lubnan: „Dor al-kutub al-’arabiy“, 1998. VI, 479;
  3. Kahhola. Mu’jam al-muallifӣn. — Bayrut: „Dor ihyo at-turos“. IX, 62;
  4. Abu Iyso Muhammad at-Termiziy. Sunani at-Termiziy. — T.: „Adolat“, 1999;
  5. Imom Shamsiddin Zahabiy. Mashhur daholar siyrati. — T.: „Hilol-nashr“, 2017;
  6. Mirzo Kenjabek. „Sunani at-Termiziy“ kitobida nomlari zikr qilingan Termiziylar // Buyuk Termiziylar. — T.: „O‘zME DIN“, 2017. 313.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.