Evfemizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Evfemizm (yun. yeirpegsha — yumshoq ifodalash) — soʻzlovchiga aytish noqulay, nooʻrin yoki qoʻpol tuyulgan soʻz va iboralarning sinonimi sifatida paydo boʻlgan soʻzlar. E. salbiy voqelikni atashdan qochish, shunday voqelikning salbiy taʼsirini yumshatish uchun xizmat qilib, kishining izzatnafsiga tegadigan, unga malol keladigan, hurmatsizlik ifodalaydigan, axloqiy meʼyorlarga zid keladigan holatlarning yoki toʻgʻridantoʻgʻri aytish mumkin boʻlmagan maxfiy voqeliklarning salbiy taʼsirini kamaytirish, ularni yashirish, berkitish; noxush xabarni beozorroq, yumshoqroq shaklda yetkazish, ifodalash uchun ishlatiladi. Mas, oʻldi deyish oʻrniga olamdan oʻtdi, koʻz yumdi, vafot etdi; tugʻdi deyish oʻrniga koʻzi yoridi, yengillashdi kabi iboralardan foydalanish. Tilda E.ning qoʻllanishi tabu hodisasi bilan bogʻliq holda tarixiyetnografik hodisa sifatida shakllangan. E. xalqlardagi urf-odat, madaniy saviyaning darajasi, estetik did va etnik meʼyorlarning rivojlanishi bilan bogʻliq. Tilning taraqqiyoti bilan uning evfemistik qatlami ham rivojlanadi. Yangicha axloqodob, yangicha dunyoqarash meʼyorlari asosida E.ning yangi yangi shakllari yuzaga keladi. Tilda muayyan nutq vaziyati talabi bilan vujudga kelgan E. ham mavjudki, ularning maʼnosi koʻpincha matn orqali oydinlashadi. Mas, "Raʼnoni egasiga topshirmagunimizcha, — dedi Nigor oyim, — quyilmaydiganga oʻxshaydi" (A. Qodiriy) jumlasida nutq odobi nuqtai nazaridan erga bermoq iborasi oʻrnida egasiga topshirmoq shaklidagi E. qoʻllangan. E. ilmiy va rasmiy uslublarda keng qoʻllanadi.

Ad.\ Shomaqsudov A., Rasulov I., Qoʻngʻurov R., Rustamov H., Oʻzbek tili stilistikasi, T., 1983; Omonturdiyev A., Oʻzbek nutqining evfemik asoslari, T., 2000. Neʼmat Mahkamov.