Ab (Islom dinida)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ab, abun — arab. أَبٌ ota, padar (ko‘plik shakli — أَبُونَ، آباءٌ، أَبُوٌّ، أَبُوَّةٌ. O‘zagi أبو). „Ab“ so‘zining izofaga kirishgan, aniq holatdagi bosh kelishik shakli — Abu (أبو).

Ishlatilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1. Arablar, shuningdek, Islom olamidagi boshqa xalqlar kunyalari tarkibiga kiruvchi so‘z. Masalan, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon al-Beruniy va boshqalar. „Abu“ bilan kelgan ism shaxsning otasi, „ibn“ bilan kelgan ism esa shaxsning o‘g‘li ekanini bildiradi.

Bir odamning bir nechta kunyasi bo‘lishi mumkin. Masalan, Usmon ibn Affonda 3 ta kunya bo‘lgan: Abu Amr (أبو عمرو), Abu Abdulloh (أبو عبد الله) va Abu Laylo (أبو ليلى).

„Abu“ so‘zidan keyin quyidagi ismlar keladi:

1) odatda eng katta o‘g‘ilning ismi;

2) baʼzan kichik o‘g‘il yoki qizning ismi;

3) ajdodiga bo‘lgan hurmat yuzasidan nabira yoki undan keyingi avlodidan bo‘lgan shaxs ismi;

Masalan, Ibrohim (a.s.) odatda Abu Ishoq (Ishoqning otasi) yoki Abu Yaʼqub (Yaʼqubning otasi) deb nomlangan.

Kunya biror istalgan sifatga nisbatan majoz bo‘lishi mumkin, masalan, Abu-l-Fazl (أبو الفضل — „Fazilat otasi“) yoki Abu-l-Xayr (أبو الخير — „Yaxshilik otasi“) va hokazo.

Baʼzan „abu“ so‘zi qo‘shilgan birikma laqab sifatida qo‘llaniladi: insonning shaxsiy xususiyatiga bog‘liq holda, masalan, Abu-d-Davoniq (أبو الدوانق) — „Qiymatsizlik (qadrsizlik) otasi“ (دوانق — „mayda pul“, „chaqa“). Bu sifat ziqnaligi bilan tanilgan abbosiylar xalifasi al-Mansurga nisba­tan berilgan. Abu Hurayra — mushukcha otasi (هريرة — mushukcha), unga mushuklarni yaxshi ko‘rgani uchun kinoya bilan berilgan kunya. Kamsitish maʼnosidagi, masalan, Abu Jahl (أبو جهل) — „johillik otasi“, yoki biror jismoniy xususiyatni ko‘rsatish uchun, masalan, Abu Shoma (أبو شامة) — „tug‘ma xoli bor odam“ kabi kunyalar ham uchrab turadi.

„Abu“ so‘zining kunyadan tashqari „ega“ maʼnosida qo‘llanish holatlari ham mavjud. Masalan, Abu-n-nazzora — ko‘zoynak egasi (yaʼni ko‘zoynak taqib yuradigan kishi).

„Abu“ so‘zi, shuningdek, turdosh ot sifatida ayrim jonivorlar, o‘simlik­lar yoki ularning mevasiga nisbatan birikma shaklida qo‘llanadi, masalan, sher — abu foris (أبو فارس), xo‘roz — abu-l-yaqzon (أبو اليقظان), uzun tumshug‘li o‘rmon loyxo‘ragi — abu misalla (أبو مسلة) yoki abu minqor (أبو منقار), sakrash odatiga ko‘ra, burga — abu-l-vassob (أبو الوثّاب) deb nomlangan; o‘simliklardan chilibuxa achchiqliqligi tufayli abu zaʼqa (أبو زعقة), kashtan mevasi po‘sti mo‘ynaga o‘xshash bo‘lgani uchun abu farva (أبو فروة) deyilgan va hokazo. Jonsiz narsalar nomini yasaydi, masalan, abu riyoh — shamol otasi (yaʼni qaysi tomondan shamol esayotganligini ko‘rsatuvchi temir parrak — flyuger).

Shuningdek, „abu“ haqiqiy maʼnosini butunlay yo‘qotib, zu/zat (ذو/ذات ..ga ega odam)ga sinonim bo‘ladi. Masalan, yumor tariqasida (abu lihya/abu lahya — „soqolli odam“, yoki evfemizm (yomon) abu-l-basir — ko‘r odam va hokazo) usulida odam, hayvon yoki biror narsaning o‘ziga xosligini ko‘rsatib beradigan ifodali nom yasaydi.

Bu so‘z vositasida Sfinks haykali — Abu-l-havl va Abu Qubays — tog‘ nomi kabi toponimlar ham yasaladi.

Ko‘pgina adabiy so‘z va atamalar qato­ri „Abu“ so‘zi ham o‘zbek adabiy tilida IX-X asrlardan boshlab turkiy so‘z va atamalar bilan yonma-yon, goh ularning o‘rnida qo‘llanila boshlangan. Masalan, Alisher Navoiy quyidagi sheʼriy baytida „bobo“ so‘zi o‘rnida arabcha „jadd“ va „ota“ so‘zi o‘rnida „ab“ so‘zini qo‘llagan[1].

Degach abjad, boshig‘a uyrulurlar -

Qamar birla quyosh, yaʼni jadu ab.

2. Qadimiy turkiy tilidagi ko‘makchilardan biri. Yozuvda ikkinchi harf „b“ yozilsa ham, talaffuzda „p“ aytiladi; „ap ezgu“ („juda yaxshi“), „ap ak“ („oppoq“)[2].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ibn Manzur. Lisān al-’arab;
  2. A. J. Wensinck. „Kunya“ EI2 (Ing.). V, 396-397;
  3. Al-Jahiz. Bayān. 342;
  4. Mahmud Qoshg‘ariy. Devonu lug‘otit turk. — T.: 1960. I, 70; O‘zME. — T.: 2000. I, 13.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4. 
  2. „Ibrohim alayhissalom“.