Abdulg‘ani Abdullayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulg‘ani Abdullayev
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 28-aprel 1928-yil
Vafoti 19-fevral 1999-yil
Dini Islom
Tanilgan sohasi din arbobi, ulamo

Abdulg‘ani Abdullayev (arabcha: عبد الغنى عبد الله — (28.04.1928, Farg‘ona viloyati — 19.02.1999, Toshkent) — din arbobi, ulamo.

Abdulg‘ani Abdullayev (Shayx Abdulg‘aniy Abdulloh) Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani Oltiariq qish­log‘ida tavallud topgan. 1945-1950-yillarda Mir Arab madrasasida tahsil olgan.

Mehnat faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulg‘ani Abdullayev 1954-1957-yillarda O‘rta Osiyo va Qozog‘is­ton musulmonlari diniy nazoratida turli vazifalarda ishlay bosh­laydi. 1957-1961-yillarda diniy idora rahbariyatining tavsiyasi bilan Misrning al-Azhar universitetida taʼlim olib qaytadi. Tinimsiz mehnati va o‘tkir zakovati tufayli arab, fors, ing­liz, turk tillarini o‘rganadi va barcha jahon dinlarining yetuk bilimdoni bo‘lib yetishadi.

Abdulg‘ani Abdullayev 1961-1965-yillarda Mir Arab mad­rasasida talabalarga tafsir, aqoid, fiqh fanlaridan dars beradi. 1965-yilda Abdulg‘ani Abdullayev O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratiga mas’ul kotib etib tayinlanadi.

1948-yilda to‘xtab qolgan idora jurnali „Sovet Sharqi musulmonlari“ nomi bilan 1967-yilda qaytadan nashr etila boshladi. Abdulg‘ani Abdullayev ushbu jurnalning bosh muharriri etib tayinlanadi. U bosh muharrir vazifasida 1975-yilga qadar ishlaydi. 1975-1989-yillarda diniy nazorat raisi o‘rinbosari, 1989-1992-yillarda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi vazifasida faoliyat olib boradi.

1992-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tashkil etilgach, Abdulg‘ani Abdullayev uning birinchi raisligiga tayinlanadi va bu lavozimda 1995-yilga qadar mehnat qiladi. Bu yillarda O‘zbekis­tondagi turli din vakillari o‘rtasida birodarlik rishtalarining mustahkamlanishi, ularning umuminsoniy manfaatlar yo‘lida birdamlikda harakat qilishlarida xizmatlari katta bo‘ldi.

1995-yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida Xalqaro islom tadqiqot markazi ochildi va ushbu markazning birinchi direktori bo‘lib Abdulg‘ani Abdullayev tayinlandi. 1997-1999-yillarda esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishladi.

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulg‘ani Abdullayev o‘z ijodiy faoliyati davomida Imom al-BuxoriyningAl-Jāmi’ as-sa­hӣh“ asarining birinchi jildini arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima qildi. Ko‘plab yirik xalqaro anjumanlarda o‘zining ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashgan, maqolalari deyarli barcha musulmon davlatlarida chop etilgan.

Mukofoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

U diniy ilmlar taraqqiyoti yo‘lidagi xizmatlari uchun al-Azhar universitetining „Buyuk xizmatlari uchun“ mukofoti bilan taqdirlangan. U o‘zining chuqur bilimi bilan olimlar orasida „tirik qomus“ nomini olgan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Zamonamiz ulamolari. — T.: 2001. 72;
  2. O‘zbekiston ulamolari. — T.: „Movarounnahr“, 2015. 108-109; O‘zR MDA — 500, v-59.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.