Onsilla

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Onsilla
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Hayvonlar
Tip: Xordalilar
Sinf: Sut emizuvchilar
Turkum: Yirtqichlar
Oila: Mushuksimonlar
Turlari: Onsilla
Binar nomi
Leopardus tigrinus
(Schreber, 1775[1])

Onsilla (Leopardus tigrinus) – mushuksimonlar oilasiga mansub yirtqich sutemizuvchi turi.

Tashqi koʻrinishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu yovvoyi mushukning nomi „kichik yaguar“ deb tarjima qilinadi, chunki uning tuzilishi va rangi haqiqatan ham kichik yaguarga oʻxshab ketadi. Bundan tashqari, Onsilla neotropik mushuklarning eng kichigidir; hajmi boʻyicha hatto otselot va margay kabi qarindoshlaridan ham kichikroq[2]. Onsilla oddiy uy mushugidan kichik; erkagining massasi taxminan 2,8-3 kg, tana uzunligi 65 sm gacha yetadi. Onsillaning dumi qisqaroq (30-40 sm), koʻzlari va quloqlari Leopardus urgʻiga mansub boshqa vakillarnkiga nisbatan kattaroqdir[3][4].

Onsillaning moʻynasi yumshoq va qisqa. Moʻynali terisining rangi sargʻish, qorni va koʻkragi oq rangda, yuzida koʻrinar-koʻrinmas dogʻlar mavjud. Orqa va yon sohalari uzunasiga joylashgan halqaga oʻxshash va tartibsiz shakldagi qora dogʻlardan iborat. Dogʻlar uzluksiz boʻlib, alohida boʻlinmaydi. Dumi koʻndalang qora dogʻlar bilan qoplangan. Quloqlari yumaloq, tashqi tomoni qora, oʻrtasida oq nuqtasi bor. Melanistik mushuklar keng tarqalgan; ularning soni butun populyatsiyaning 1/5 qismiga toʻgʻri keladi.

Tarqalishi va kenja turlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Onsilla Kosta-Rika va shimoliy Panamadan Braziliya janubi-sharqigacha va Argentina shimolida tarqalgan. Uning Amazonda uchratilgani haqida hech qanday maʼlumot mavjud emas; onsillaning tarqalish diapazoni togʻli va subtropik oʻrmonlar bilan cheklangan.

Onsillaning teri rangi va tashqi koʻrinishi bilan ajralib turuvchi 3-4 ta kenja turi maʼlum:

Yashash tarzi va oziqlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Onsillalar subtropik oʻrmonlarda yashaydi. Dengiz sathidan 3000 m balandlikdagi nam doimiy yashil va togʻli bulutli oʻrmonlarni afzal koʻradi. Shuningdek, Venesuelaning quruq oʻrmonlarida, tashlab ketilgan evkalipt plantatsiyalarida va tozalangan oʻrmonli hududlarda, shu jumladan aholi punktlari yaqinida ham topilgan.

Onsilla – deyarli oʻrganilmagan tur. Koʻrinishidan, yolgʻiz yashaydi, asosan tunda faol boʻladi va kunduzi daraxtlarning shoxlarida dam oladi, chunki moʻynasi rangi uni koʻrinmas hayvonga aylantiradi. Mayda kemiruvchilar, qushlar, zaharsiz ilonlar va daraxt qurbaqalarini ovlaydi. Braziliyada, onsillalar kichik primatlarni tutishi haqida xabar berilgan.

Koʻpayishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tabiatda onsillalarning koʻpayishi haqida hech narsa maʼlum emas; ular haqidagi barcha maʼlumotlar tutuqunlikdagi hayvonlarni kuzatishga asoslangan. Urgʻochilarda homiladorlik 74-78 kun davom etadi.1-2 ta gacha mushukcha tugʻilib, ularning koʻzlari uchinchi haftada ochiladi. 1-2 yoshda yosh onsillalar balogʻat yoshiga yetadi.

Tutqunlikda umr koʻrish davomiyligi 20 yilgacha; tabiatda – 12-15 yil.

Populyatsiyaning holati va saqlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Onsillalar keng tarqalgan, ammo insonlarga juda kam uchraydi. 1970—1980-yillarda chiroyli moʻynalari tufayli ular ov nishoniga aylangan va shu davrda oʻn minglab mushuklar tutilgan. Birgina 1983-yilda brakonerlardan 84 ming dona onsilla terisi musodara qilingan. Onsillalarning hozirgi populyatsiyasi taxminan 50 000 ta deb baholanmoqda, ammo bu raqam qahva plantatsiyalari uchun oʻrmonlarni kesish va brakonerlik tufayli asta-sekin kamayib bormoqda.

Endilikda onsillalarni ovlash ular yashaydigan koʻp hududlarida taqiqlangan, ammo Ekvador, Gayana, Nikaragua, Panama va Peruda himoyalanmagan. 1989-yilda CITES (Yovvoyi hayvonlar va oʻsimliklar savdosi boʻyicha xalqaro konvensiya) I ilovasida onsillani roʻyxatiga kiritgan.

Tutqunlikda yaxshi oʻrganilgan, ammo Yevropa hayvonot bogʻlarida kam uchraydi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Mammal Species of the World: A Taxonomic and Geographic Reference — 539 bet. 14000114. 
  2. Leyhausen, P. (1963). "Über südamerikanische Pardelkatzen". Zeitschrift für Tierpsychologie 20 (5): 627–640. doi:10.1111/j.1439-0310.1963.tb01179.x. 
  3. Sunquist, M.; Sunquist, F. „Oncilla Leopardus tigrinus (Schreber, 1775)“,. Wild Cats of the World. Chicago: University of Chicago Press, 2002 — 130–134 bet. ISBN 0-226-77999-8. 
  4. University of Michigan Museum of Zoology

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]