Abdulloh ibn Hanzala
Abu Abdurrahmon Abdulloh ibn Hanzala al-Gʻasil ibn Abu Omir al-Avsiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 625-yil (hijriy 4-yil) |
Vafoti |
milodiy 683-yil (hijriy63- yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | sahoba |
Abdulloh ibn Hanzala (arabcha: عبد الله بن حنظلة — Abu Abdurrahmon Abdulloh ibn Hanzala al-Gʻasil ibn Abu Omir al-Avsiy, 4/625 — Madina — 63/683) — sahoba.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Baʼzi manbalarda bobosiga nisbat berilib, Abdulloh ibn Rohib ham deyilgan. Otasi Hanzala Uhud jangida shahid bo‘lganida Payg‘ambar uning jasadini farishtalar yuvganini bashorat qilgan. Shu sabab u „al-Gʻasil“ yoki „Gʻasil al-maloika“ deb yodga olinadi. Onasi Jamila Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning qizi. Abdulloh ibn Hanzala Payg‘ambar vafot etganida yetti yoshda bo‘lganiga qaramay sahobalardan hisoblanadi.
Manbalarda Abdulloh ibn Hanzala haqida asosan Harra voqeasi bilan bog‘liq maʼlumotlar keltirilgan bo‘lsa-da, uning Madinada kattagina obro‘ga ega bo‘lgani ham aytilgan. Shuning uchun xalifa Muoviya tomonidan o‘g‘li Yazid ibn Muoviya nomzodini o‘zidan keyingi xalifalikka tayyorlash maqsadida Madina voliysi Usmon ibn Muhammad boshchiligida Damashqqa yuborilgan hay’at orasiga Abdulloh ibn Hanzala ham qo‘shilgan. Hay’at aʼzolari Madinaga qaytgach, Yazidning sharob ichgani, namoz o‘qimasdan kunini ayshu ishratda o‘tkazgani va shu sabab uning xalifalik maqomiga loyiq emasligini aytadilar. Shu bois Madina aholisining aksar qismi Yazidning xalifaligini tan olmay, Abdulloh ibn Hanzalaga bay’at qiladi. Madinada boshlangan bu voqealar o‘sha paytda Makkada bo‘lgan, keyinchalik Hijoz xalqi bay’at qilgan Abdulloh ibn Zubayrga aloqador degan fikrlar ham bor.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh ibn Hanzala 63/683-yilda umaviylar va Abdulloh ibn Zubayrni qo‘llab-quvvatlagan Madina aholisi o‘rtasida yuz bergan Harra jangida halok bo‘lgan.
Sifatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulloh ibn Hanzala ko‘p ro‘za tutuvchi, tunlarni ibodatda bedor o‘tkazuvchi, Qur’on tilovatidan taʼsirlanuvchi, obid, zohid, ansoriylar ichida katta hurmat qozongan sahoba bo‘lgan. Rivoyat qilgan hadislari Abu Dovud, Imom at-Termiziy va Imom ad-Dorimiylarning „Sunan“lari va Ahmad ibn Hanbalning „Musnad“ida keltirilgan. Shuningdek, u Umar, Abdulloh ibn Salom va Ka’b al-Axborlardan hadis rivoyat qilgan. Undan Abdulloh ibn Yazid al-Xatmiy, Ibn Abu Mulayka, Asmo bint Zayd ibn al-Xattoblar hadis rivoyat qilgan[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ibn Ishoq. As-Sӣra. — Rabot: 1967. 312;
- Al-Mas’udiy. Murӯj az-zahab. — Parij: 1861-77. V, 160;
- Ibn Abdulbar. Al-Istӣ’āb. — Qohira: 1328. II, 286;
- Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1285-87. III, 148;
- Az-Zahabiy. Siyar. III, 321-325;
- Ibn Hajar. Al-Isāba. — Qohira: 1328. II, 299-300;
- Ahmet Önkal. „Abdullah b. Hanzale“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 104-105.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |