Abon ibn Saʼid

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu-l-Valid Abon ibn Sa’id ibn Os ibn Umayya al-Qurashiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 634-yil (hijriy 13-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi sahoba

Abon ibn Saʼid (arabcha: أبان بن سعيد — Abu-l-Valid Abon ibn Saʼid ibn Os ibn Umayya al-Qurashiy,?, Makka — 13/634, Ajnadayn) — sahoba.

Nasab jihatidan Payg‘ambar ajdodlari Abdumanofga borib taqaladi. Otasi nufuzli Makka mushriklaridan biri bo‘lib, Abu Uhayha kunyasi bilan tanilgan. Dastlab Abon ibn Saʼid xolavachchasi Abu Jahl qatorida musulmonlarga qarshi kurashgan. Ukalaridan biri Amr bilan Xolid Islomni qabul qilgan bo‘lib, Habashistonga hijrat qilgan musulmonlar orasida bo‘lgan.

Hayoti va faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abon ibn Saʼid boshqa ukalari Os va Ubayda bilan birga Badrda musulmonlarga qarshi janglarda qatnashgan va ular mazkur janglarda halok bo‘lgan. Abon ibn Saʼid Uhud jangida ham musulmonlarga qarshi chiqadi. Abon ibn Saʼid Hudaybiya sulhidan oldinroq savdo maqsadida Shomga safar qilgan vaqtida bir rohib undan Payg‘ambar haqlarida surishtirib, so‘ngra unga Payg‘ambar hukmi avval Arabistonga, keyinchalik butun yer yuziga o‘tishini aytadi. Abon ibn Saʼid safardan qaytgach, musulmonlarga yaxshi munosabatda bo‘lishni boshlaydi. Payg‘ambar Hudaybiya sulhidan avval Quraysh zodagonlari bilan muzokara olib borish uchun Usmon Makkaga jo‘natilganida hali musulmon bo‘lmagan Abon ibn Saʼid uni himoyasiga oladi va sulh bitimi tuzilgan zahoti Islomni qabul qiladi. So‘ngra, ukasi Amr bilan Xolid Habashis­tondan qaytganlaridan keyin, ular bilan birga Madinaga hijrat qiladi.

Hijratning yettinchi yilida Payg‘ambar Najdga qo‘shin yuborib, Abon ibn Saʼidni qo‘mondon qilib tayinlaydilar. Najddan qaytayotganida safdoshlari bilan birga Xaybar fathida qatnashish istagida u yerga boradi. Biroq bu vaqtda urush tugagan bo‘lib chiqadi. Abon ibn Saʼid va uning safdoshlari Xaybar o‘ljalaridan ulush talab qilganlarida, Abu Hurayra va boshqa ayrim sahobalar ularning urushda qatnashmaganlarini sabab qilib ko‘rsatib, ularning talablariga qarshi bo‘lganlari bois, ularga o‘ljadan ulush ajratilmaydi.

Voliylikka tayinlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hijratning to‘qqizinchi yili Payg‘ambar Alo ibn Hazramiyni Bahrayn voliyligidan ozod qilgach, bu vazifaga Abon ibn Saʼidni tayinlaydilar. U Payg‘ambarning vafotlarigacha bu vazifada xizmat qiladi. Rasulullohning vafot etganlari xabarini eshitgach, Madinaga qaytadi va ko‘pchilik qatori Abu Bakrga bay’at qiladi. Abu Bakr as-Siddiq Payg‘ambar tomonidan tayinlangan voliylarning birortasini vazifasidan bo‘shatmagach, uni ham Bahrayn voliysi sifatida qoldirishni istaydi. Biroq Abon ibn Saʼid Rasulullohdan keyin hech kimning vakili bo‘lishni istamasligini aytib, vazifasiga qaytmaydi. Ammo, keyinchalik bu qaroridan voz kechib, Abu Bakr tomonidan Yamanga voliy etib tayinlanadi.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ayrim manbalarda Abon ibn Saʼidning Yarmuk jangida shahid etilgani rivoyat qilinsa-da, u ukalari Amr va Xolid bilan birga Abu Bakr xalifaligi davrida Ajnadayn jangida shahid bo‘lgani haqiqatga yaqinroq. Abon ibn Saʼid Usmon davrida ham tirik bo‘lib, uning buyrug‘i bilan Zayd ibn Sobitga Mushafni ko‘chirtirgani haqidagi rivoyatlar asossiz bo‘lib, bu ishni Abon ibn Saʼidning jiyani Saʼid ibn Os bajargan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. I, 450;
  2. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt. I, 461; IV, 360;
  3. Ibn Abu Hotim. Al-Jarh va-t-taʼdӣl. II, 295;
  4. Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. I, 46-47;
  5. Az-Zahabiy. Siyar. I, 261;
  6. Ali Toksarı. „Ebân b. Saîd“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 67.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.